Hegset va shubhali investitsiyalar: urush oldidan millionlab dollarlik harakatlar

Urush oldidan yirik sarmoyalar va bozordagi g‘alati harakatlar — FT tekshiruvi nimani ko‘rsatdi? AQSH harbiy idorasi bu voqeani «to‘liq yolg‘on va o‘ylab topilgan» deb atadi.

Hegset va shubhali investitsiyalar: urush oldidan millionlab dollarlik harakatlar

AQSH mudofaa vaziri Pit Hegsetning brokeri Amerika–Isroil tomonidan Eronga qarshi zarba berilmasidan bir necha hafta oldin yetakchi mudofaa kompaniyalariga yirik investitsiyalar kiritishga uringan, deb xabar berdi «Financial Times(FT)» manbalarga tayanib.

Nashrning qayd etishicha, bu ma’lumotlar Donald Trampning muhim siyosiy qarorlari arafasida shubhali darajada o‘z vaqtida amalga oshirilgan investitsiyalar bo‘yicha e’tibor kuchaygan bir paytda e’lon qilingan.

Hegsetning brokeri birja fondi va sarmoya kompaniyasiga aloqaga chiqqan

«FT» materialida uch manbaga tayanib xabar berilishicha, 2026-yil fevral oyida, AQSHning Eronga hujumi arafasida, Hegsetning «Morgan Stanley»dagi brokeri «BlackRock» investitsiya kompaniyasi bilan uning «Defense Industrials Active» birja fondi (ETF)ga ko‘p millionli sarmoya kiritish imkoniyatini muhokama qilish uchun aloqaga chiqqan. Ushbu fondning yirik aktivlari qatoriga jang ma’lumotlarini tahlil qilish yechimlarini taqdim etuvchi «Palantir Technologies», shuningdek, mudofaa konglomeratlari «RTX Corporation», «Lockheed Martin» va «Northrop Grumman» kiradi. Bu kompaniyalar uchun Pentagon asosiy buyurtmachi hisoblanadi.

«FT» ma’lumotiga ko‘ra, bitim yakunda amalga oshmagan, chunki 2025-yil may oyida ishga tushirilgan mazkur «ETF» aksiyalari o‘sha paytda hali «Morgan Stanley» mijozlari uchun sotib olishga mavjud emas edi. Gazeta broker Hegset nomidan investitsiya qarorlarini qabul qilishda qanchalik mustaqil bo‘lgani, shuningdek, vazirning o‘zi bu harakatlardan xabardor bo‘lgan-bo‘lmaganiga aniqlik kiritmagan. «BlackRock» va «Morgan Stanley» izoh berishdan bosh tortgan.

Pentagon rasmiy vakili Shon Parnell «X» ijtimoiy tarmog‘ida bu voqeani «to‘liq yolg‘on va o‘ylab topilgan» deb atab, raddiya talab qildi.

«Na vazir Hegset, na uning vakillaridan birortasi bunday investitsiyalar yuzasidan «BlackRock»ga murojaat qilgan», – deya ta’kidladi Parnell.

Pentagonning hozirgi rahbari nimasi bilan mashhur?

Hegset – «Fox News»ning sobiq telesharhlovchisi – Eronga qarshi urush g‘oyasining asosiy tarafdorlaridan biri hisoblanadi. U Donald Tramp ma’muriyatida Islom Respublikasiga qarshi harbiy kampaniyaning eng faol qo‘llab-quvvatlovchilaridan biri sifatida ko‘p marotaba chiqish qilgan va AQSHning harbiy qudratini namoyon etishni ta’kidlab kelgan, deb yozadi «Financial Times». Nashr qayd etishicha, Tramp avvalroq Hegsetni milliy xavfsizlik masalalari bilan shug‘ullanuvchi atrofidagi shaxslar orasida urushni boshlashni birinchi bo‘lib lobbi qilgan inson sifatida tilga olgan.

Tramp davridagi g‘ayrioddiy stavkalar

«Reuters» 30-mart kuni moliya bozorlari va prognoz platformalari «Polymarket» va «Kalshi»dagi yuqori daromadli operatsiyalar seriyasiga e’tibor qaratdi. Ushbu operatsiyalar AQSHning amaldagi prezidenti Donald Trampning kutilmagan qarorlaridan oldin sodir bo‘lgan va ehtimol Oq uydan ma’lumotlar sizib chiqishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin:

— Neft bozori (2026-yil mart): Tramp Eronning energetika infratuzilmasiga zarbalarni besh kunga kechiktirishini e’lon qilishidan biroz oldin, noma’lum shaxslar bir daqiqa ichida «Brent» va «WTI» neft fyucherslarida 500 mln dollarlik pozitsiyalar ochgan. E’londan keyin neft narxlari 15 foizga tushib ketgan.

— G‘aznachilik obligatsiyalari va prognoz bozorlari (2026-yil fevral): Eronning sobiq oliy rahbari Ali Xomanaiy aviahujum oqibatida o‘ldirilishidan oldin, treyderlar «Polymarket» va «Kalshi» platformalarida uning tez orada lavozimdan ketishiga yirik stavkalar qilgan. Shu bilan birga, qarz bozorida kapitalning «himoya aktivlari»ga noodatiy oqimi kuzatilgan: kutilgandan yuqori inflatsiyaga qaramay, 27-fevral kuni investorlar 10 yillik AQSH davlat obligatsiyalarini ommaviy ravishda sotib olgan.

— Venesuela keysi (2026-yil yanvar): Noma’lum treyder «Polymarket»da Venesuela prezidenti Nikolas Maduroni hokimiyatdan chetlatishga oid kontraktlarni oldindan sotib olib, taxminan 410 ming dollar foyda qilgan. Bozor bunday ssenariy ehtimolini past baholagan, ammo 3-yanvar kuni Karakasda AQSH maxsus operatsiyasi haqidagi xabarlardan keyin kontraktlar qiymati keskin oshib ketgan.

— Opsionlar bozori (2025-yil aprel): Tramp bojlarni to‘xtatish haqida bayonot berishidan bir necha daqiqa oldin noma’lum treyderlar AQSH fond bozorining o‘sishiga doir koll-opsionlarga 2,14 mln dollar sarmoya kiritgan. «S&P 500» indeksi 9,5 foizga o‘sganidan keyin ular 21 mln dollardan ortiq «qog‘ozdagi» foyda qayd etgan.

Mudofaa aksiyalari bilan nima bo‘ldi?

Eronda urush boshlangan 28-fevraldan buyon Yevropadagi qurol ishlab chiqaruvchilar aksiyalari indeksi «STOXX Europe Targeted Defence» 10 foizdan ortiqka pasaygan. Shu davrda AQSHdagi «Dow Jones U.S. Aerospace & Defense» indeksi yo‘qotishlari 13 foizdan oshib ketgan.

«Reuters»ning yozishicha, bu holat investorlarning pozitsiyalari haddan tashqari «yuklanib ketgani» bilan izohlanadi. Kuchli bozor silkinishlari paytida investitsiya fondlari risklarni tez kamaytirish va naqd pulga chiqish uchun aktivlarni avtomatik ravishda sota boshlaydi. Ular aktivlarni tanlab sotish o‘rniga, portfeldagi barcha pozitsiyalarni mutanosib qisqartiradi. Shu sababli avval eng ko‘p o‘sgan aksiyalar eng katta sotuv bosimiga uchraydi.

Bu esa geosiyosiy mojarolardan eng katta foyda olishi kerak bo‘lgan mudofaa sektori aksiyalari nega paradoksal ravishda Eron urushi davrida tushib ketganini tushuntirib beradi, deb qayd etadi agentlik.

Теглар

Мавзуга оид