Jahon chempionati-2026: Kutilgan bayram, kutilmagan muammolar

Бугун 10:255 дақиқа

Futbol tarixidagi eng serdaromad turnir bo‘lishi kutilayotgan JCH–2026 start olmay turib xavotirlar girdobida qoldi. Muxlislar va’da qilingan arzon chiptalar o‘rniga minglab dollarlik narxlarni, tinchlik o‘rniga esa urush soyasidagi noaniqlikni ko‘rishmoqda. Tashkilotchilarni hushyorlikka chaqirayotgan beshta asosiy to‘siq futbol bayramini haqiqiy falokatga aylantirib qo‘yishi mumkin.

Jahon chempionati-2026: Kutilgan bayram, kutilmagan muammolar © Michael Regan - FIFA / Contributor / FIFA / Gettyimages.ru

Jahon chempionati boshlanishiga 47 kun qolganda, FIFA va turnir mezbonlari keng ko‘lamli ijtimoiy, siyosiy va logistik muammolar sababli keskin tanqidlarga uchramoqda.

Navbatdagi mundialga Kanada, Meksika va AQSH birgalikda mezbonlik qiladi. Ma’lumki, 2026 yilning 28-fevral kuni AQSH Isroil bilan turnir ishtirokchilaridan biri bo‘lgan Eronga qarshi urush boshladi. Garchi hozirda nozik vaqtinchalik sulh amal qilayotgan bo‘lsa-da, Eronning musobaqadagi ishtiroki hamon so‘roq ostida qolmoqda.

Uchala mezbon davlatdagi muxlislar chiptalar narxi o‘ta qimmatligidan norozi. Bu esa dunyodagi eng nufuzli sport musobaqasiga bo‘lgan qiziqish va chiptalar savdosiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Shuningdek, mahalliy siyosatchilar va jamoatchilik AQSHdagi o‘yinlar o‘tkaziladigan shaharlarda transport narxlarining keskin oshib ketishidan xavotirda.

Turnir 11-iyun kuni Meksika va Janubiy Afrika o‘rtasidagi ochilish o‘yini bilan boshlanadi.

Eronning Jahon chempionatidagi ishtiroki bo‘yicha so‘nggi holat

Eron milliy terma jamoasi mundialga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Ammo rasmiylarning ta’kidlashicha, jamoaning turnirda ishtirok etish yoki etmasligi bo‘yicha yakuniy qarorni hukumat va Milliy xavfsizlik kengashi qabul qiladi. Buning uchun, eng avvalo, futbolchilarning AQSHdagi xavfsizlik masalasi o‘rganib chiqilishi kerak.

O‘tgan oy Eron tomoni urush sharoitida, xususan, mezbon davlat futbolchilar xavfsizligini kafolatlay olmasa, turnirda qatnashmasligini bildirgan edi. Bunga AQSH prezidenti Donald Trampning ijtimoiy tarmoqdagi posti sabab bo‘ldi. O‘sha postida Tramp eronlik futbolchilarning AQSHdagi xavfsizligiga kafolat berib bo‘lmasligiga shama qilgan edi (tartib bo‘yicha Eron guruh bosqichidagi barcha o‘yinlarni AQSHda o‘tkazishi kerak).

Shundan so‘ng Eron futbol federatsiyasi FIFAdan o‘yinlarni AQSHdan Meksikaga ko‘chirishni so‘radi. Biroq FIFA bu so‘rovni rad etdi. Tashkilot rahbari Janni Infantino o‘tgan hafta Eron turnirga «kelishi shart» ekanini ta’kidladi.

Qur’aga ko‘ra, Eron guruh bosqichidagi barcha o‘yinlarini AQSHning g‘arbiy sohilida o‘tkazadi. Agar ular pley-off bosqichiga yo‘llanma olsa, keyingi bahslar ham AQSH hududida bo‘lib o‘tadi.

AQSHning mezbon shaharlarida yo‘lkira narxlari o‘ta qimmat

Manxettendagi «Penn Steyshn» bekatidan Nyu-Jersi shtatining Ist-Raterford shahrida joylashgan va Jahon chempionati finali hamda yana yettita muhim o‘yinni qabul qiladigan «MetLayf» stadionigacha borib-qaytish uchun poyezd chiptasi odatiy 12,90 dollardan qariyb 12 baravar qimmatlashishi kutilmoqda.

Nyu-Jersi gubernatori Miki Sherrill va FIFA taxminan 15 daqiqalik (14 km) yo‘l uchun belgilangan 150 dollarlik narx borasida bir-birlarini ayblamoqda. Sherrill xarajatlarni FIFA o‘z zimmasiga olishi kerakligini ta’kidlasa, xalqaro tashkilot bunday majburiyati yo‘qligini bildirib javob qaytargan.

Boston yaqinidagi «Jillett» stadioniga poyezdda borish odatdagi narxdan taxminan to‘rt baravar qimmatroq turadi ($20), Foksboroga avtobusda borib-kelish haqi esa $95 ni tashkil etadi.

Boshqa mezbon shaharlar — Los-Anjeles va Filadelfiya jamoat transporti narxlarini oshirmaslikka va’da berdi. Kanzas-Siti «Arrouxed» stadioniga borib-qaytish uchun 15 dollarlik yo‘lkirani taklif qilmoqda. Xyuston esa muxlislarga qulaylik yaratish maqsadida avtobus va poyezd vagonlari sonini ko‘paytirganini, ammo narxlarni hozirgi darajada saqlab qolish niyatida ekanini ma’lum qildi. Yo‘lkira avtobus va yengil relsli poyezdlar uchun 1,25 dollar, «to‘xtash va jo‘nab ketish» xizmati uchun esa 2 dollardan 4,50 dollargachaligicha qoladi.

Chiptalar qimmat va talab past

Chiptalarning o‘ta yuqori narxlari muxlislarning keskin e’tiroziga sabab bo‘ldi. Ularning fikricha, bunday narx siyosati oddiy ishqibozlarni musobaqadan chetda qoldirmoqda. AQSH va Paragvay kabi jamoalar o‘rtasidagi o‘yinlarga chipta savdosining sustligi ham bevosita narxlarning balandligi bilan izohlanmoqda.

FIFA dekabr oyida chiptalarni sotuvga chiqarganida, birinchi bosqichdagi 3-toifa chiptalari 140 dollardan, final o‘yini chiptalari esa 8680 dollargacha baholangan edi. Keyinchalik, 1-aprel kuni sotuvlar qayta tiklanganda eng qimmat chipta narxlari 10 990 dollargacha ko‘tarildi.

Shimoliy Amerika mamlakatlari musobaqa mezbonligi uchun ariza topshirganda, chiptalar narxi 21 dollardan boshlanishini va’da qilgan edi. Biroq amalda eng arzon chipta 60 dollar etib belgilandi. Yuqori reytingga ega jamoalar ishtirokidagi o‘yinlarning aksariyat chiptalari kamida 200 dollardan sotilmoqda.

22-aprel kuni FIFA turnir boshlanishiga 50 kun qolishi munosabati bilan chiptalar savdosining navbatdagi bosqichini e’lon qildi. Unga ko‘ra, 1-toifadan 3-toifagacha bo‘lgan barcha 104 ta o‘yin chiptalari «birinchi kelganga — birinchi xizmat» tamoyili asosida sotiladi.

Jahon chempionati o‘yinlari paytidagi immigratsiya reydlari

Tramp ma’muriyatining ommaviy deportatsiya qilish va qonuniy immigratsiya yo‘llarini cheklashga qaratilgan siyosati tufayli, xorijlik muxlislar AQSH immigratsiya xizmatlarining nishoniga aylanib qolishi mumkinligi haqida jiddiy xavotirlar paydo bo‘ldi.

O‘tgan hafta Janni Infantinoga murojaat qilinib, undan Trampga ta’sir o‘tkazish va bu yilgi turnir davomida immigratsiya reydlarini to‘xtatib turishga erishish so‘raldi. Jurnalistlarning ta’kidlashicha, garchi Tramp ma’muriyati nazorat tadbirlari o‘tkazilganini rad etgan bo‘lsa-da, o‘tgan yilgi Klublar o‘rtasidagi jahon chempionati o‘yinlarida Immigratsiya va bojxona nazorati (ICE) hamda Bojxona va chegara qo‘riqlash (CBP) xizmatlari agentlari yurgan edi.

«The Athletic» nashrining yozishicha, FIFA rahbariyati immigratsiya bo‘yicha moratoriy e’lon qilinishini Tramp ma’muriyati uchun o‘ziga xos siyosiy piar imkoniyati sifatida ko‘rmoqda. Shuningdek, tashkilot mutasaddilari Infantino Tramp bilan bo‘lgan do‘stona aloqalaridan foydalanib, immigratsiya bilan bog‘liq xavotirlarni bartaraf etishiga umid qilmoqda.

Meksikadagi zo‘ravonliklar tufayli yuzaga kelgan xavfsizlik muammosi

Jahon chempionati mezbonlaridan biri bo‘lgan Meksika ham diqqat markaziga tushib qoldi. 20-aprel kuni mamlakat poytaxti yaqinida sayyohlarga qarata o‘t ochilishi muxlislar xavfsizligi masalasini kun tartibiga chiqardi.

YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan va Meksikaning eng mashhur sayyohlik maskanlaridan biri hisoblangan Teotiuakan piramidalaridan birining tepasidan turib, qurollangan shaxs odamlarni o‘qqa tutgan. Oqibatda bir nafar kanadalik sayyoh halok bo‘lgan va 13 kishi jarohatlangan. Bu mudhish voqea Meksika prezidenti Klaudiya Sheynbaum hukumati tomonidan global turnir oldidan ko‘rilayotgan xavfsizlik choralarini shubha ostiga qo‘ydi.

Sheynbaum mundial oldidan xavfsizlik choralari keskin kuchaytirilishini ma’lum qildi.

«Hukumat sifatida asosiy vazifamiz — bunday holat boshqa takrorlanmasligi uchun tegishli choralarni ko‘rishdir. Biroq hammamizga ayonki — meksikaliklar buni juda yaxshi biladi — bunday voqea ilgari hech qachon sodir bo‘lmagan edi», — dedi u.

 

Теглар

Мавзуга оид