Logo

Jahon banki Afg‘oniston iqtisodiyoti va suv xavfsizligi bilan bog‘liq muammolar kuchayib borayotganidan ogohlantirdi

Bank mamlakat iqtisodiyoti oldida turgan asosiy muammolardan biri sifatida aholining tez sur’atlarda ko‘payayotganini qayd etdi. Pokiston orqali o‘tadigan savdo yo‘llari yopilgach, Afg‘oniston importining 97 foizi hozirda Markaziy Osiyo davlatlari va Eron orqali amalga oshirilmoqda. Iqtisodiy tahlilchi mintaqa davlatlari, avvalo, o‘z mahsulotlarini Afg‘onistonda sotishga intilayotganini aytdi.

Jahon banki Afg‘oniston iqtisodiyoti va suv xavfsizligi bilan bog‘liq muammolar kuchayib borayotganidan ogohlantirdi © wikipedia.org

Jahon banki so‘nggi hisobotida Afg‘oniston iqtisodiyoti 2026-yilda 3 foizga o‘sishini prognoz qildi. Bu mamlakatda mavjud muammolarga qaramay, iqtisodiy faollik davom etayotganini ko‘rsatadi.

Hisobotga ko‘ra, kelgusi ikki yilda ham iqtisodiy o‘sish davom etishi kutilmoqda. Xususan, Afg‘oniston iqtisodiyoti 2027-yilda 3,3 foizga, 2028-yilda esa 3,5 foizga o‘sishi prognoz qilinmoqda. Iqtisodiy tahlilchi Qutbiddin Yoqubi yuqoriroq iqtisodiy o‘sishga erishish va aholining turmush sharoitini yaxshilash uchun infratuzilma sohalariga, ayniqsa, qishloq xo‘jaligiga sarmoya kiritish zarurligini ta’kidladi. Uning fikricha, ushbu sohaning imkoniyatlaridan samarali foydalanish orqali yangi ish o‘rinlarini yaratish mumkin.

Tashqi savdo borasida esa Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-moliya yilining dastlabki olti oyida Afg‘oniston importi 2,2 foizga oshib, 6,6 milliard dollarga yetgan. Eksport 15,1 foizga kamayganiga qaramay, Jahon banki mamlakatning savdo yo‘nalishlarida ham o‘zgarishlar yuz berganini qayd etdi. Xususan, Pokiston orqali o‘tadigan savdo yo‘llari yopilgach, Afg‘oniston importining 97 foizi hozirda Markaziy Osiyo davlatlari va Eron orqali amalga oshirilmoqda.

Iqtisodiy tahlilchi Abdul Nosir Reshtiyaning aytishicha, mintaqa davlatlari, avvalo, o‘z mahsulotlarini Afg‘onistonda sotishga intilmoqda. Biroq Afg‘onistonning qo‘shni va mintaqadagi boshqa davlatlarga eksporti oshmasa, yangi ish o‘rinlarini yaratish qiyin bo‘ladi.

«Importning ko‘payishi mamlakat ichidagi ish o‘rinlari soniga salbiy ta’sir qilishi mumkin. Eksportning oshishi esa iqtisodiy o‘sish va yangi ish o‘rinlarini yaratish uchun imkoniyat beradi», — dedi u.

Jahon banki Afg‘oniston iqtisodiyoti oldidagi yana bir jiddiy muammo sifatida aholining tez ko‘payishini ko‘rsatdi. Hisobotda qayd etilishicha, 2026-yilda mamlakat aholisi 6,6 foizga oshishi kutilmoqda. Shu sababli aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan yalpi ichki mahsulot (YAIM) 3,3 foizga kamayishi prognoz qilinmoqda.

Shuningdek, tashkilot mamlakatdagi bandlik holati va aholining xarid qobiliyatidan xavotir bildirgan. Prognozlarga ko‘ra, kelayotgan qish mavsumida oziq-ovqat yetishmovchiligi jiddiy darajaga yetadigan aholi soni 19,2 million kishiga chiqishi mumkin. Iqtisodiyot vazirining kasbiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Abdul Latif Nazari qish mavsumida Afg‘onistonda oziq-ovqat tanqisligi kuchayishi mumkinligini aytdi. Uning ta’kidlashicha, hozirda aholining xarid qobiliyatini yaxshilash va ish o‘rinlarini yaratishga qaratilgan loyihalar amalga oshirilmoqda.

«Shu bilan birga, xalqaro hamjamiyatni qish mavsumida Afg‘onistonga ko‘rsatilayotgan yordam hajmini oshirishga chaqiramiz», — dedi u.

Hisobotning yana bir qismida Jahon banki suv tanqisligini Afg‘oniston uchun jiddiy muammo sifatida baholadi. Tashkilot chuchuk suv zaxiralari kamayib borayotgani va yerosti suvlaridan haddan tashqari ko‘p foydalanilayotganidan ogohlantirdi. Bu muammo, ayniqsa, Kobul shahrida keskin tus olmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston energetika vaziri ortiqcha elektr energiyasi Afg‘onistonga eksport qilinishini aytgandi.

Теглар

Мавзуга оид