Investorlar e’tibori Pekinda: Tramp–Si uchrashuvi bozorlarga qanday ta’sir qiladi?

AQSH prezidenti Donald Tramp va Xitoy raisi Si Jinpingning 14–15-may kunlari bo‘lib o‘tadigan uchrashuvi global moliya bozorlari diqqat markaziga aylandi. Investorlar texnologiya, aviatsiya va strategik minerallar bo‘yicha ehtimoliy kelishuvlarni kuzatmoqda.

Investorlar e’tibori Pekinda: Tramp–Si uchrashuvi bozorlarga qanday ta’sir qiladi? © AP/Mark Schiefelbein

AQSH prezidenti Donald Trampning Xitoy raisi Si Jinping bilan bugun, 14-may va ertaga, 15-may kunlari bo‘lib o‘tadigan uchrashuvi Amerika fond bozori uchun navbatdagi jiddiy sinov bo‘lishi mumkin, deb yozadi «Bloomberg».

«Piper Sandler» ma’lumotlariga ko‘ra, shu kunlarda «S&P 500» indeksi taxminan 0,7 foiz atrofida tebranishi kutilmoqda. Hozirning o‘zidayoq rahbarlari Tramp delegatsiyasi tarkibida Pekinga yo‘l olayotgan kompaniyalar aksiyalari o‘smoqda. Masalan, «Nvidia» aksiyalari kompaniya rahbari Jensen Huang delegatsiyaga qo‘shilganidan so‘ng kecha, 13-may kuni 2,3 foizga qimmatlashdi. «Micron Technology» va «Qualcomm» aksiyalari mos ravishda 4,8 foiz va 1,4 foizga o‘sdi. «Tesla» kotirovkalari 2,7 foizga, «Boeing» esa 1,6 foizga ko‘tarildi. Bu kompaniyalar rahbarlari ham Xitoyga uchmoqda.

Investorlarning optimizmi – geosiyosiy va inflyatsion xavflarga qaramasdan – tarixiy maksimumlarga chiqqan AQSH bozorini salbiy yangiliklarga nisbatan yanada zaif qilib qo‘ymoqda, deb ogohlantirmoqda «Bloomberg».
Tomonlar tariflar bo‘yicha «tinchlik» muddatini uzaytirish, Eron inqirozini hal etish, shuningdek, aviatsiya, qishloq xo‘jaligi, strategik minerallar va texnologiyalar sohasidagi savdo masalalarini muhokama qilishi kutilmoqda.

«Call-opsionlar savdosi hajmi rekord darajalar yaqinida qolmoqda. Shuning uchun AQSH–Xitoy munosabatlari kontekstida texnologiya va SI-kompaniyalar uchun ijobiy bo‘lmagan har qanday yangilik yoki Eron atrofidagi keskinlikning yana kuchayishi investorlar tomonidan salbiy qabul qilinadi», – dedi «Piper Sandler» opsionlar bo‘limi rahbari Denni Kirsh.

Uning so‘zlariga ko‘ra, savdo urushi bilan bog‘liq yangi tahdidlar aksiyalar ommaviy sotilishiga olib kelishi mumkin.


«Boeing» va uning yetkazib beruvchilari

Xitoy taxminan 500 ta «Boeing 737 Max» samolyotiga buyurtma berishi mumkin, deb avvalroq «Bloomberg» xabar qilgan edi. Sammitda ishtirok etayotgan aviasozlik giganti rahbari Kelli Ortberg bu safarni «muhim imkoniyat» deb atadi.

«Bloomberg Intelligence» tahlilchisi Jorj Ferguson fikricha, bitim e’lon qilinishi ehtimoli juda yuqori.
«Boeing» aksiyalari o‘sish uchun yangi turtki olishi mumkin, garchi buning kompaniya hisobotlariga ta’siri tez orada sezilmasligi ham mumkin», – dedi u.

Fergusonning ta’kidlashicha, «Boeing» samolyotlariga buyurtma amalda «General Electric» dvigatellarini sotib olishni anglatadi. Bu esa RTX tarkibidagi «Collins» bo‘linmasi uskunalariga talabni ham qo‘llab-quvvatlaydi.


Qishloq xo‘jaligi va agrotexnika

Xitoyning Amerika qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotib olish bo‘yicha har qanday majburiyati AQSH fermerlari uchun qo‘llab-quvvatlov bo‘ladi. Ular o‘tgan yilgi savdo urushi davrida Xitoy amerikalik fermerlar mahsulotlarini kamroq xarid qilgani sababli qiyinchiliklarga duch kelgan edi.

«Oppenheimer» tahlilchisi Kristen Ovenning fikricha, bunday yangiliklarga eng kuchli reaksiyani traktor ishlab chiqaruvchi «Deere & Company» va urug‘ yetkazib beruvchi «Corteva» aksiyalari ko‘rsatishi mumkin.
«Bloomberg» manbalariga ko‘ra, xitoylik amaldorlar amerikalik hamkasblari bilan makkajo‘xori va soya kabi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotib olishni muhokama qilmoqda. Biroq geosiyosiy keskinlik har qanday kelishuvni barbod qilishi mumkin.

«Agar bozor kutilmagan salbiy voqeaga duch kelsa, fermerlarga bosim yanada kuchayadi. Ammo qo‘shimcha pasayish xavfi nisbatan cheklangan», – dedi Kristen Oven.

Kritik minerallar

Xitoy noyob yer metallari ustidan nazoratni bosim vositasi sifatida qo‘lladi. Bu esa AQSHni o‘z ta’minot zanjirlarini rivojlantirishga undadi.

Bu metallarni yetkazib berish bo‘yicha har qanday kelishuv «MP Materials» aksiyalari uchun xavf tug‘dirishi mumkin, deb «JPMorgan» tahlilchisi Bill Peterson mijozlarga yo‘llagan qaydnomasida yozgan.
O‘tgan yili AQSH mudofaa vazirligi kompaniya ulushini sotib olganidan keyin uning aksiyalari 100 foizdan ko‘proq qimmatlashgan edi.

AQSH hukumati shuningdek noyob yer metallari ishlab chiqaruvchisi «USA Rare Earth» hamda strategik minerallar bilan ishlaydigan «Lithium Americas» va «Trilogy Metals» kompaniyalariga ham sarmoya kiritgan.


Yarimo‘tkazgichlar

Xitoyning Amerika chiplariga kirish imkoniyati ham muzokaralarning asosiy mavzularidan biri bo‘lishi mumkin.

«Nvidia» allaqachon Xitoyga sun’iy intellekt hisob-kitoblarida ishlatiladigan nisbatan kuchsizroq grafik protsessorlarni yetkazib berish litsenziyasini oldi. «Bloomberg» yozishicha, bu dunyodagi eng yirik chip bozoriga qaytish yo‘lidagi kichik qadam hisoblanadi.

Atlantika kengashi qoshidagi geoiqtisodiyot markazi katta direktori Josh Lipskiyning fikricha, tomonlar noyob yer metallari va yarimo‘tkazgichlarni qamrab oluvchi kelishuvga erishishi mumkin. Biroq uning aytishicha, yangi yirik kelishuvlar o‘rniga mamlakatlar avval berilgan mahsulot yetkazib berish va’dalarini shunchaki tasdiqlab qo‘yishi ham mumkin. Bu holda investorlarga qarorlarning haqiqiy oqibatlarini tushunish uchun vaqt kerak bo‘ladi.

«Nvidia»ning Xitoyga mahsulot sotish imkoniyatlarini yanada kengaytirish amerikalik yarimo‘tkazgich kompaniyalari aksiyalari uchun qo‘shimcha o‘sish drayveriga aylanishi mumkin. Ayni paytda bu sektor aksiyalari rekord darajalarda savdo qilinmoqda.

«Nvidia» prognozlarida hozir Xitoyga sotuvlar nol darajada hisoblangan. Agar bu o‘zgarsa, butun chip sanoatidagi talab istiqbollariga jiddiy ta’sir qiladi», – dedi «Horizon Investments» investitsiyalar bo‘yicha direktori Skot Ladner.

Теглар

Мавзуга оид