Logo

Jahon banki nima uchun Tojikistondan iqtisodiy modelini yana o‘zgartirishni talab qilmoqda?

Бугун 11:2812 дақиқа

Tojikiston iqtisodiyoti tez o‘smoqda va qashshoqlik sezilarli darajada kamaydi. Ammo mamlakat hanuz xorijda ishlayotgan fuqarolari yuboradigan pullarga qattiq bog‘langan. Bank mamlakat iqtisodiyotini migrantlar yuboradigan pullarga qaramlikdan chiqarib, mahalliy ishlab chiqarish va xususiy investitsiyalarga tayangan tizimga o‘tkazish masalasiga yana qaytmoqda.

Jahon banki nima uchun Tojikistondan iqtisodiy modelini yana o‘zgartirishni talab qilmoqda?

Jahon banki fikricha, Tojikiston iqtisodiyotini rivojlantirish uchun xususiy biznesni kuchaytirish, investitsiyalarni ko‘paytirish va mamlakatning o‘zida yuqori maoshli ish o‘rinlarini yaratish kerak.

Iqtisodiyot o‘smoqda, ammo qaramlik saqlanib qolmoqda

So‘nggi yillarda Tojikiston iqtisodiyoti yuqori sur’atlarda o‘sdi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda so‘nggi o‘n yilda iqtisodiy o‘sish o‘rtacha 7 foizdan yuqori bo‘lgan. Qashshoqlik darajasi ham ancha pasaydi. Xarid qobiliyati pariteti bo‘yicha kuniga 4,20 dollardan kam mablag‘ga yashaydigan aholi ulushi 2010-yildagi 55 foizdan 2025-yilda 14,8 foizga tushdi.

Biroq iqtisodiy o‘sishning asosiy manbalaridan biri hanuz migrantlar yuboradigan pullar bo‘lib qolmoqda. Jahon banki hisob-kitoblariga ko‘ra, ulardan keladigan pul o‘tkazmalari 2025-yilda mamlakat yalpi ichki mahsulotining (YAIM) taxminan 46 foiziga teng bo‘lgan. Bu ko‘rsatkich 2023-yilda 39 foiz, 2024-yilda esa 49 foizni tashkil etgan.

Xorijda ishlab topilgan pullar oilalarning kundalik xarajatlarini qoplash, uy-joy qurish, savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirishga yordam beradi. Ko‘plab oilalar uchun bu asosiy daromad manbalaridan biri hisoblanadi. Biroq bunday qaramlik mamlakat iqtisodiyotini tashqi o‘zgarishlarga nisbatan zaif qiladi. Masalan, Rossiyadagi mehnat bozoridagi o‘zgarishlar, migratsiya qoidalarining qat’iylashishi yoki tojikistonlik ishchilar daromadlarining kamayishi aholi farovonligi va ichki talabga bevosita ta’sir qilishi mumkin.

Migrantlardan ko‘p pul kelishi mamlakatda ishlab chiqarish ham shunga mos ravishda ko‘payadi, degani emas. Bu mablag‘larning bir qismi import mahsulotlarini sotib olishga sarflanadi. Natijada mahalliy korxonalarni rivojlantirish va mamlakatning ishlab chiqarish imkoniyatlarini kengaytirishga yetarlicha hissa qo‘shilmaydi. Jahon banki Tojikiston aynan shu iqtisodiy modeldan voz kechishini istamoqda. Bankning 2026–2032-yillarga mo‘ljallangan yangi hamkorlik strategiyasi xususiy investitsiyalarni ko‘paytirish, inson salohiyatini rivojlantirish va yaxshiroq ish o‘rinlarini yaratishga qaratilgan.

Yetti yil o‘tdi, ammo katta o‘zgarish bo‘lmadi

Jahon bankining yangi strategiyasi Tojikiston iqtisodiyotidagi muammolarga tubdan boshqacha baho bermayapti. Bugun tilga olinayotgan ko‘plab muammolar bank tomonidan yetti yil avval ham qayd etilgan edi.
2019-yilning may oyida Jahon banki 2019–2023-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik strategiyasini taqdim etgan. Keyinchalik bu strategiya 2024-yilgacha uzaytirilgan.

Hujjatda uchta asosiy yo‘nalish belgilangan edi: inson salohiyatini rivojlantirish va aholining qiyinchiliklarga chidamliligini oshirish, davlat idoralarini mustahkamlash, xususiy sektor va bozor iqtisodiyotini rivojlantirish.

Shuningdek, mamlakat iqtisodiyotini migrantlar yuboradigan pullar va importga qaramlikdan chiqarib, mahalliy ishlab chiqarish, eksport va bandlikni kengaytirish zarurligi ta’kidlangan. O‘sha paytda Jahon banki xususiy sektorning iqtisodiyotdagi ulushi kichikligini qayd etgan. Bank hisob-kitoblariga ko‘ra, xususiy biznes jami investitsiyalarning taxminan 15 foizini, sanoat ishlab chiqarishining 30 foizini va rasmiy bandlikning atigi 13 foizini tashkil etgan.

Ish o‘rinlari masalasi ham dolzarb edi. Bankning baholashicha, har yili Tojikiston mehnat bozoriga taxminan 130 ming nafar yosh kirib kelgan, ammo iqtisodiyot ular uchun yetarli ish o‘rinlarini yarata olmagan. Yetti yil o‘tgan bo‘lsa-da, xususiy sektorni rivojlantirish, investitsiyalarni ko‘paytirish va unumli ish o‘rinlarini yaratish Jahon bankining Tojikiston bilan hamkorligidagi asosiy vazifalar bo‘lib qolmoqda.

Yangi strategiyada energetik xavfsizlikni mustahkamlash, ishchilarning kasbiy ko‘nikmalarini oshirish va xususiy investitsiyalarni jalb qilishga ustuvor ahamiyat berilgan. Bu orqali ko‘proq va yuqoriroq maosh to‘lanadigan ish o‘rinlarini yaratish ko‘zda tutilgan. Ya’ni bank mutlaqo yangi vazifalarni belgilashdan ko‘ra, avvalgi sa’y-harakatlarga qaramay, to‘liq hal etilmagan muammolarga yanada ko‘proq e’tibor qaratmoqchi.

Iqtisodiy o‘sish bor, ammo tizimli o‘zgarish yetarli emas

Avvalgi strategiya muayyan natijalar bergan. Jahon banki uning bajarilishi bo‘yicha hisobotida loyihalar ko‘lami kengaygani, sog‘liqni saqlash, ta’lim, ijtimoiy himoya va energetika sohalarida natijalarga erishilganini bildirgan.

Shuningdek, biznes muhitini yaxshilash, qishloq joylarda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va ayrim ma’muriy tartiblarni soddalashtirish bo‘yicha ishlar amalga oshirilgan. Masalan, qishloq xo‘jaligini tijoratlashtirish loyihasi doirasida qariyb 21 ming ishtirokchining tijoriy faoliyati yaxshilangan. Bu dastlab belgilangan 12,5 ming nafarlik ko‘rsatkichdan yuqori. Loyiha 1458 ta qishloq xo‘jaligi korxonasini qo‘llab-quvvatlagan. Dastlab 1500 ta korxonani qamrab olish rejalashtirilgan edi.

Biroq alohida loyihalar xususiy sektor rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan tizimli muammolarni bartaraf eta olmadi. Jahon bankining baholashlarida xususiy investitsiyalarni jalb qilishdagi qiyinchiliklar, soliq qonunchiligining qo‘llanishi bilan bog‘liq noaniqliklar, mulk huquqiga oid xatarlar va davlatning iqtisodiyotdagi katta ishtiroki hamon qayd etilgan.

Loyihalarning amalga oshirilishiga tashqi omillar ham ta’sir ko‘rsatgan. Jumladan, COVID-19 pandemiyasi, mintaqadagi beqarorlik va Rossiya bilan iqtisodiy aloqalardagi o‘zgarishlar ayrim resurslarni inqiroz oqibatlarini bartaraf etishga yo‘naltirishga majbur qilgan. Ba’zi loyihalar esa kechikkan.

Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, 2022–2025-yillarda migrantlardan kelgan pul o‘tkazmalari Tojikiston YAIMining o‘rtacha qariyb yarmiga teng bo‘lgan. Bu esa ayrim sohalardagi yutuqlarga qaramay, mamlakat iqtisodiyotining migrantlarning daromadlariga qaramligi deyarli o‘zgarmaganini ko‘rsatadi.

Iqtisodiy o‘sishning o‘zi ish o‘rinlarini kafolatlamaydi

Tojikiston iqtisodiyoti oldidagi asosiy muammolardan biri — YAIM tez o‘sishi bilan mamlakat ichidagi ish o‘rinlari soni o‘rtasidagi tafovut. Jahon banki hisob-kitoblariga ko‘ra, kelgusi o‘n yilda Tojikistonda taxminan 1,4 millionta ish o‘rni yaratilishi kerak. Bu zarurat yoshlarning mehnat bozoriga kirib kelishi va mehnatga layoqatli aholi uchun ish imkoniyatlarini kengaytirish bilan bog‘liq.

Biroq iqtisodiyotni rivojlantirayotgan barcha sohalar ham ko‘plab ish o‘rinlarini yarata olmaydi. Masalan, qazib olish sanoati katta miqdordagi sarmoya, uskuna va texnologiyalarni talab qiladi. Ammo bu sohaga kiritilgan mablag‘ miqdoriga nisbatan u yerda ishlaydigan odamlar soni ko‘p bo‘lmasligi mumkin.

Yirik infratuzilma loyihalari investitsiya va ishlab chiqarish hajmini oshiradi. Lekin ularning uzoq muddatda ko‘p ish o‘rinlari yaratishi atrofida boshqa korxonalar va ishlab chiqarish tarmoqlari rivojlanishiga ham bog‘liq. Jahon bankining shu yil yozda e’lon qilingan tahliliy hisobotida xususiy investitsiyalarning katta qismi ko‘p mablag‘ talab qiladigan qazib olish sanoatiga yo‘naltirilayotgani qayd etilgan.

Ayni paytda ishchilar qishloq xo‘jaligidagi kam daromadli mehnatdan sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalaridagi yaxshiroq maoshli ishlarga yetarlicha tez o‘ta olmayapti. Natijada Tojikistonning o‘zida daromad topish imkoniyatlari cheklangan. Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat ishchi kuchining taxminan chorak qismi xorijda ishlaydi.

Biroq muammo faqat ish o‘rinlari sonida emas. Ularning sifati ham muhim. Ish topish imkoniyati bo‘lgan taqdirda ham, maosh pastligi odamlarni xorijga ishlashga undashi mumkin. Shuning uchun Tojikiston iqtisodiy o‘sishni mamlakat ichidagi ko‘proq ish o‘rinlari, yuqori daromadlar va kuchli xususiy sektorga aylantirishi kerak. Bu vaqt o‘tishi bilan iqtisodiyotning pul o‘tkazmalariga qaramligini kamaytirishga yordam beradi.

Ish o‘rinlari bor, ammo maoshlar past

Migratsiyani faqat ish o‘rinlari yetishmasligi bilan izohlab bo‘lmaydi. Tojikistonda yangi korxonalar ochilmoqda, bo‘sh ish o‘rinlari paydo bo‘lmoqda. Ammo maoshlarning pastligi fuqarolarni xorijda ishlashga undayotgan asosiy omillardan biri bo‘lib qolmoqda. Mamlakatdagi daromadlar bilan Rossiyada ishlayotgan tojikistonlik migrantlarning daromadlari o‘rtasidagi farq bu muammoni yaqqol ko‘rsatadi.

Tojikiston prezidenti huzuridagi Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning iyul oyida mamlakatda o‘rtacha nominal oylik ish haqi 3 507,67 somoniga yetgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 21,6 foiz ko‘p. Biroq turli sohalardagi maoshlar bir-biridan ancha farq qiladi. Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar sohasida o‘rtacha ish haqi 2365 somonini, davlat boshqaruvi, mudofaa va ijtimoiy sug‘urta sohalarida 2812 somonini, ta’lim sohasida esa 3739 somonini tashkil etgan.

Tadqiqotlar Rossiyada ishlayotgan tojikistonlik migrantlarning daromadlari ancha yuqori ekanini ko‘rsatadi. Moskvadagi Inson huquqlari bo‘yicha vakil idorasi ishtirokida 2023-yilning kuzida o‘tkazilgan «Zamonaviy Moskvada Markaziy Osiyodan kelgan mehnat migrantlari» tadqiqotiga ko‘ra, so‘rovda qatnashgan tojikistonlik migrantlar oyiga o‘rtacha 49 ming 691 rubl ish haqi olgan. Erkak migrantlarda bu ko‘rsatkich 56 ming 83 rubl, ayollarda esa 40 ming 297 rubl bo‘lgan.

Tadqiqotda Tojikiston, O‘zbekiston va Qirg‘izistondan borgan 900 migrant qatnashgan. Ularning 300 nafari Tojikiston fuqarolari bo‘lgan.

Shuni hisobga olish kerakki, bu raqamlar faqat 2023-yilda Moskvada so‘rovda qatnashgan migrantlarga tegishli. Ulardan 2026-yilda Rossiyada ishlayotgan barcha tojikistonliklarning daromadi haqida xulosa chiqarib bo‘lmaydi.

Jahon bankining yangi strategiya uchun tayyorlangan tahliliy hisobotida ham daromadlar o‘rtasidagi farq qayd etilgan. Unga ko‘ra, Rossiyada qurilish, savdo va xizmat ko‘rsatish kabi sohalarda nisbatan kam malaka talab qiladigan ishlarda ishlayotgan tojikistonliklar o‘z yurtida xuddi shunday ish uchun oladigan maoshidan kamida uch baravar ko‘p daromad topishi mumkin. Biroq bu raqamlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqqoslashda ehtiyot bo‘lish kerak. Tojikistondagi o‘rtacha ish haqi turli sohalarda ishlaydigan odamlarni qamrab oladi. Moskvadagi tadqiqot esa muayyan guruhdagi migrantlarni o‘rgangan.

Bundan tashqari, xorijda ishlayotganlar uy-joy, oziq-ovqat va hujjatlarni rasmiylashtirish uchun xarajat qiladi. Ular oilasidan uzoqda yashash bilan bog‘liq qo‘shimcha qiyinchiliklarga ham duch keladi. Migrantlarning daromadi haqida keltirilgan ma’lumotlar 2023-yilga tegishli. Rossiyada esa o‘rtacha nominal ish haqi so‘nggi uch yilda yarmidan ko‘proqqa oshgan.

Demak, ko‘plab tojikistonliklar uchun xorijga ishlashga ketish qarori faqat o‘z yurtida ish topish qiyinligi bilan bog‘liq emas. Xorijda ancha ko‘p pul topish imkoniyati ham bunda muhim o‘rin tutadi.

Bunday sharoitda faqat yangi ish o‘rinlarini yaratish migratsiya ko‘lamini sezilarli darajada kamaytirmasligi mumkin. Mahalliy korxonalar ishchilarga yuqoriroq maosh to‘lay olishi uchun mehnat unumdorligini ham oshirish zarur.

Migrantlar yuboradigan pul munosib ish o‘rnining o‘rnini bosa olmaydi

Xalqaro ekspertlar ham Tojikistonda ish o‘rinlari sifatini yaxshilash zarurligini ta’kidlamoqda. 2026-yilda mamlakatga rasmiy tashrif bilan borgan BMTning tashqi qarz va inson huquqlari bo‘yicha mustaqil eksperti Attiya Varis Tojikiston qashshoqlikni kamaytirish, iqtisodiy o‘sishni saqlash va infratuzilmani rivojlantirishda muayyan natijalarga erishganini tan olgan.

Shu bilan birga, u mamlakat iqtisodiyoti migratsiya, pul o‘tkazmalari va importga qattiq bog‘liqligicha qolayotganidan ogohlantirgan. Migrantlar yuboradigan pullar oilalarning daromadini qo‘llab-quvvatlash va qashshoqlikni kamaytirishga yordam bergan. Ammo ekspertning ta’kidlashicha, bu mablag‘lar mamlakatning o‘zida munosib va unumli ish o‘rinlari yaratish o‘rnini bosa olmaydi.

Varis qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqatni qayta ishlash, barqaror turizm, foydali qazilmalarni qayta ishlash hamda raqamli iqtisodiyotga ko‘proq sarmoya kiritishga chaqirgan. U ta’lim, kasb-hunar o‘rganish, internetdan foydalanish imkoniyatlari va kichik hamda o‘rta biznesni moliyalashtirish muhimligini ham ta’kidlagan.

Ekspertning fikricha, ayollar va yoshlarga alohida e’tibor qaratish zarur. Chunki maoshlarning pastligi, ish imkoniyatlarining cheklangani va ijtimoiy xizmatlarning yetarli emasligi ularning iqtisodiy hayotda to‘liq ishtirok etishiga to‘sqinlik qilishi mumkin. Demak, vazifa faqat ish o‘rinlarini ko‘paytirish emas. Odamlar o‘z yurtida yetarli va barqaror daromad topa oladigan sharoit yaratish ham muhim.

Xususiy biznes rivojiga to‘sqinlik qilayotgan muammolar

Migrantlar yuboradigan pullarga tayangan iqtisodiyotdan mahalliy ishlab chiqarishga asoslangan iqtisodiyotga o‘tish uchun xususiy sektorni kuchaytirish zarur. Faqat ro‘yxatdan o‘tgan korxonalar sonini ko‘paytirishning o‘zi yetarli emas. Kompaniyalar kredit olish, uskunalar sotib olish, ishlab chiqarishni kengaytirish va yangi bozorlarga chiqish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak.

Jahon banki va Xalqaro valuta jamg‘armasi investitsiya muhiti, moliyalashtirish imkoniyatlari, raqobat va davlat korxonalarini boshqarish bilan bog‘liq muammolarni bir necha bor qayd etgan. Bu to‘siqlar yangi ishlab chiqarish loyihalariga sarmoya kiritishni qiyinlashtiradi va yuqori unumdorlikka ega, yaxshiroq maosh to‘lanadigan ish o‘rinlarini yaratish imkoniyatlarini cheklaydi.

Jahon banki materiallariga ko‘ra, Tojikistonda investitsiyalarning katta qismi, ayniqsa, qazib olish sanoati kabi ko‘p mablag‘ talab qiladigan sohalarga yo‘naltiriladi. Ko‘plab ish o‘rinlarini yaratish imkoniyatiga ega bo‘lgan boshqa tarmoqlar esa nisbatan sekin rivojlanmoqda.

Ishchilarning kasbiy malakasi ham muhim muammo hisoblanadi. Zamonaviy ishlab chiqarish korxonalariga texnik bilim va kasbiy ko‘nikmalarga ega mutaxassislar kerak. Shu sababli kasb-hunar ta’limi va iqtisodiyotning rivojlanishi bir-biri bilan chambarchas bog‘liq.

Demak, iqtisodiy modelni o‘zgartirish uchun bir vaqtning o‘zida bir nechta vazifani hal qilish kerak: investitsiya muhitini yaxshilash, xususiy biznesni qo‘llab-quvvatlash, ishchilar malakasini oshirish va mehnat unumdorligini ko‘tarish. Aks holda, ish o‘rinlari sonining ko‘payishi maoshlarning sezilarli darajada oshishini anglatmaydi.

Ishlab chiqarish va bandlikka e’tibor kuchaytiriladi

Jahon banki 2026–2032-yillarga mo‘ljallangan strategiyasida uchta asosiy yo‘nalishni belgilagan: energetik xavfsizlikni mustahkamlash, inson salohiyatini rivojlantirish va xususiy investitsiyalarni jalb qilib, sifatli ish o‘rinlarini yaratish. Bunda elektr energiyasi ishlab chiqarishga alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, Rog‘un GESini qurish ham muhim loyihalardan biri hisoblanadi. Elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini oshirish mavsumiy elektr tanqisligini kamaytirish va sanoatni rivojlantirish uchun yaxshiroq sharoit yaratishi kutilmoqda.

Biroq elektr energiyasi ko‘payishining o‘zi yangi korxonalar paydo bo‘lishini kafolatlamaydi. Buning uchun xususiy investitsiyalar va raqobatbardosh mahsulotlar hamda xizmatlar ishlab chiqarishga qulay sharoit yaratish zarur. Jahon banki qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqatni qayta ishlash, qayta tiklanuvchi energiya va raqamli iqtisodiyotni istiqbolli yo‘nalishlar sifatida ko‘rsatmoqda.

Shuningdek, infratuzilma, transport va raqamli aloqani yaxshilash, ishchilarni kasbga tayyorlash ham muhim hisoblanadi. Ayrim islohotlar uchun moliyaviy yordam ham ajratilgan. 2026-yilning iyul oyida Jahon banki Tojikistondagi iqtisodiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlash uchun 100 million dollarlik grant ajratishni ma’qullagan. Dastur raqamli texnologiyalar, aviatsiya va energetika sohalaridagi chora-tadbirlarni ham qamrab oladi.

Dastur raqobatni kuchaytirish, tartibga solish tizimini yaxshilash, davlat yordamidagi ochiqlikni oshirish va investorlar uchun qulayroq sharoit yaratishga qaratilgan. Jahon bankining baholashicha, qo‘llab-quvvatlanayotgan islohotlar 2030-yilgacha 92 mingdan ortiq qo‘shimcha va yuqoriroq maoshli ish o‘rinlarini yaratishga yordam berishi mumkin. Bu hozirgacha yaratilgan ish o‘rinlari soni emas, balki islohotlar natijasida erishilishi mumkin bo‘lgan prognozdir.

Migrantlar pulidan mahalliy daromadlarga o‘tish

Jahon bankining yangi strategiyasi migratsiyani tugatish yoki migrantlar yuboradigan pullarni cheklashni nazarda tutmaydi. Ko‘plab tojikistonlik oilalar uchun xorijda topilgan mablag‘lar kundalik xarajatlarni qoplash, farzandlar ta’limi, uy-joy qurish va kichik biznesga sarmoya kiritishda muhim ahamiyatga ega.

Asosiy maqsad — iqtisodiy o‘sish manbalarini o‘zgartirish. Ya’ni Tojikiston migrantlarning daromadlariga kamroq bog‘lanib, mahalliy ishlab chiqarish, eksport, xususiy investitsiyalar va mamlakat ichida topiladigan ish haqiga ko‘proq tayanishi kerak.

Mamlakat iqtisodiyoti rivojlangani sari mehnat muhojirligi saqlanib qolishi mumkin. Eng muhimi, odamlar o‘z malakasi, kasbiy imkoniyatlari va daromadlarini hisobga olgan holda, mamlakatda yoki xorijda ishlashni erkin tanlay olishi kerak.

Jahon bankining avvalgi strategiyasida ham xususiy sektorni rivojlantirish, eksportni ko‘paytirish va yangi ish o‘rinlarini yaratish vazifalari belgilangan edi. Shundan beri Tojikiston iqtisodiyoti o‘sdi, qashshoqlik kamaydi, infratuzilma va ijtimoiy loyihalar rivojlandi. Ammo mamlakatning migrantlar yuboradigan pullarga qaramligi hanuz yuqori.

Shuning uchun Jahon banki iqtisodiy modelni o‘zgartirish zarurligini yana bir bor ta’kidlamoqda. Endi asosiy vazifa faqat iqtisodiy o‘sishni saqlab qolish emas, balki bu o‘sishni rivojlangan xususiy biznes, yuqori maoshlar va odamlarga o‘z yurtida munosib hayot kechirish imkonini beradigan ish o‘rinlariga aylantirishdir.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq milliardlab pul tikilayotgan Tojikistondagi Rog‘un loyihasidan O‘zbekistonga kelishi mumkin bo‘lgan xavflar haqida yozgan edik.

Теглар

Мавзуга оид