Logo

Har biriga mehribon oila izlab — «Mehr» boshpanasi hayotidan

Бугун 16:556 дақиқа

Click «G‘amxo‘r Click» loyihasining «Yaxshilik g‘amxo‘rlikdan boshlanadi» kampaniyasi doirasida O‘zbekistondagi hayvonlar boshpanalari haqida hikoya qilishda davom etadi. Bu gal “Mehr” boshpanasi bilan tanishamiz. Bu yerga itlar turli sabablar bilan kelib qolgan: ayrimlari qarovsiz hayvonlarni tutish xizmatidan olib kelingan, boshqalari shafqatsiz munosabatdan aziyat chekkan yoki egasiz qolgan. Endi ularga xodimlar va ko‘ngillilar g‘amxo‘rlik qilmoqda. Jamoa ularning ko‘pchiligiga yangi oila izlashni davom ettirmoqda.

Har biriga mehribon oila izlab — «Mehr» boshpanasi hayotidan

Har tong olti qozon ovqat

“Mehr”da ish kuni erta boshlanadi. Oshpaz mavsumga qarab, tonggi soat uch bilan olti oralig‘ida oshxonaga keladi. Yozda ishga ertaroq kirishiladi: tayyor ovqat itlarga berilguncha sovib ulgurishi kerak.

Har kuni bu yerda har biri 250 litrli oltita qozonda qariyb bir yarim tonna bo‘tqa pishiriladi. Unga yorma, go‘sht mahsulotlari va sabzavotlar solinadi. Itlarning ehtiyojiga qarab ovqat ham turlicha tayyorlanadi. Kuchukchalar, emizikli va nimjon itlar, shuningdek, operatsiyadan keyin tiklanayotgan jonivorlar uchun alohida ovqat pishiriladi. Ba’zilariga ko‘proq go‘sht qo‘shiladi, jag‘i jarohatlanganlar uchun ovqat maydalanadi, ayrimlariga esa maxsus ozuqa kerak bo‘ladi.

Ovqat tayyor bo‘lgach, qarovchilar va davolash bo‘limi xodimlari uni volyerlarga tarqatadi. Barcha itlarni ovqatlantirishga qariyb ikki soat ketadi. Shundan so‘ng hududni tozalash, idishlardagi suvni yangilash, zarur muolajalarni bajarish va jonivorlarni sayrga olib chiqish kerak.

“Mehr” jamoasi har bir itni yaxshi taniydi

Boshpana 2021-yil 1-avgustda ochilgan. Jamoa boshidanoq hayvonlarni o‘z imkoniyatiga qarab qabul qilishga qaror qilgan. Har biriga munosib sharoit va kerakli parvarish ta’minlanishi lozim. Shu sababli yangi itlar faqat bunga imkon bo‘lgandagina qabul qilinadi.

«Qaramog‘imizdagi har bir jonivor uchun javobgarmiz. Ularning yashash sharoiti yomonlashishiga yo‘l qo‘ya olmaymiz», — deya tushuntiradi “Mehr” jamoasi.

Hozir boshpanada ikki nafar doimiy veterinar, qarovchilar, oshpazlar, qo‘riqchilar va ma’muriy xodimlar ishlaydi. Har kimning o‘z vazifasi bor, lekin ko‘pincha bir-birining ishiga ham yordam berishga to‘g‘ri keladi.

1

«Ba’zan direktor va qo‘riqchilar qurilish ishlariga bosh-qosh bo‘ladi, oshpazlar esa hamshiralik ham qiladi», — deydi jamoa.

Xodimlar itlarning odatlarini yaxshi biladi. Qaysilari bir-biri bilan chiqishishini, qaysilari kelisha olmasligini, qaysi biri kamroq ovqat yeyotgani yoki ozib qolganini payqashadi. Masalan, itning ozib ketishiga kuchliroq sherigi uni ovqat idishiga yaqinlashtirmayotgani sabab bo‘lishi mumkin. Bunday vaziyatda birga saqlanadigan itlar bir-biriga mosligiga qarab qayta joylashtiriladi va yashash sharoiti o‘zgartiriladi.

Boshpanaga ko‘ngillilar ham kelib turadi. Ular itlarni sayr qildiradi, ular bilan o‘ynaydi, shunchaki yonlarida bo‘lib, vaqt ajratadi. Ilgari odamlardan qo‘rqqan jonivorlar uchun bunday uchrashuvlar ayniqsa muhim.

Petya uzoq vaqt volyerdan chiqishdan qo‘rqqan

Petya “Mehr”ga Nazarbekdagi qarovsiz hayvonlarni tutish xizmatidan olib kelingan. U juda qo‘rqib qolgan, uzoq vaqt volyerini tark etishga jur’at qilolmagan. Bir yarim yil davomida undan bor-yo‘g‘i uch–besh metr uzoqlashgan, xolos.

Xodimlar va kinologlar Petya bilan o‘n oy davomida ishlashgan. Asta-sekin u o‘zi ko‘nikkan hududdan tashqariga chiqishni boshlagan. Hozir esa xotirjam sayr qiladi.

Endi jamoa unga yangi ega izlamoqda. Petya yangi hayotiga hali to‘liq ko‘nikmagan bo‘lsa-da, ancha dadillashgan. Unga moslashish uchun vaqt beradigan, shoshirmaydigan inson kerak.

Mila o‘z oilasini uch yarim yil kutgan

Mila “Mehr”ga kelganida hali yetti–sakkiz oylik kuchukcha edi. Boshiga tekkan zarbadan keyin u ko‘rmay qolgan. Jamoa bir necha shifokorga murojaat qilgan, ammo uning ko‘rish qobiliyatini tiklashning imkoni bo‘lmagan.

Mila boshpanada ulg‘aygan, boshqa itlar bilan do‘stlashgan, hatto hovuzda suzishni ham yaxshi ko‘rib qolgan. Boshidan kechirganlariga qaramay, u odamlarga mehr qo‘yishdan, ularga ishonishdan to‘xtamagan. Xodimlar va ko‘ngillilar Mila haqida hikoya qilib, ko‘zi ojiz itga o‘z uyidan joy berishga tayyor insonlarni izlashda davom etgan.

2

Uch yarim yildan so‘ng Mila nihoyat o‘z uyini topgan. Uni ko‘ngilli Nargiza Moskvadagi uyiga olib ketgan.

«Mila uch yarim yil kutdi va kutganiga yetdi. Endi biror itga oila topishning iloji yo‘qdek tuyulsa, Milani eslaymiz», — deydi “Mehr” jamoasi.

Pyer hali ham kutmoqda

3

Pyerning boshpanada yashayotganiga besh yil bo‘ldi. Ko‘ngillilar uni juda yaxshi ko‘radi, lekin unga hali ega topilmagan.

Jamoaning aytishicha, Pyer vazmin, aqlli va mehribon it. Odamning yonida bo‘lishni yoqtiradi, lekin doimiy e’tibor talab qilmaydi. U yolg‘iz yashaydigan inson uchun ham, oila uchun ham yaxshi hamroh bo‘la oladi.

Unga oila topilguncha xodimlar va ko‘ngillilar g‘amxo‘rlik qilishda davom etmoqda: ovqatlantiradi, sayrga olib chiqadi, sog‘lig‘ini kuzatadi. Shu bilan birga, har bir jonivorga vaqt ajratishga harakat qiladi.

Boshpanani saqlashga qancha mablag‘ ketadi?

Jamoaning hisob-kitobiga ko‘ra, oddiy kunlarda faqat itlarning ovqati va dori-darmoniga 2,6–2,8 million so‘m sarflanadi. Qishda bu xarajatlar kuniga 3,6–3,8 million so‘mgacha oshadi. Bu paytda ko‘proq ozuqa va dori-darmon, volyerlar uchun esa pichan kerak bo‘ladi.

Bundan tashqari, muntazam ravishda vaksinalar va parazitlarga qarshi vositalar xarid qilish, volyerlarni ta’mirlash hamda boshqa zarur buyumlarni olish kerak.

“Mehr”ning asosiy tayanchi — ehsonlar. Ozuqa uchun mablag‘ doimiy ravishda yig‘iladi, ammo yig‘ilgan pul har doim ham yetavermaydi. Bunday paytlarda xodimlar va boshpananing do‘stlari yetishmagan qismini o‘z mablag‘idan qoplaydi.

Hozir boshpanaga ayniqsa quyidagilar zarur:

  • quruq ozuqa — qishda itlarga ko‘proq ovqat kerak bo‘ladi;

  • «Simparica» va «Bravecto» preparatlari;

  • har yili qayta emlash uchun «Multikan-4» vaksinasidan 1 700 doza.

Jamoaning hisob-kitobiga ko‘ra, boshpananing qishdagi ehtiyojlarini qoplash, avvalo, ozuqa xarid qilish uchun 150 million so‘m zarur.

Click orqali “Mehr”ga yordam berish

Boshpanadagi itlarga Click SuperApp orqali yordam berish mumkin:

  1. «To‘lov» → «Xayriya» bo‘limiga kiring.

  2. “Mehr” boshpanasini tanlang.

  3. Ehson miqdorini kiriting va to‘lovni tasdiqlang.

Yig‘ilgan mablag‘ ozuqa va dori-darmon xarid qilishga, davolash xarajatlarini qoplashga hamda itlarning kundalik ehtiyojlarini ta’minlashga sarflanadi. Boshpanaga muntazam yordam berish ham mumkin — jonivorlarni boqish va parvarishlash har kuni xarajat talab qiladi.

«Santa Lapus»: bir jonivorning orzusini ushaltirish

“Mehr”ning har yilgi «Santa Lapus» yangi yil aksiyasi 1-dekabrda boshlanadi. Istalgan kishi boshpanadagi itlardan birining Yashirin Santasi bo‘lib, unga sovg‘a tayyorlashi mumkin.

Boshpanada Elflar va Parilar deb ataladigan ko‘ngillilar itlarga Qorboboga xat «yozishda» yordam beradi. Xatlarda mazali yeguliklar, issiq to‘shaklar va o‘yinchoqlar so‘raladi. Itlarning barchasini birlashtiradigan eng katta tilak esa — o‘z uyini topish.

Aksiya ishtirokchisi itning surati va xatini oladi, so‘ng uning yangi yil tilagini amalga oshirishi mumkin.

4

Besh yil ichida «Santa Lapus» aksiyasida turli mamlakatlardan qariyb ming kishi qatnashgan. O‘tgan yili boshpanadagi barcha itlarga bayramona yeguliklar ulashilgan. Xodimlar va ko‘ngillilar ayozda bir necha soat davomida qariyb yuz kilogramm konserva va quruq ozuqani aralashtirib, so‘ng barcha jonivorlarga tarqatgan.

Ba’zi ishtirokchilar uchun bu tanishuv bayram bilan tugamaydi. Kimdir o‘sha itga yordam berishda davom etadi, kimdir esa uni homiylikka oladi.

Itni uyga olib ketolmasangiz ham, unga yordam bera olasiz

“Mehr”da homiylik dasturi ham bor. U orqali biror itni tanlab, uni uyga olib ketishning hozircha imkoni bo‘lmasa ham, parvarishi uchun muntazam yordam berish mumkin.

Sog‘lom it uchun oylik homiylik badali 300 ming so‘mni tashkil etadi. Homiy sertifikat oladi. Har oy esa unga qaramog‘idagi itdan video orqali salom yuboriladi. Boshpanaga kelib, u bilan sayr qilish, sovg‘alar olib kelish va parvarishida yordam berish ham mumkin.

5

Boshpanaga bora olmasangiz, masofadan turib ham yordam berishingiz mumkin. “Mehr” jamoasi itlar haqida ma’lumot beradi va qaysi jonivorga homiy bo‘lishni tanlashga yordam beradi.

Yashirin Santa bo‘lish, homiylik dasturiga qo‘shilish yoki yordam berishning boshqa usullari haqida bilish uchun boshpana operatoriga Telegram orqali yozing: @mehr_operator.

“Mehr” jamoasi qaramog‘idagi itlarga oila izlashda davom etmoqda. Balki ushbu maqolani o‘qiganlar orasida Petya yoki Pyer shuncha vaqtdan beri kutayotgan inson ham bordir.

Reklama

 

Теглар

Мавзуга оид