Importi 47 foizga oshdi: O‘zbekiston go‘shtni xorijdan qimmatroq xarid qilmoqda

Qo‘y go‘shti importi 2,3 barobar, kurka go‘shti esa 83 foiz qimmatlashdi. Mol go‘shti uchun ham o‘tgan yilgidan ancha ko‘p to‘lanmoqda.

Importi 47 foizga oshdi: O‘zbekiston go‘shtni xorijdan qimmatroq xarid qilmoqda © Bloomberg

O‘zbekiston 2026 yilning yanvar–may oylarida 394,2 mln dollarlik go‘sht mahsulotlari importini amalga oshirdi. Bu haqda Vaqt.uz'ga Bojxona qo‘mitasi hisobotidan ma’lum bo‘ldi.

Import qiymati 2025 yilning mos davriga nisbatan 47 foizga ko‘paygan. Bunda xorijdan olib kelingan go‘sht mahsulotlarining miqdori 24,1 foizga ko‘payib, 119,7 ming tonnaga yetdi.

1

Eng ko‘p import qilingan go‘sht mahsulotlari orasida mol go‘shti yetakchi bo‘lib turibdi — 59,2 ming tonna. Keyingi o‘rinda 28 ming tonna bilan tovuq go‘shti bormoqda.

Go‘sht qanchadan olib kelinmoqda?

Global notinchlik, logistika sharoitlari murakkablashishi va inflatsiya hisobiga O‘zbekiston go‘sht mahsulotlarini 2025 yilga nisbatan ancha qimmatroq xarid qilmoqda.

Mol go‘shti 2025 yilning dastlabki 5 oyida 1 kg uchun 4,05 dollardan import qilingan bo‘lsa, 2026 yilga kelib bu ko‘rsatkich 4,95 dollarga yetdi.

Mahsulot

2025 ($/kg)

2026 ($/kg)

O‘zgarish

Qoramol go‘shti

4,05

4,95

+22,1%

Tovuq go‘shti

1,18

1,22

+3,0%

Qo‘y go‘shti

1,23

2,84

+132,5%

Go‘sht submahsulotlari

0,89

1,01

+13,1%

Konservalangan go‘sht mahsulotlari

3,37

4,03

+19,3%

Kurka go‘shti

1,47

2,70

+83,2%

O‘rdak go‘shti

2,87

1,72

−40,0%

Kolbasa mahsulotlari

2,51

2,75

+9,5%

Cho‘chqa go‘shti

3,26

2,80

−14,3%

Ot go‘shti

3,17

3,46

+9,1%

Narxlar bo‘yicha eng katta o‘sish qo‘y go‘shtida kuzatildi. O‘zbekiston qo‘y go‘shtini o‘tgan yilga nisbatan 2,3 barobar qimmatroq — 2,84 dollardan import qilmoqda.

May oyiga qadar o‘tgan yilga nisbatan arzonroq xarid qilingan tovuq go‘shti uchun endilikda 3 foiz qimmatroq to‘lanmoqda — 1 kg uchun narx 1,18 dollardan 1,22 dollarga o‘sgan.

Go‘sht yetishtirish sur’ati ham sekinlashmoqda

O‘zbekistonda 2026 yilning birinchi choragida 580,2 ming tonna go‘sht yetishtirildi. Bunda o‘sish ko‘rsatkichi 2,9 foizni tashkil qildi. Yilning dastlabki choragida go‘sht ishlab chiqarishda 3 foizdan pastroq o‘sish 2022 yildan beri kuzatilmagandi.

2

Natijada mamlakat go‘shtga bo‘lgan talabni qondirish uchun qimmatroqqa tushayotgan importga tayanishga to‘g‘ri kelmoqda.

Go‘sht ishlab chiqarish sur’ati sekinlashishi chorva mollari uchun yem narxi oshgani bilan izohlanadi. Shu sabab bilan 2026 yilda aynan dehqon va tomorqa xo‘jaliklarida go‘sht yetishtirish kamaygan.

Bozorda narxlar qanday?

Markaziy bank ma’lum qilishicha, 2025 yil davomida mol go‘shti 23,9 foizga, suyaksiz mol go‘shti 25 foizga, qo‘y go‘shti 26,9 foizga qimmatlagan. 

Biroq, go‘sht narxi bozorlarda 200 ming so‘mgacha, supermarketlarda esa 259 ming so‘mgacha qimmatlagani ma’lum bo‘lgandi.

Aprel oyida esa go‘sht narxi eng ko‘p qimmatlagan mahsulotlar qatoridan joy oldi. Oy davomida qo‘y go‘shti narxi 3,7 foizga, mol go‘shti 3,2 foizga qimmatladi.

1-may holatiga ko‘ra, mol go‘shtining yillik narxi 16,6 foizga, suyaksiz mol go‘shti 17,3 foizga, qo‘y go‘shti esa 20,3 foizga qimmatlagan.

Ichki ishlab chiqarishning sekinlashuvi va global bozordagi narxlar bosimi O‘zbekistonni tobora qimmatroq importga bog‘lab qo‘ymoqda. Bu esa yaqin oylar ichida go‘sht narxlarining barqarorlashishini emas, balki yanada oshishini ehtimoldan xoli qilmaydi.

Теглар

Фозил Қамбаров

Фозил ҚамбаровМақолалар сони: 180

Барчаси

Мавзуга оид