Logo

Jahon savdosida to‘liq benzinli avtomobillarning ulushi ilk bor 50 foizdan pastga tushdi

Кеча 20:453 дақиқа

Dunyo bo‘yicha elektromobillar savdosining qariyb yarmi to‘g‘ri keladigan Xitoyda soliq imtiyozlari qisqartirilganidan keyin ularning savdosi 3 foizga kamaydi.

Jahon savdosida to‘liq benzinli avtomobillarning ulushi ilk bor 50 foizdan pastga tushdi © FreePik

Faqat benzinli avtomobillar ilk bor jahon yangi avtomobillar bozorining yarmidan kam qismini egalladi: 2026-yilning yanvar–iyun oylarida ularning ulushi savdolarning 49 foizini tashkil etdi. Bu haqda Nikkei ilgari «S&P Global Mobility» nomi bilan faoliyat yuritgan «Mobility Global» tahliliy kompaniyasi ma’lumotlariga tayanib yozdi.

2021-yilda esa benzinli avtomobillarning bozordagi ulushi 73 foiz edi.

2026-yilning birinchi yarmida dunyo bo‘yicha benzin dvigateliga ega 20,25 millionta avtomobil sotildi — bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 10 foizga kam. Statistikada gibridlar va boshqa elektrlashtirilgan avtomobillar, shuningdek, ayrim og‘ir transport vositalari hisobga olinmagan. Nikkei hisob-kitobiga ko‘ra, benzinli avtomobillar ulushi 50 foizdan pastga avtomobillar 1920-yillarda keng tarqala boshlaganidan beri ilk bor tushgan.

Shu bilan birga, elektromobillar savdosi 12 foizga oshib, 6,87 million donaga yetdi. Ularning jahon bozoridagi ulushi esa 17 foizni tashkil etdi. Ayniqsa, Yevropada savdo tez o‘sdi — 32 foizga, ya’ni 1,81 milliontagacha. Nikkei Yevropa avtomobil ishlab chiqaruvchilari assotsiatsiyasi (ACEA) ma’lumotlariga tayanib yozishicha, Yevropaning 31 davlatida birinchi yarim yillikda elektromobillar savdosi ilk bor benzinli avtomobillar savdosidan oshib ketdi. ACEA’ning alohida statistikasi shuni ko‘rsatadiki, faqat Yevropa Ittifoqining o‘zida elektromobillar yanvar–iyun oylarida bozorning 20,7 foizini egallagan, benzinli avtomobillar ulushi esa 22,2 foizgacha kamaygan.

Dunyo bo‘yicha elektromobillar savdosining qariyb yarmi to‘g‘ri keladigan Xitoyda esa soliq imtiyozlari qisqartirilganidan keyin ularning savdosi 3 foizga kamayib, 3,44 million donani tashkil etdi. Shimoliy Amerikada AQSHdagi ayrim qo‘llab-quvvatlash choralari bekor qilingani sababli elektromobillar savdosi 15 foizga tushdi. Janubi-Sharqiy Osiyoda esa aksincha, savdo 81 foizga oshib, 350 mingta автомобил­га yetdi. Okeaniyada esa bu ko‘rsatkich ikki baravardan ko‘proq oshib, 110 ming donaga yetdi.

Nikkei elektromobillarga o‘tish jarayonining tezlashishini boshqa omillar qatori AQSH va Isroilning Eronga hujumlaridan keyin neft narxlarining oshishi bilan ham bog‘laydi. Shu fonda birinchi yarim yillikda benzinli avtomobillar savdosi Xitoyda 26 foizga, Yevropada esa 13 foizga kamaydi. Shu bilan birga, gibridlarga bo‘lgan talab ham oshmoqda: ularning dunyo bo‘yicha savdosi 10 foizga ko‘payib, 7,27 million donaga yetdi, bozor ulushi esa 18 foizni tashkil etdi.

Rossiyada elektromobillar va tashqi quvvat manbaidan zaryadlanadigan gibridlar savdosi 2026-yil yozida ikki baravardan ko‘proqqa oshdi — 12,2 ming donadan 26,5 ming donagacha. «The Insider» «Avtostat» ma’lumotlari asosida hisob-kitob qilib, yangi yengil avtomobillar savdosida ularning ulushi 2025-yil yozidagi 3,7 foizdan bir yil o‘tib 7,5 foizgacha oshganini yozdi. O‘sish Ukraina hujumlaridan keyin Rossiyadagi neftni qayta ishlash zavodlarida benzin tanqisligi yuzaga kelgan bir paytda sodir bo‘ldi.

Shu bilan birga, Rossiyada bu segmentning katta qismini hozircha to‘liq elektromobillar emas, balki tashqi quvvat manbaidan zaryadlanadigan gibridlar tashkil etmoqda. 1-iyul holatiga ko‘ra, mamlakatda ushbu ikki turdagi avtomobildan qariyb 230 mingta mavjud bo‘lgan: ularning 63 foizini tashqi quvvat manbaidan zaryadlanadigan gibridlar, 37 foizini esa elektromobillar tashkil etgan. Rossiyada sotilgan elektromobillar va tashqi quvvat manbaidan zaryadlanadigan gibridlarning aksariyati Xitoyda ishlab chiqarilgan.

«Mobility Global» 2030-yilga borib elektromobillar dunyo bo‘yicha ishlab chiqariladigan avtomobillarning 30 foizdan ko‘prog‘ini tashkil qilishini aytdi. Kompaniya прогноз­ига ko‘ra, o‘sha paytga borib elektromobillar ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha ham gibridlarni, ham faqat ichki yonuv dvigateliga ega avtomobillarni ortda qoldiradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda bozorda ishlatilgan mashinalardan ko‘ra yangilari ko‘proq sotilayotgani haqida yozgan edik. Avgust oyida ishlatilgan avtomobillar sotuvi bir oyda 10 foizga kamaydi.

Теглар

Мавзуга оид