Kuba iqtisodiyotni qutqarish uchun 175 bandli islohotlar paketini qabul qilmoqda
Olti yildan buyon davom etayotgan iqtisodiy inqiroz fonida Kuba hukumati xususiy investitsiyalar va bozor mexanizmlariga kengroq yo‘l ochishga qaror qildi.

Kuba hukumati mamlakatdagi iqtisodiy va ijtimoiy inqirozni yumshatish maqsadida 175 banddan iborat keng ko‘lamli islohotlar paketini amalga oshirishni rejalashtirmoqda.
Milliy ommaviy axborot vositalari ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat rahbari Migel Dias-Kanel boshchiligidagi hukumat iqtisodiyotni rag‘batlantirishga qaratilgan yangi choralarni joriy etadi. Hukumat iqtisodiy muammolarning kuchayishida AQSH sanksiyalari ham muhim omil bo‘lganini ta’kidlamoqda.
Parlamentga Bosh vazir Manuel Marrero Krus tomonidan taqdim etilgan islohotlar paketi xususiy investitsiyalarni jalb qilish, davlat korxonalariga kengroq mustaqillik berish hamda moliya sektorini xususiy banklar uchun ochishni nazarda tutadi.
Shuningdek, xususiy biznes uchun byurokratik to‘siqlarni qisqartirish, davlat boshqaruvini ixchamlashtirish va xorijda yashovchi kubaliklarga chet ellik investorlar bilan teng huquqlar berish rejalashtirilgan.
Yangi qoidalar mahalliy hokimiyatlarga import-eksport operatsiyalarini mustaqil amalga oshirish, davlat kompaniyalariga esa xorijiy valutani saqlash imkonini beradi.
Marrero mazkur choralar sotsialistik tizimdan voz kechish emasligini ta’kidlab, ularni iqtisodiy samaradorlikni oshirishga qaratilgan «strategik qadamlar» deb atadi.
Ma’lum qilinishicha, islohotlar paketi Raul Kastro ishtirok etgan yig‘ilishda Kuba Kommunistik partiyasi tomonidan ma’qullangan. Endi hujjatning mamlakat parlamenti tomonidan ham tasdiqlanishi kutilmoqda.
Kuba iqtisodiyoti so‘nggi yillarda jiddiy qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Mamlakatda elektr energiyasi taqchilligi, oziq-ovqat va boshqa birlamchi ehtiyoj tovarlari yetishmasligi kuzatilmoqda.
Yuqori inflatsiya, milliy valutaning qadrsizlanishi va ishlab chiqarish hajmining qisqarishi vaziyatni yanada og‘irlashtirgan. Ekspertlar hisob-kitoblariga ko‘ra, 2026 yilda mamlakat iqtisodiyoti yana 7,2 foizga qisqarishi mumkin.





