Janubiy Koreyaning sobiq prezidenti qamoqda bir yil ichida 1,15 mln dollar pul oldi
Qonunga ko‘ra, mahbus hisobida bir vaqtning o‘zida 4 million vondan ortiq (taxminan 2700 dollar atrofida) mablag‘ saqlanishi mumkin emas. Belgilangan limitdan oshgan pul mahbusning shaxsiy bank hisobiga o‘tkaziladi yoki ozodlikka chiqqanidan keyin beriladi.
© The Korea TimesJanubiy Koreyaning sobiq prezidenti Yun Sok Yol qamoqda bo‘lgan bir yil davomida o‘z hisobiga 1,7 milliard von (taxminan 1,15 million dollar) miqdorida pul qabul qildi. Bu mamlakat prezidentining bir yillik maoshidan 6,3 baravar ko‘p. Bu haqda «The Korea Times» xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Yun 2025-yil 10-iyuldan 2026-yil 10-iyulgacha 39 ming 829-marta pul o‘tkazmasini qabul qilgan. U ushbu mablag‘ning 99,46 foizini 511-marta yechib olgan. Bu ko‘rsatkich Seul tergov hibsxonasidagi boshqa mahbuslarga nisbatan ancha yuqori. Ikkinchi eng ko‘p pul olgan mahbus 131 million von (89,5 ming dollar) qabul qilgan.
Sobiq birinchi xonim Kim Gon Xi ham qamoqda eng ko‘p pul olgan mahbuslardan biri bo‘ldi. U bir yil ichida 171 million von (116,8 ming dollar) qabul qilib, 8119-marta pul o‘tkazmasini olgan va mablag‘ning 94,5 foizini yechib olgan.
Qonunga ko‘ra, mahbus hisobida bir vaqtning o‘zida 4 million vondan ortiq mablag‘ saqlanishi mumkin emas. Belgilangan limitdan oshgan pul mahbusning shaxsiy bank hisobiga o‘tkaziladi yoki ozodlikka chiqqanidan keyin beriladi.
Shu bilan birga, Yun Sok Yol 2022-yilgi prezidentlik saylovi kampaniyasi vaqtida yolg‘on ma’lumot bergani uchun 1,5 yilga ozodlikdan mahrum etildi, biroq hukm 3 yil sinov muddati bilan shartli belgilandi. Agar ushbu hukm kuchda qolsa, uning partiyasi saylov kampaniyasi uchun davlatdan olgan 39,7 milliard von (taxminan 27 million dollar atrofida) mablag‘ni qaytarishi kerak bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Janubiy Koreyaning amaldagi prezidenti uysiz qolganini aytgandi. Aniqrog‘i davlat rahbari Seul yaqinidagi Sonnam shahrida joylashgan o‘zining yagona kvartirasini shu yilning fevral oyida sotuvga qo‘ygan. Prezident bu qarorga ko‘chmas mulk bozorini barqarorlashtirish bo‘yicha olib borilayotgan chora-tadbirlarga nisbatan fuqarolarning ishonchini oshirish maqsadida kelgan.





