Logo

Hindistonda yetishtirib keltiriladigan go‘sht, hech kim bo‘yniga olmagan yo‘l o‘pirilishi va 40 mlrd so‘mga ijaraga berilgan mehmonxona — 3-sentabr dayjesti

Кеча 23:002 дақиқа

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Hindistonda yetishtirib keltiriladigan go‘sht, hech kim bo‘yniga olmagan yo‘l o‘pirilishi va 40 mlrd so‘mga ijaraga berilgan mehmonxona — 3-sentabr dayjesti

O‘zbekiston go‘shtni Hindistonning o‘zida ishlab chiqarib, import qilmoqchi

O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonovning ma’lum qilishicha, mamlakat Hindistonda go‘sht ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yib, uni ichki bozorga import qilishni rejalashtirmoqda.

Hindiston bosh vaziri Narendra Modining O‘zbekistonga tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarga ko‘ra, nisbatan arzon go‘shtni olib kelish maqsadida qo‘shma korxonalar tashkil etilgan bo‘lib, yirik halol mahsulot eksportchisi hisoblangan «Allana Group» kompaniyasi bilan hamkorlikda yirik loyihalar amalga oshirilishi ko‘zda tutilmoqda.

Toshkentda avtomobillar oqimi bir kunda 30 foizga oshdi

2-sentabr — yangi o‘quv yilining birinchi kunida Toshkent ko‘chalarida transport oqimi odatiy ish kuniga nisbatan 30 foizga oshdi. Yo‘l harakatini tashkil etish markazining ma’lum qilishicha, avtomobil yuklamasi keskin ko‘payganiga qaramay, poytaxtda umumiy tirbandlik darajasi 6 balldan oshmagan. Bunday natijaga transport oqimini doimiy kuzatish, Vaziyatlar markazi orqali asosiy chorrahalarni nazorat qilish va svetoforlarni tezkor qayta sozlash orqali erishilgan.

Mutaxassislar real vaqt rejimida yo‘l holatini tahlil qilib, zarur hollarda svetoforning yashil chirog‘ini uzaytirish va tirbandliklarning oldini olish choralarini ko‘rmoqda.

«SQB Tower»dagi mehmonxona yiliga 40 mlrd so‘mga ijaraga olindi


Tashkent City hududida joylashgan Sanoatqurilishbank binosining («SQB Tower») 24–27-qavatlaridagi mehmonxona va B2-qavatdagi kir yuvish xonasi «E-auksion» savdolari orqali 5 yil muddatga ijaraga berildi.

Savdolarda «QBIC-Payments» MCHJ g‘olib bo‘lib, 7 ming kvadrat metrdan ortiq maydon uchun yillik ijara haqini boshlang‘ich 12,1 mlrd so‘mdan qariyb 3,3 baravarga oshirgan holda 39,8 mlrd so‘m taklif qildi.

Prezident yil yakunigacha 230 ming oilani kambag‘allikdan chiqarishni topshirdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 3-sentabr kuni kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Unda viloyat va tuman hokimlariga yil yakuniga qadar 230 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish, shuningdek, sentabr-dekabr oylarida 350 ming kishini doimiy ish bilan ta’minlash hamda yana 1 million aholining daromadini ko‘paytirish majburiyati yuklatildi.

Toshkentda favqulodda vaziyat yuz berdi

Toshkentning Yakkasaroy tumanidagi Glinka ko‘chasida 3-sentabr kuni asfalt yo‘l o‘pirildi. Tarmoqlarda tarqalgan videolarda hodisa oqibatida avtomobillarga shikast yetgani va yo‘l ishdan chiqqanini ko‘rish mumkin. Poytaxt hokimligining ma’lum qilishicha, voqea natijasida bir kishi yengil tan jarohati olgan va unga o‘z vaqtida tez tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

Mazkur holat yuzasidan kommunal xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar ham o‘z munosabatini bildirib, avariya ularning tarmoqlariga tegishli emasligini aytdi. Xususan, «Hududgaz Poytaxt» hududdan yuqori bosimli gaz quvuri o‘tmaganini va gaz sizib chiqishi aniqlanmaganini ta’kidlagan bo‘lsa, Veolia Energy hamda «Toshkent shahar suv ta’minoti» tashkilotlari ham hodisa issiqlik va ichimlik suvi tarmoqlari bilan bog‘liq emasligini ma’lum qildi.

Теглар

Мавзуга оид