Logo

Guvohnomasidan ayrilishi mumkin bo‘lgan 671 haydovchi, imtihondan ozod etilgan 13 ming abituriyent va Toshkent metrosining yangi poyezdlari — 13-iyul dayjesti

Кеча 23:303 дақиқа

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Guvohnomasidan ayrilishi mumkin bo‘lgan 671 haydovchi, imtihondan ozod etilgan 13 ming abituriyent va Toshkent metrosining yangi poyezdlari — 13-iyul dayjesti

13 mingga yaqin abituriyent test sinovlaridan ozod qilindi

Joriy yilda barcha fanlardan milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan 12 ming 997 nafar abituriyent test sinovlaridan ozod qilinib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri tanlov bosqichiga o‘tkazildi. Ularga test topshirish talab etilmaydi va «Abituriyent ruxsatnomasi» ham shakllantirilmaydi. Taqqoslash uchun, 2025 yilda bunday imkoniyatdan 678 nafar abituriyent foydalangan.

Bu yil oliy ta’lim muassasalariga jami 677 ming 907 nafar abituriyent hujjat topshirgan. Test sinovlarini o‘tkazish uchun 64 ta yirik bino tayyorlangan bo‘lib, ularda bir kunda 70 ming 980 nafar abituriyent imtihon topshiradi.

O‘zbekistondagi anomal issiq sabab bog‘chalar ma’lum muddat yopilishi mumkin

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ma’lum qilishicha, 13–17-iyul kunlari kuzatiladigan anomal issiq tufayli ayrim hududlardagi maktabgacha ta’lim muassasalari vaqtincha yopilishi mumkin. Bu bo‘yicha qarorlar hududlardagi havo haroratidan kelib chiqib, hokimliklar, Sanepidqo‘mita va «O‘zgidromet» tavsiyalari asosida qabul qilinadi.

Bu barcha bog‘chalar faoliyati to‘xtatiladi degani emas. O‘zbekistonning katta qismida havo harorati +38...+41 daraja, ayrim hududlarda esa +42...+44 darajagacha ko‘tarilishi kutilmoqda. Qoraqalpog‘istonning qator shahar va tumanlarida hamda Xorazmda ekstremal issiq sabab bog‘chalar faoliyati bir necha kunga to‘xtatilgan.

O‘zbekistonda 1,5 milliard tonna temir ruda zaxirasi bor — Shavkat Mirziyoyev

Prezident Shavkat Mirziyoyevning ma’lum qilishicha, O‘zbekistonda 1,5 mlrd tonna temir ruda zaxirasi mavjud. «Surun-ota» konidan yiliga 650 ming tonna temir xomashyosini olish bo‘yicha xitoylik hamkorlar bilan kelishuvga erishilgan bo‘lib, temir konsentrati 2027 yildan boshlab «O‘zmetkombinat»ga yetkazib berilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, Tojikistondan yiliga 700 ming tonna temir xomashyosi sotib olish bo‘yicha memorandum imzolangan. Prezident «Tebinbuloq» konini 3–4 yil ichida ishga tushirish, xususiy korxonalarni xomashyo bilan ta’minlash uchun alohida kompaniya tashkil etish va unga 200 mln dollar ajratish bo‘yicha topshiriq berdi.

Jarima ballari 12 baldan oshgan haydovchilar soni 671 nafarga yetdi

O‘zbekistonda yo‘l harakati qoidalarini buzgani uchun 12 balldan ortiq jarima to‘plagan haydovchilar soni 671 nafarga yetdi. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, bunday haydovchilar sud qarori bilan transport vositasini boshqarish huquqidan kamida olti oyga mahrum qilinishi mumkin.

Shuningdek, hisobot davrida Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati 399 mingdan ortiq fuqaroga ma’muriy ogohlantirish bergan. Eng ko‘p qoidabuzarliklar xavfsizlik kamarini taqmaslik, rulda telefondan foydalanish, tezlikni oshirish hamda to‘xtash va to‘xtab turish qoidalarini buzish bilan bog‘liq bo‘lgan.

Toshkent metrosiga yana 3 ta yangi poyezd olib kelindi

Toshkent metropoliteniga yana 3 ta zamonaviy to‘rt vagonli harakat tarkibi olib kelindi. Yangi poyezdlar poyezdlar harakati intervalini qisqartirish, yo‘lovchilarga ko‘rsatilayotgan xizmat sifatini yaxshilash hamda eski harakat tarkiblarini bosqichma-bosqich almashtirish imkonini beradi.

Metropoliten ma’lumotiga ko‘ra, 2026 yil oxiriga qadar yana 11 ta zamonaviy harakat tarkibini olib kelish rejalashtirilgan. Bu poyezdlar sonini oshirish, harakat jadvalini barqarorlashtirish va yo‘lovchilar oqimiga samarali xizmat ko‘rsatishga xizmat qiladi.

Теглар

Мавзуга оид