Ipoteka subsidiyasi nega ikkilamchi bozorga berilmaydi? Rasmiy izoh berildi

Кеча 20:512 дақиқа

O‘zbekistonda ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiya ajratish mexanizmini takomillashtirish masalalari yuzasidan Iqtisodiyot va moliya vazirligiga senator so‘rovi yuborilgandi. Vazirlik senator so‘roviga javob berdi.

Ipoteka subsidiyasi nega ikkilamchi bozorga berilmaydi? Rasmiy izoh berildi

O‘zbekistonda ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiya ajratish mexanizmini takomillashtirish yuzasidan senator so‘roviga Iqtisodiyot va moliya vazirligi rasmiy javob berdi. So‘rov aholidan kelib tushgan murojaatlar tahlili asosida yuborilgan edi.

Ma’lum bo‘lishicha, 2023–2025 yillarda subsidiya ajratish bo‘yicha ijobiy xulosa berilgan 80 ming fuqarodan 56,7 ming nafariga 4,6 trillion so‘m mablag‘ ajratilgan. Biroq 23,3 ming nafar fuqaro turli sabablarga ko‘ra bu imkoniyatdan foydalana olmagan.

Bu holatga asosan yangi uy-joylar narxining yuqoriligi, subsidiya asosida taklif etilayotgan uylar yetishmasligi va qurilish muddatlarining noaniqligi sabab bo‘lgan.

Shuningdek, ipoteka kreditlari va subsidiya miqdorining cheklangani, ayrim quruvchilarning dasturda ishtirok etmasligi hamda uy-joy narxlarini sun’iy oshirish holatlari aholi imkoniyatlarini cheklamoqda.

Nega ikkilamchi bozorga berilmaydi?

Vazirlik ta’kidlashicha, subsidiya mablag‘larini ikkilamchi uy-joy bozoriga yo‘naltirish iqtisodiy jihatdan samarasiz hisoblanadi. Davlat budjeti mablag‘lari, birinchi navbatda, yangi uylar qurilishini rag‘batlantirish, bandlikni oshirish va iqtisodiyotning real sektorini rivojlantirishga xizmat qilishi lozim.

Shuningdek, subsidiya xabarnomasining amal qilish muddati 12 oydan 4 oyga qisqartirilgan. Bu qaror ko‘proq fuqarolarni qamrab olish va mablag‘lardan samarali foydalanish maqsadida qabul qilingan.

Yangi choralar va o‘zgarishlar

Yangi qurilayotgan uy-joylar bilan bog‘liq muammolarni hal etish uchun 2026 yildan ipoteka omonati tizimi joriy etilishi rejalashtirilgan. Bu mexanizm orqali fuqarolarning uy-joy sotib olish imkoniyatlari kengaytirilishi kutilmoqda.

Shu bilan birga, ipoteka kreditlarining maksimal miqdori 15 foizga oshirildi. Endi Toshkent shahrida 480 mln so‘m, viloyatlarda esa 380 mln so‘mgacha kredit ajratish belgilangan.

Subsidiya ajratish jarayoni to‘liq raqamlashtirilgan bo‘lib, arizalar inson omilisiz ko‘rib chiqilmoqda. Qo‘shimcha ravishda, subsidiya oluvchilar qamrovini kengaytirish uchun davlat budjeti hisobidan qo‘shimcha mablag‘lar ajratilayotgani, shuningdek, pedagoglar va tibbiyot xodimlari uchun alohida qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari joriy etilgan.

Vazirlik ipoteka tizimini yanada takomillashtirish, uy-joy bilan ta’minlash ko‘lamini kengaytirish va aholi turmush darajasini oshirish bo‘yicha ishlar davom ettirilishini ma’lum qildi.

Теглар

Мавзуга оид