Logo

Koreya taraqqiyot banki O‘zbekistondagi filialini sotishni ko‘rib chiqmoqda

Бугун 15:052 дақиқа

Bank xorijdagi 25 ta filiali faoliyatini qayta ko‘rib chiqmoqda. Ayrim davlatlarda bank faoliyatini qisqartirishi, o‘sish salohiyati yuqori hududlarda esa kengaytirishi mumkin.

Koreya taraqqiyot banki O‘zbekistondagi filialini sotishni ko‘rib chiqmoqda © KDB Bank Uzbekistan

Koreya taraqqiyot banki (KDB) O‘zbekistondagi «KDB Uzbekistan» bankini sotishni rejalashtirmoqda. Hozircha bank bu borada yakuniy qarorga kelmagan, deya xabar bermoqda Janubiy Koreyaning «Maeil Business» nashri.

Qayd etilishicha, KDB xorijdagi 25 ta filial va vakolatxonalarining samaradorligini baholamoqda. Bank ayrim bozorlarda faoliyatini qisqartirish, o‘sish imkoniyati yuqori bo‘lgan hududlarda esa ishtirokini kengaytirishni rejalashtirmoqda.

Shuningdek, yangi filiallar ochish, ayrim ofislarni birlashtirish va ba’zi aktivlarni sotish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqilmoqda.

«Koreyaning mahalliy banklari faol ravishda kirib borayotgan bozorlarda KDB o‘ziga tegishli aktivlarni sotish imkoniyatini ham ko‘rib chiqmoqda. O‘zbekiston shunday bozorlardan biri sifatida tilga olingan», — deyiladi xabarda.

Ayni paytda «Shinhan Bank» O‘zbekistonda mahalliy sho‘ba kompaniyasini tashkil etishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. «Hana Bank» esa mamlakatda vakolatxona ochish jarayonini boshlagan. Shuningdek, Janubiy Koreyaning davlatga tegishli Eksport-import banki ham O‘zbekistonda o‘z vakolatxonasiga ega.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, «KDB Uzbekistan» sotilgan taqdirda ham uning ehtimoliy xaridorlari koreys banklari bo‘lishi mumkin.

KDBning o‘zi O‘zbekistondagi sho‘ba bankini sotish bo‘yicha aniq qaror qabul qilinmaganini bildirgan. Shu sababli hozircha bankning O‘zbekistondagi faoliyati to‘xtatilishi yoki o‘zgarishi haqida aniq ma’lumot mavjud emas.

Ma’lumot uchun, Koreya taraqqiyot banki 2006-yilda Daewoo Group'ning «Woodoo Bank»ini sotib olib, Toshkentda o‘z faoliyatini boshlagan. Biroq shundan buyon sezilarli natijalarga erishilmagani qayd etilgan. Hozir Koreya taraqqiyot banki bank aksiyalarining 86,32 foiziga egalik qiladi.

Теглар

Мавзуга оид