Logo

«Jamoat transporti o‘zini oqlamayapti, degan gap — safsata»: yo‘lkira oshirilishida jamoatchilik fikri inobatga olindimi?

Poytaxtda jamoat transporti narxlari oktabrdan 47 foizga oshadi, biroq jamoatchilik muhokamasi natijalari bo‘yicha mas’ul tashkilotlar aniq axborot bermadi. Vaqt.uz qaror loyihasi ostidagi izohlarni o‘rganib, jamoatchilik fikrini tahlil qildi.

«Jamoat transporti o‘zini oqlamayapti, degan gap — safsata»: yo‘lkira oshirilishida jamoatchilik fikri inobatga olindimi?

1-oktabrdan boshlab poytaxtda jamoat transportlari, ya’ni avtobus va metroga kartadan (yoki onlayn) to‘lov qilish narxlari 2 ming 500 so‘m bo‘ladi. Shu paytga qadar bu miqdor 1 ming 700 so‘m edi, ya’ni yo‘lkira narxi 47 foizga oshirildi. Naqd to‘lov esa 3 ming so‘m bo‘lib, o‘zgarishsiz qoldi. 

Bir soatlik tariflar saqlanadi

Yangi tariflar joriy etilishi bilan elektron to‘lov uchun bir soatlik tarif tizimi ham saqlab qolinadi.

ATTO kartasi orqali avtobusda to‘lov qilingandan keyin 60 daqiqa ichida boshqa avtobusga o‘tilsa, ikkinchi qatnov uchun 1 500 so‘m to‘lanadi. Shu 60 daqiqa ichidagi uchinchi va to‘rtinchi avtobus qatnovlari uchun esa qo‘shimcha to‘lov olinmaydi.

Metrodan esa 60 daqiqalik tarif doirasida bir marta foydalanish mumkin. Metroga ikkinchi marta kirilganda yangi 60 daqiqalik tarif hisoblanadi.

Transport kartalarining tariflari qancha bo‘ladi?

Yangi tariflar bilan birga avtobus, shuningdek avtobus va metro uchun amal qiladigan transport kartalarining kunlik, haftalik, oylik va uzoq muddatli tariflari ham
belgilanadi.

Masalan, avtobus uchun bir kunlik karta 11 ming 500 so‘m, 30 kunlik karta 250 ming so‘m bo‘ladi.

Tarif turi

Tarif operatsiyasi

Qatnovlar
soni

To‘liq qiymatdan
chegirish miqdori 

Tarif rejalarining narxi
QQS bilan
(so‘m)

Cheksiz (avtobus)

1 kunlik
(24 soat)

6

23 foiz

 

 

 

 

 

 

 

11 ming 500 so‘m

5 kunlik

22

42 ming 500 so‘m

1 haftalik
(7 kun)

28

54 ming so‘m

10 kunlik

44

84 ming 500 so‘m

15 kunlik

66

127 ming so‘m

20 kunlik

88

169 ming 500 so‘m

30 kunlik

130

250 ming so‘m

1 oylik

130

250 000

3 oylik (90 kun)

390

30 foiz

682 500

6 oylik (180 kun)

780

40 foiz

1 170 000

1 yillik (365 kun)

1 560

50 foiz 

1 950 000


Metro va avtobus uchun birgalikda ishlaydigan tariflar uchun narxlar quyidagicha shakllangan:

Tarif turi

Tarif operatsiyasi

Qatnovlar
soni

To‘liq qiymatdan
chegirish miqdori 

Tarif rejalarining narxi
QQS bilan
(so‘m)

Cheksiz
(avtobus + metro)

5 kunlik

30

23 foiz

 

 

 

 

 

 

57 500

1 haftalik
(7 kun)

38

73 000

10 kunlik

60

115 500

15 kunlik

90

173 000

20 kunlik

120

231 000

30 kunlik

180

345 000

1 oylik

180

345 000

3 oylik
(90 kun)

540

30 foiz

945 000

6 oylik
(180 kun)

1 080

40 foiz

1 620 000

1 yillik
(365 kun)

2 160

50 foiz

2 700 000

O‘quvchilar, talabalar, nafaqaxo‘rlar va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun transport kartalaridan foydalanishda 50 foizlik chegirma qo‘llanadi. Jamoat transportidan bepul foydalanish huquqiga ega bo‘lgan fuqarolar uchun amaldagi imtiyozlar esa saqlab qolinadi.

Oylik transport xarajati qanchaga oshadi? — ishchi misolida

Bir qarashda yo‘lkiraning 2 500 so‘mgacha oshirilishi, ya’ni har bir qatnov uchun 800 so‘m qo‘shimcha to‘lov katta miqdordek ko‘rinmasligi mumkin. Biroq bu xarajatni bir oyga hisoblaganda, katta tafovut yuzaga chiqadi. 

Masalan, oddiy ishchini olaylik. U 22 ish kunida ofisga qatnaydi va har kuni ishga borish hamda qaytishda avtobus yoki metrodan foydalanadi, deb hisoblaymiz. Bu bir oyda 44 ta qatnov degani.

Avvalgi tarif

Oktyabrdan

Farq

1 qatnov

1 ming 700 so‘m

2 ming 500 so‘m

+800 so‘m

Kuniga 2 qatnov

3 ming 400 so‘m

5 ming

+1 ming 600 so‘m

22 kun davomida

74 ming 800 so‘m

110 ming so‘m

+35 ming 200 so‘m 


Shu hisob-kitobga ko‘ra, faqat ishga borib-kelish uchun sarflanadigan oylik transport xarajati 35 ming 200 so‘mga oshadi. Bunda bir soatlik tarif doirasidagi qayta qatnovlar va boshqa chegirmalar hisobga olinmagan.

Jamoatchilik fikri inobatga olindimi? 

Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining poytaxtdagi jamoat transportida yo‘lkira haqi tariflarini belgilashga oid qaror loyihasi 4-sentabrdan 19-sentabrgacha jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan. 15 kun davomida loyiha bo‘yicha mingdan ortiq ko‘rish qayd etilib, 100 ga yaqin taklif va izohlar bildirilgan.

Muhokama sahifasidagi izohlarda yo‘lkira narxining oshirilishiga qarshi fikrlar talaygina. Shu bois jamoatchilik tomonidan bildirilgan taklif va e’tirozlarning qanchasi o‘rganilgani, ulardan qaysilari qaror loyihasini yakunlashda inobatga olingani hamda muhokama natijalari qanday umumlashtirilgani haqida savollar tug‘iladi.

Vaqt.uz muxbiri, avvalo, Toshkent shahar hokimligi matbuot kotibi Gulnoza Qosimovaga murojaat qilib, muhokamada qancha fuqaro qatnashgani, bildirilgan e’tirozlar o‘rganilgan-o‘rganilmagani va yakuniy xulosa qanday shakllantirilgani haqida so‘radi. Qosimova masala Transport vazirligi hamda «Toshshahartransxizmat» AJ vakolatiga tegishli ekanini bildirdi:

«Bu Transport vazirligining loyihasi. Qolaversa, «Toshshahartransxizmat»niki. Ular bilan gaplashaverasiz. Biz hisobotni qilmaymiz», — dedi va «Toshshahartransxizmat» AJ matbuot kotibining kontaktini ulashdi.

«Toshshahartransxizmat» AJ matbuot kotibi Muslima Obidova esa, aksincha, jamoatchilik muhokamasi bo‘yicha yakuniy hisobot tashkilotda mavjud emasligi va bu masala hokimlikka tegishli ekanini bildirdi.

«Bu bo‘yicha bizda ma’lumot bo‘lmaydi. Qaror loyihasi Toshkent shahar hokimligiga tegishli, ulardan ma’lumot olishingiz kerak. Mening tashkilotim javob bermaydi bunga», — deya yozdi u Vaqt.uz muxbiriga.

Hokimlikka qayta murojaat qilinganda esa Qosimova bu safar Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi bilan bog‘lanish kerakligini aytdi. Kengash matbuot kotibi Jasurbek Lapasov esa qo‘ng‘iroqlarimizga javob bermadi.

Shunday qilib, jamoatchilik muhokamasining yakuniy natijalari, bildirilgan takliflarning qanchasi ko‘rib chiqilgani va ular qaror loyihasiga qanday ta’sir qilgani haqidagi savollarimizga murojaat qilingan tashkilotlarning hech biri aniq javob bermadi.

Axir poytaxtda yashovchilarning hayotiga katta ta’sir qiladigan bunday muhim qaror 15 kunda apil-tapil qabul qilindi. Kamiga jamoatchilik tomonidan bildirilgan fikr va e’tirozlarning yakuniy qarorda qanday aks etgani so‘ralganda, mas’ul tashkilotlar javobni bir-biriga to‘nkamoqda.

Qonunchilikda esa jamoatchilik muhokamasida bildirilgan fikr va takliflarni ko‘rib chiqish tartibi belgilangan. «Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida»gi qonunning 24-moddasiga
ko‘ra, ishlab chiquvchi jamoatchilik muhokamasi davomida kelib tushgan fikr-mulohaza va takliflarni ko‘rib chiqishi hamda qabul qilingan takliflarga muvofiq loyihani takomillashtirishi kerak. Agar takliflar rad etilsa, ularni rad etish sabablari asoslantirilishi lozim.

Shu sababli bu yerda savol jamoatchilik tomonidan bildirilgan barcha takliflar qabul qilingan-qilinmaganida emas, balki ular ko‘rib chiqilganmi, qaysi takliflar qabul qilingan yoki rad etilgan va rad etilgan taqdirda bunga qanday asoslar keltirilganida.

Yakuniy hisobot rasmiy tashkilot tomonidan taqdim etilmagach, Vaqt.uz mavjud ma’lumotlar — jamoatchilik muhokamasida qoldirilgan 102 ta izohni o‘rgandi. Ayrimlar yo‘lkira oshirilishiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qarshi chiqqan, boshqalar muqobil tarif taklif qilgan. Yana ayrimlar esa xizmat sifati, imtiyozlar va tariflarning iqtisodiy asoslarini ochiqlashni so‘ragan.

Munosabat

Izohlar soni

Ulushi

Yo‘lkira oshirilishiga aniq qarshi

64 ta

62,7 foiz

Shartli qarshi / muqobil tarif taklif qilgan

31 ta

30,4 foiz

Qo‘llab-quvvatlagan

1 ta

1 foiz

Aniq pozitsiya bildirmagan yoki bo‘sh

6 ta

5,9 foiz

Jami

102 ta

100 foiz


Izoh: ushbu tasnif rasmiy so‘rovnoma natijasi emas. Raqamlar
Vaqt.uz tomonidan muhokama sahifasidagi izohlar mazmunini tasniflash asosida hisoblangan. 102 ta izohni 102 nafar alohida fuqaro deb hisoblash mumkin emas, chunki sahifada takroriy izohlar va bir fikrning davomlari ham mavjud.

Odamlarning fikri qanday?

Jamoatchilik muhokamasida qoldirilgan izohlar orasida yo‘lkira oshirilishining iqtisodiy asoslari, aholining daromadlari, xizmat sifati va transport xarajatlarining ochiqligi yuzasidan turli fikrlar bildirilgan.

Mustaqil izlanuvchi:

«Bunaqa qimmat qilish 47 foizga aholi daromadlari va inflatsiya darajasiga mutanosib emas, ortiqcha to‘lanadigan pul qayerga ishlatilishi haqida hisobot berilishi kerak, agar oshirilsa».

Anonim foydalanuvchi:

«Nima uchun oylik 10 foizga oshgan bir paytda aynan ijtimoiy xizmatlar undan ko‘pga oshishi kerak? O‘zi shundoq ham juda ko‘p xizmat va oziq-ovqat turlari yil davomida 10 foizlik oshishdan ancha yuqorilab ketyapti. Men shaxsan bu taklifga qarshiman, qachonki barcha xarajatlar shaffof qilinsagina bunaqa qarorlar taklif qilinsa maqsadga muvofiq bo‘lardi».

Yana bir foydalanuvchi:

«Qarshiman. Shahar transportidan himoyaga muhtoj, kam daromadli yoki umuman daromadsiz fuqarolarimiz foydalanishadi. Transport xarajatlarini 47 foiz oshirish ularning zarariga ishlaydi. Oyliklar 10 foizga oshganini ham hisobga olib o‘tish zarur».

Tadbirkor:

«Qanday qilib 47 foizga yo‘lkira narxlari oshirilishi mumkin? 3 yildan buyon oshirmagan bo‘lsanglar ham, har yilgi 7 foiz inflatsiyani qo‘shganda ham 21 foiz bo‘lishi mumkin, 47 foiz oshirish qaysi aqllidan chiqqan qaror bu? Qaysi davlatda shuncha oshirilarkan yo‘lkira narxlari? Mingdan ming noroziman! Avval boshqa davlatlar tajribalarini o‘rganinglar, maktab boshlang‘ich sinflari o‘quvchilari (1–4-sinf) uchun tekin, qolgan o‘quvchilar uchun esa chegirma belgilash kerak! Transportdagi aholi oqimi ko‘pligidan 169-avtobusga, misol uchun, chiqolmaymiz ertalab! Aholini ham o‘ylab narxni ko‘taringlar, qarg‘ishiga qolib ketmanglar shuncha odamni!»

Yana bir ishtirokchi:

«Jamoat transportining asosiy maqsadi jamoatga xizmat qilish. To‘lov deyarli 2 barobarga ko‘paymoqda. Buning asoslarini ko‘rib chiqish lozim. Jamoat transportining xarajatlari faqat yo‘lovchilar tomonidan to‘lanadigan summalar orqali qoplanmaydi. Yo‘lovchilar faqat chipta uchun to‘lov emas, balki fuqaro sifatida soliq va yig‘imlarni ham to‘lashadi. Xarajatlarni faqat chipta narxiga bog‘lash juda noto‘g‘ri deb hisoblayman. Aholining jamoat transportidan foydalanishi ko‘p jihatdan foydali hisoblanadi. Asosiy yo‘llarda tirbandliklar kamayadi. Aksincha, aholini jamoat transportidan foydalanishga chaqirish lozim. Hozirgi holatda bu tartib yetarlicha asosga ega emas, deb o‘ylayman».

Yana bir foydalanuvchi:

«Narxlarning oshirilishiga qarshiman. Jamoat transporti tekin bo‘lsin, degan fikrdan yiroqman. Lekin arzon bo‘lishi kerak. Shunda odamlar ko‘proq jamoat transportida yuradigan bo‘ladi. Qimmatlashgan sayin boshqa vositalarga o‘tish boshlanadi. Bu tirbandliklarni keltirib chiqaradi. Jamoat transporti o‘zini oqlamayapti, degan gapni safsata, deb hisoblayman. Naqd pulda to‘lov bekor bo‘lganidan keyingi mutasaddilarning bayonotlarida transport korxonalarida pul oshib-toshib ketdi, shuncha mablag‘ oldingi tizimdagidan ko‘p tushdi, degan jumlalarni uchratgan edik. Oradan hech qancha o‘tmasdan o‘zini o‘zi qoplamayapti, degan bahona bilan yo‘l haqini oshirish kulgili. Men imkon qadar piyoda yuraman. Lekin shunga qaramasdan, vaqt tig‘iz paytlarda kuniga 2-marta jamoat transportidan foydalanishimga to‘g‘ri keladi. Hozirgi narx ham mening oilaviy budjetimga ta’sir qiladi. Kimlardir oshsa oshaversin deyishi mumkin. Undaylar jamoat transportidan foydalanmaydi yoki jamoat transporti uchun har kuni ortiqcha sarflanadigan yuzlab, minglab so‘mlarning farqini sezmaydigan darajada yaxshi daromad topadi».

Yuqorida jamoatchilik tomonidan bildirilgan fikrlarning bir nechtasini keltirdik, xolos. Muhokama sahifasida yana ko‘plab izohlar mavjud bo‘lib, ularning aksariyatida yo‘lkira oshirilishiga ochiq norozilik bildirilgan.

Yo‘lovchini tashish qanchaga tushadi?

Toshkent shahar transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Shuhrat Abdullayevning Vaqt.uz muxbiriga aytishicha, amaldagi 1 700 so‘mlik elektron yo‘lkira avtobusda bir yo‘lovchini tashish xarajatining faqat bir qismini qoplaydi.

«Poytaxtda 2023-yilda belgilangan elektron yo‘lkira tarifini 1 700 so‘mdan 2 500 so‘mga oshirish rejalashtirilmoqda. Ushbu taklifni ishlab chiqishda Toshkent shahar transport bosh boshqarmasi hamda poytaxt hokimligi mas’ullari tomonidan xorij, xususan, MDH mamlakatlari tajribasi chuqur o‘rganildi.

Tahlillarga ko‘ra, bugungi kunda poytaxt avtobuslarida bir yo‘lovchini tashish tannarxi 5 500 so‘mdan oshib ketgan. Amalda bu xarajatlarning 70–75 foizi mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan qoplanyapti. Shu bois, xarajatlar va daromadlar mutanosibligini ta’minlash maqsadida elektron to‘lov tarifini 2 500 so‘m etib belgilash taklif etildi», — deydi u.

Jamoatchilikning fikri qayerda qoldi?

Poytaxtda jamoat transporti yo‘lkirasi so‘nggi marta bundan uch yil oldin — 2023-yil noyabrda 1 ming 400 so‘mdan 1 ming 700 so‘mgacha oshirilgan edi. Shundan buyon tarif o‘zgarmadi. Shu sababli ijtimoiy tarmoqlarda «shuncha muddatdan keyin yo‘lkira oshirilishi tabiiy» degan fikrlar ham yangramoqda.

Ammo uch yil davomida yo‘lkira o‘zgarmagani bilan poytaxt jamoat transporti bilan bog‘liq e’tirozlar ham yo‘qolgan emas. Avtobus va metrodagi interval, transportdagi sharoit va xizmat sifati bo‘yicha e’tirozlar esa tingani yo‘q. 

Qolaversa, yangi tarif tasdiqlanganidan keyin jamoat transportiga ajratilayotgan qariyb 2 trln so‘mlik subsidiyalar miqdori qanday o‘zgarishi haqida ham aniq ma’lumot berilmadi. Ya’ni odamlar bir tomondan soliqlari orqali jamoat transportini subsidiyalashda ishtirok etadi, boshqa tomondan esa qimmatlashgan yo‘lkirani to‘laydi. Xo‘sh, evaziga nima o‘zgaradi?

Masala faqat yo‘lkiraning 1 700 so‘mdan 2 500 so‘mga oshirilishida emas. Jamoatchilik muhokamasida bildirilgan fikrlar nima bo‘lgani, ulardan qaysilari inobatga olingani ham muhim. Aslida muhokamada qancha odam qatnashgani, nechta taklif bildirilgani va ularning qanchasi qabul qilingani haqida aniq ma’lumot berilsa, jamoatchilikning pozitsiyasini tushunish osonroq bo‘lardi. Bunday ma’lumotlar ochiq berilmagani uchun
Vaqt.uz mavjud izohlarni o‘rganishga majbur bo‘ldi.

Qonunchilikda ham jamoatchilik muhokamasida bildirilgan takliflar ko‘rib chiqilishi, rad etilgan taqdirda esa buning sabablari asoslanishi belgilangan. Shunday ekan, oddiy savol ochiq qolmoqda: muhokamada bildirilgan e’tirozlarning qaysilari inobatga olindi, qaysilari rad etildi va nima sababdan?

Endigina oyliklari oshganidan xursand bo‘lgan odamlar qimmatlashayotgan tariflarga apil-tapil o‘tishi va buning ustiga aniq hisobotlar ham berilmasligi, bu eng avvalo xalqning tizimga nisbatan ishonchini yemiradi.

Теглар

Маҳлиё Ҳамидова

Маҳлиё ҲамидоваМақолалар сони: 209

Барчаси

Мавзуга оид