Idlibda qurolli to‘qnashuv: Suriya xavfsizlik kuchlari o‘zbekistonliklarni qo‘lga oldi

Бугун 20:091 дақиқа

Vatandoshining ozod etilishini talab qilgan qurolli o‘zbekistonliklar namoyish uyushtirgan.

Idlibda qurolli to‘qnashuv: Suriya xavfsizlik kuchlari o‘zbekistonliklarni qo‘lga oldi

Suriya kuchlari mamlakat shimoli-g‘arbidagi xavfsizlik amaliyoti davomida o‘zbekistonliklarni hibsga oldi. Bu haqda Suriya xavfsizlik xizmatining ikki rasmiylariga tayanib «Reuters» nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, bu hibslar ulardan birining ishtirokidagi nizo hukumat xavfsizlik binosi oldidagi norozilik namoyishlariga aylanib ketganidan so‘ng yuz bergan.

Rasmiylar va mahalliy aholining so‘zlariga ko‘ra, keskinlik Idlib shahrida o‘t ochishda ayblangan o‘zbekistonlikni hokimiyat organlari qo‘lga olmoqchi bo‘lganidan keyin boshlangan. Shundan so‘ng qurollangan boshqa o‘zbekistonliklar uning ozod etilishini talab qilib namoyish uyushtirgan.

Nashrning ta’kidlashicha, hukumat 2011 yildagi fuqarolar urushidan keyin bu yerga jang qilish uchun kelgan xorijliklar ustidan davlat nazoratini o‘rnatishga urinmoqda. Ularning ko‘pchiligi 2016 yilda «Al-Qoida» bilan aloqalarni uzgan prezident Ahmad ash-Sharaa yetakchiligidagi guruh tarkibida yoki u bilan birga jang qilgan.

Ma’lum qilinishicha, xavfsizlik kuchlari Idlib yaqinidagi bir qancha hududlarda, jumladan, Kafriya va al-Fua shaharlarida namoyishda qatnashgan o‘zbekistonliklarni nishonga olgan holda hibsga olish ishlarini olib borgan. Bu shaharlar atrofida harbiy kuchlar joylashtirilgan. Hozircha qancha o‘zbekistonlik hibsga olingani aniq emas.

O‘tgan yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, Suriyada 1500 ga yaqin o‘zbekistonlik bor, ularning ba’zilari oilalari bilan birga.

Теглар

Мавзуга оид