Kartadan kartaga pul ko‘chirishda «o‘tkazma maqsadi»: texnik yangilanishmi yoki nazorat?

Kartadan kartaga amalga oshiriladigan to‘lovlarda endi o‘tkazma maqsadini ko‘rsatish majburiy bo‘ldi. Markaziy bank buni texnik o‘zgarish sifatida izohlasa-da, jamoatchilik faollari bu qarorni keskin tanqid qilmoqda.

Kartadan kartaga pul ko‘chirishda «o‘tkazma maqsadi»: texnik yangilanishmi yoki nazorat?

Markaziy bank tomonidan 17-fevral kuni banklar va to‘lov tashkilotlariga yuborilgan rasmiy xatda mobil ilovalarda P2P o‘tkazmalar maqsadini majburiy ko‘rsatish talabi bayon qilingan. Hujjat Markaziy bank raisi birinchi o‘rinbosari Nodirbek Saydullayev tomonidan imzolangan.

2

Markaziy bank kartadan kartaga amalga oshiriladigan P2P o‘tkazmalar bo‘yicha yangi talabni joriy qilmoqda. Garchi regulyator to‘lov tashkilotlariga jo‘natilgan xatdagi talab majburiy emas, tavsiyaviy xarakterga ega ekanini ta’kidlayotgan bo‘lsa ham, jamoatchilik tavsiyani banklar so‘zsiz bajarishi foydalanuvchilar pul yuborish jarayonida o‘tkazma maqsadini majburiy tartibda tanlashi kerak bo‘lishini ta’kidlashmoqda. 

Bunda 16 ta toifadan biri — masalan, «oilaga yordam», «qarzni qaytarish», «ijara to‘lovi» yoki boshqa yo‘nalishlardan biri belgilanadi.

1

Mazkur topshiriq prezidentning 2025-yil 10-dekabrdagi «Naqdsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni ijrosi hamda Maxsus komissiya yig‘ilishi yakunlariga asoslangan. Amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot 1-martga qadar Markaziy bankning To‘lov tizimlari departamentiga taqdim etilishi so‘ralgan.

Hozirda tizim ayrim ilovalarda ishga tushirilgan, qolganlarida esa yaqin vaqt ichida joriy etilishi kutilmoqda.

Regulyator izohiga ko‘ra, yangi tartib hech qanday to‘lov yoki tranzaksiyalarga cheklov kiritmaydi va pul o‘tkazish mexanizmi o‘zgarmaydi.

«Bu iste’molchilar uchun hech qanday qiyinchilik tug‘dirmaydi, ortiqcha ovoragarchilik talab qilmaydi. Har bir bank va to‘lov tashkiloti ushbu talabni o‘z mobil ilovasi arxitekturasi va ichki jarayonlaridan kelib chiqib mustaqil ravishda amalga oshiradi», — deya ta’kidlanadi rasmiy izohda.

Shuningdek, foydalanuvchi tomonidan kiritilgan ma’lumotlar faqat mobil ilova doirasida qayta ishlanishi va uchinchi shaxsga berilmasligi aytilgan.

Biroq regulyator bu yangilikni «texnik rivojlanish» sifatida izohlasa-da, jamoatchilik faollari orasida keskin tanqid va muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

«Shimol tajribasiga tayangan yomon o‘zgarish»

Iqtisodchi Otabek Bakirov nima bo‘lganda ham bu iste’molchilar uchun yaxshi yangilik emasligini yozmoqda. Sabablarini esa quyidagicha izohlagan:

  • Birinchidan, so‘nggi paytlarda Markaziy bank bank sektori va to‘lov tashkilotlariga nisbatan iste’molchilar huquqlariga daxldor qator qaror va cheklovlarni institutsional tarzda, ya’ni ochiq hujjatlar orqali emas, balki xatlar yoki majlislardagi ko‘rsatmalar shaklida joriy etmoqda.

    Jumladan, 20 ta karta cheklovining uzaytirilishi, «15 million o‘zbekistonlik shaxsiy axborotiga jarohat» yetkazilgani ortidan kiritilgan taqiq va cheklovlar (ilovalarning xorijda o‘chirilishi, OneID’ga bog‘lash, P2P summasiga miqdoriy cheklovlar) hamda endi P2P maqsadini ko‘rsatish talabi shular jumlasidandir. Uning fikricha, iste’molchilar bu cheklovlar haqida ko‘pincha amaliyotni bajarish paytidagina xabar topmoqda, proaktiv kommunikatsiya esa kamaygan.

  • Bakirovning ikkinchi e’tirozi shundan iboratki, agar regulyatorga P2P maqsadi haqiqatan ham «raqamli servislarni rivojlantirish» doirasida qiziq bo‘lganida, bu ma’lumotni davriy so‘rovnomalar orqali ham jamlash mumkin edi. Uningcha, maqsadni majburiy ko‘rsatishga zarurat bo‘lmasdi.

  • Uchinchidan, iqtisodchi jamlangan har qanday axborot kelajakda turli cheklov va tashabbuslarni ilgari surish uchun asos bo‘lishi mumkinligini aytmoqda. Masalan, P2P o‘tkazmasida «tovarlar yoki savdo uchun to‘lov» deb ko‘rsatish savdo qoidalari buzilayotganini de-fakto tan olish sifatida talqin qilinishi mumkin. Shuningdek, ro‘yxatdagi 2, 7, 8, 12 va 16-bandlarni tanlash ham iste’molchining o‘zini o‘zi komprometatsiya qilish ehtimolini keltirib chiqaradi, deb hisoblaydi u.

Uning fikricha, vaqt o‘tib soliq organlari P2P bo‘yicha yangi talablarni ilgari sursa, bu ajablanarli bo‘lmaydi. Shu bilan birga, 16 ta maqsad ichida «o‘ziga o‘zi o‘tkazma» bandi yo‘qligiga ham e’tibor qaratilgan.

  • To‘rtinchidan, bu cheklov va talablar uy-joy va avtomobil xaridlari, davlat xizmatlari, elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvidan foydalanganlik uchun to‘lovlar, alkogol va tamaki mahsulotlari, yoqilg‘i hamda qiymati 25 million so‘mdan oshadigan tovar va xizmatlar uchun to‘lovlarni naqdsiz shaklga o‘tkazish arafasida joriy etilayotganini g‘alati deb baholaydi. Uning fikricha, bu holat «kartadan va naqdsizlikdan tezroq qoch, naqdga o‘t» degan chaqiriqdek ko‘rinishi mumkin.

  • Beshinchidan, ushbu tajriba qayerdan olinayotgani haqida savol qo‘yadi va Rossiya amaliyotini misol keltiradi. Uning aytishicha, Rossiyada o‘tkazmalarda maqsadni ko‘rsatmaslik federal qonun bilan tartibga solinadi: maqsadni ko‘rsatmaslik mumkin, biroq bunday holatda banklar mijozni bloklash yoki qo‘shimcha shaxsiy ma’lumotlarni talab qilish huquqiga ega bo‘ladi hamda ma’lumotlar soliq organlariga uzatilishi mumkin.

    2025-yil 1-iyuldan boshlab talablar yanada kuchaytirilgan, hatto 10 ming rubllik o‘tkazmalar haqidagi ma’lumotlar ham soliqchilar va Rosfinmonitoringga taqdim etilishi va soliqqa tortilishi mumkinligi qayd etilgan.

«Sun’iy statistika paydo bo‘lishi mumkin»

Iqtisodchi-jurnalist Bahodir Abdullayev esa jarayon shu tarzda davom etsa, bir necha oydan keyin ikki holat muqarrar bo‘lishini aytmoqda.

Uning fikricha, birinchi ssenariyda odamlar shunchaki to‘lovi o‘tishi uchun birinchi maqsadni bosib, pullarini o‘tkazaveradi. Natijada O‘zbekistonda falon milliard so‘mlik «savdo uchun to‘lov» P2P orqali amalga oshirilayotgani haqida asossiz statistika shakllanishi mumkin. Biroq aynan shu raqamlar keyinchalik soliq organlariga P2P ma’lumotlarini olish zarurligini asoslash uchun xizmat qilishi ehtimoldan xoli emas.

Ikkinchi ehtimoliy vaziyatda esa, yangi boshog‘riqlardan qochishni istagan sotuvchilar P2P orqali savdo qilayotganda xaridorlardan boshqa maqsadlarni belgilashni so‘ray boshlaydi. Bu holat, uning ta’biri bilan aytganda, xuddi taksi haydovchisining mijozdan 5 ta yulduz qo‘yishni so‘rashiga o‘xshash vaziyatni yuzaga keltiradi.

«Menimcha bu o‘zgarish faqat Markaziy bank regulyatsiyasi ostidagilarga emas, butun jamiyatning kundalik hayotiga aloqador. Shunday ekan, qaror xat yoki yig‘ilish bayoni bilan emas, jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladigan boshqa hujjat bilan qabul qilinishi lozim», — deb yozmoqda Bahodir Abdullayev Telegram blogida.

Shuningdek, uning fikricha, odatda to‘lov tashkilotlari yoki banklar foydalanuvchini ortiqcha harakatga majburlaydigan funksiyani o‘z tashabbusi bilan joriy etmaydi, chunki har bir qo‘shimcha bosqich ularning raqobatbardoshligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

«Muammo funksiyada emas, ma’lumotlardan foydalanishda»

Iqtisodchi Shuhrat Qurbonovning aytishicha, «o‘tkazma maqsadi»ni majburiy ko‘rsatish tashqi tomondan oddiy funksiya bo‘lib ko‘rinsa-da, amalda u noto‘g‘ri statistik xulosalar va ortiqcha nazorat mexanizmlariga eshik ochib berishi mumkin.

«Odamlar odatda ro‘yxatdagi birinchi bandni bosadi. Natijada real vaziyatni aks ettirmaydigan sun’iy statistika paydo bo‘lishi mumkin», deydi u.

Qurbonovning ta’kidlashicha, asosiy masala funksiyaning o‘zida emas, balki keyinchalik yig‘ilgan ma’lumotlardan qanday foydalanilishida. Uning fikricha, bu ma’lumotlar kelajakda yangi cheklov yoki soliq tashabbuslarini asoslash vositasiga aylanishi ehtimolini inkor qilib bo‘lmaydi.

Shu bilan birga, u naqdsiz to‘lovlar har qanday holatda ham naqd puldan ustunligini qayd etadi — chunki elektron o‘tkazmalarda iz qoladi, naqd pulda esa yo‘q.

«Bu talab aholini naqd pulga qaytarishi mumkin»

«Platforma.uz» nashri ham tanqidiy yondashmoqda. Unda yozilishicha, 1-apreldan deyarli barcha oldi-sotdilarda naqd puldan voz kechilib, faqat naqdsiz to‘lovlar amal qilishi belgilangan. Shu fonda P2P o‘tkazmalarda maqsadni ko‘rsatish talabi aks ta’sir berishi, ya’ni aholining naqd pulga qaytishiga turtki bo‘lishi mumkinligi ta’kidlanadi.

Nashr fikricha, agar fuqaro o‘z pulini erkin va istagancha ishlata olmayman, degan xavotirga borsa, u holda maqsad tanlab o‘tirmasdan, mablag‘ni naqd qilib yechib olish yo‘lini tanlashi mumkin. Ayniqsa, 15 million fuqaroning shaxsiy ma’lumotlari sizib chiqqanidan keyin bank tizimiga nisbatan ishonch pasaygan bir paytda bunday yangilik ishonchsizlikni yanada kuchaytirishi mumkinligi qayd etilgan.

«O‘zimning boshqa kartamni to‘ldirish» bandi nega yo‘q?

Jurnalist Shuhrat Shokirjonov esa tanganing boshqa tomoniga e’tibor qaratdi. Uning taxminicha, asosiy maqsad kassa apparatisiz P2P orqali savdo qilayotganlar haqida ma’lumot to‘plash bo‘lishi mumkin.

Unga ko‘ra, agar maqsad haqiqatan ham tizimni qulaylashtirish bo‘lganida, «o‘zimning boshqa kartamni to‘ldirish uchun o‘tkazma» kabi band ham ro‘yxatga kiritilgan bo‘lardi. Chunki amalda o‘tkazmalarning katta qismi M2M — ya’ni bir shaxsning o‘z kartalari o‘rtasidagi o‘tkazmalardan iborat.

«P2P ustidan nazorat urinishlari 2018 yildan beri bor»

P2P o‘tkazmalar to‘g‘risida axborot olish va ularni nazorat qilishga urinishlar 2018 yildan beri turli ko‘rinishlarda davom etib kelmoqda. Bakirov ta’kidlashicha, hatto 2023 yilda yangilangan Konstitutsiya targ‘iboti jarayonida ham bu masala bilvosita muhokama markazida bo‘lgan. Shu vaqtgacha bunday urinishlarga nisbatan Markaziy bankning pozitsiyasi qat’iy bo‘lib kelganini ham eslatadi.

U Konstitutsiyaning 15-moddasiga tayanib, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi oliy yuridik kuchga ega ekanini va to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishini qayd etadi. Ya’ni hech bir hujjat — nizom, farmon, qaror yoki qonun — Konstitutsiyaga zid bo‘lishi mumkin emas. Agar zid bo‘lsa, u avtomatik tarzda bekor hisoblanadi.

Shuningdek, Konstitutsiyaning 41-moddasida «Bank operatsiyalarining, omonatlarning va hisobvaraqlarning sir tutilishi qonun bilan kafolatlanadi», deb belgilab qo‘yilganini esga soladi.

Bakirovning fikricha, avvalroq kiritilgan va bank sirini tashkil etuvchi P2P o‘tkazmalar haqidagi ma’lumotlarning soliq organlarida jamlanishini nazarda tutuvchi PF-21 farmonining 7-bandi 4-xatboshisi Konstitutsiyaga zid bo‘lishi mumkin. 

U banklar P2P o‘tkazmalarga doir, bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni soliq organlariga taqdim etishni to‘xtatishi, soliq organlari esa bunday ma’lumotlarni elektron hisobvaraq-faktura yoki boshqa kanallar orqali olishdan voz kechishi zarurligini ta’kidlaydi.

Теглар

Маҳлиё Ҳамидова

Маҳлиё ҲамидоваМақолалар сони: 101

Барчаси

Мавзуга оид