Logo

KXDR iqtisodiyotining o‘sishi: Kim Chen In Rossiya yordamida mamlakatni o‘zgartirmoqda

Бугун 11:155 дақиқа

Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini qo‘llab-quvvatlash ortidan kelayotgan katta daromad Kim Chen In hokimiyatini mustahkamlab, KXDR iqtisodiyotining yuksalishiga xizmat qilmoqda. Biroq mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu ijobiy o‘zgarishlardan faqatgina aholining kichik bir qismi bahramand bo‘lmoqda.

KXDR iqtisodiyotining o‘sishi: Kim Chen In Rossiya yordamida mamlakatni o‘zgartirmoqda © Kremlin

Uzoq yillar davomida elektr ta’minotidagi muammolar sababli Shimoliy Koreya shaharlari tunlari qorong‘ilikka cho‘mar, sun’iy yo‘ldoshdan olingan suratlarda faqat sanoqli yorug‘ nuqtalargina ko‘zga tashlanar edi. Ammo «NK News» nashrining xabar berishicha, 2020 yilning aprel oyidan buyon o‘tgan 6 yil ichida Pxenyan markazidagi yoritilgan maydonlar ikki barobardan ziyod kengaygan, yorug‘lik darajasi esa uch karra ortgan.

Nashr jurnalistlarining fikricha, bu holat hukumatning o‘z iqtisodiy yutuqlarini ko‘z-ko‘z qilish maqsadida shahar markazidagi yangi binolar va yo‘l infratuzilmasini elektr bilan ta’minlashga ustuvor ahamiyat qaratayotganidan dalolat beradi.

2021 yil yanvarida bo‘lib o‘tgan Koreya Mehnat partiyasining VIII qurultoyida mamlakat rahbari Kim Chen In Pxenyanda 50 mingta yangi xonadon qurish rejasini e’lon qilgan edi. Bu rejalar izchil amalga oshirilmoqda. Masalan, Shimoliy Koreyaning qit’alararo ballistik raketalarini eslatuvchi ikkita 40 qavatli bino qad rostlagan yangi «Xvason» mavzesini bunga yaqqol misol qilib keltirish mumkin.

Ko‘p qavatli uylardan iborat yangi turar joy majmualari KXDRda farovonlik oshayotganining yagona isboti emas. Pxenyanga tez-tez tashrif buyuradigan kuzatuvchilar shahar kun sayin zamonaviylashib borayotganini e’tirof etishmoqda.

Shaharda chetdan keltirilgan avtomobillar, xususan, Xitoy elektromobillari ko‘paymoqda. Aholi QR-kod orqali to‘lov qilish va taksi chaqirish uchun smartfon ilovalaridan faol foydalanmoqda, G‘arb kiyim-kechaklari va pardoz vositalari brendlarini sotuvchi savdo markazlari ish boshlagan.

Shuningdek, poytaxtda mamlakatdagi eng yirik tibbiyot markazi hamda Nyu-Yorkdagi Markaziy park maydoniga teng keladigan ulkan issiqxona majmuasining qurilishi yakunlangan. Bir yil avval esa Kim Chen In mamlakatning sharqiy sohilida besh kilometrlik qumloq hududga va bir vaqtning o‘zida 20 ming mehmonni qabul qila oladigan mehmonxonalar majmuasiga ega «Vonsan-Kalma» dam olish maskanini foydalanishga topshirdi.

Rossiya bilan qurol-yarog‘ bo‘yicha manfaatli bitimlar va kiberhujumlar

Pxenyan rejimi bunday kutilmagan iqtisodiy yuksalishni, birinchi galda, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini qo‘llab-quvvatlash ortidan kelayotgan katta daromad hisobidan moliyalashtirmoqda, deb taxmin qilinadi

Seuldagi Milliy xavfsizlik strategiyasi institutining (INSS) mart oyidagi hisobotiga ko‘ra, Shimoliy Koreya Moskvaga o‘q-dorilar sotish va jangovar harakatlar hududiga o‘z qo‘shinlarini yuborish orqali 7,7 milliarddan 14,4 milliard dollargacha daromad ko‘rgan.

«Bloomberg Economics» nashrining yaqinda qilgan hisob-kitoblariga ko‘ra, Rossiyaga ko‘rsatilgan harbiy yordam 2022 yildan to 2025 yilgacha bo‘lgan davrda KXDRga 14 milliard dollardan ortiq foyda keltirgan. Yana qariyb 8 milliard dollar mablag‘ Xitoy bilan savdo-sotiq, shimoliy koreyalik ishchilarni xorijga yuborish, eksport operatsiyalari va kiberjinoyatchilik ortidan kelgan tushumlarni tashkil etadi.

Masalan, 2025 yilning fevral oyida «Bybit» platformasiga uyushtirilgan yirik kiberhujum oqibatida shimoliy koreyalik xakerlar 1,5 milliard dollarlik «Ethereum» kriptovalyutasini o‘zlashtirgani taxmin qilinmoqda. Taqqoslash uchun: mamlakatning o‘tgan yilgi yalpi ichki mahsuloti (YAIM) hajmi 27 milliard dollarni tashkil etgan.

Kim Chen In: «Hamma narsa tubdan o‘zgardi»

Kuzatuvchilarning ta’kidlashicha, Rossiyaning ittifoqchisi sifatidagi yangi maqom Shimoliy Koreya yetakchisiga ulkan siyosiy mavqe va harbiy qudrat bag‘ishladi. Bu, jumladan, suv sig‘imi 5000 tonnaga teng bo‘lgan ikkita harbiy kemaning suvga tushirilishida ham yaqqol namoyon bo‘ldi. Tahlilchilarning fikricha, Kim Chen In o‘z boshqaruvining 15 yili davomida hech qachon hozirgidek kuchli ta’sir doirasi va katta mablag‘ga ega bo‘lmagan.

Hayratlanarli o‘zgarish: kovid pandemiyasi davrida ozib ketgan Kim Chen In Mehnat partiyasining VIII qurultoyida ko‘zida yosh bilan «iqtisodiyotning deyarli barcha tarmoqlari kutilgan natijalarni bermaganini» tan olgan edi. Oradan besh yil o‘tib, IX qurultoy o‘tkazilgan bino oldiga 50 ta yangi, yuqori aniqlikdagi 600 millimetrli yalpi o‘t ochish reaktiv tizimlari joylashtirildi. Kim Chen In esa zafarona ohangda: «Hamma narsa tubdan o‘zgardi», deya ta’kidladi.

Ekspertlarning fikricha, Rossiya bilan hamkorlikning mustahkamlanishi va Xitoy bilan aloqalarning kengayishi natijasida Shimoliy Koreya jahon siyosatidagi «yakkalangan davlat» maqomidan qutulib, izolyatsiyadan chiqdi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2024 yilning iyun oyida KXDRga tashrif buyurgan bo‘lsa, XXR raisi Si Jinping oradan bir yil o‘tib ushbu mamlakatga bordi. Joriy yilning mart oyida Kim Chen In Pxenyanda Belarus rahbari Aleksandr Lukashenkoni qabul qildi. 2025 yilning sentabrida esa u Pekinda Ikkinchi jahon urushi tugaganining 80 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tantanalarda Si Jinping va Vladimir Putinga hamrohlik qildi.

Rossiyaga askar yuborishdan ko‘riladigan foyda

Shimoliy Koreya o‘nlab yillar davomida to‘plagan ulkan o‘q-dori zaxiralaridan, xususan, artilleriya snaryadlaridan Ukrainaga qarshi urushda foydalanishni Rossiyaga birinchi bo‘lib kim taklif qilgani noma’lum. Ukraina tomonining baholashicha, KXDR Rossiyaga 2024 va 2025 yillarda zarur bo‘ladigan snaryadlarning teng yarmini, shuningdek, o‘ziyurar artilleriya qurilmalari, yalpi o‘t ochish reaktiv tizimlari va ballistik raketalarni yetkazib bergan.

Kiyev rasmiylarining ta’kidlashicha, ayni paytda Pxenyan Ukrainaga qarshi kurashish maqsadida Rossiya Federatsiyasiga 90 nafar harbiy xizmatchi, 6 ta uchirish qurilmasi va 120 ga yaqin raketadan iborat bo‘linmani joylashtirishni rejalashtirmoqda.

16 mingdan 22 minggacha shimoliy koreyalik harbiylar Moskvaga Ukraina Qurolli Kuchlarini chegaraoldi Kursk viloyatidan siqib chiqarishda, keyinchalik esa ushbu hududni minalardan tozalashda yordam berdi. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Kim Chen In endi Rossiyaga yana 30 mingdan 50 minggacha jangchi jo‘natmoqchi. Bu juda manfaatli bitim: INSS ma’lumotlariga ko‘ra, Kim Chen In har bir askar uchun oyiga 2800 dollar, zobit uchun 3000 dollar va jangda halok bo‘lgan har bir shimoliy koreyalik harbiy uchun 6000 dan 10 000 dollargacha tovon puli oladi.

«20x10» mintaqaviy rivojlanish dasturi barbod bo‘ladimi?

Biroq kuzatuvchilarning ta’kidlashicha, hozirgi iqtisodiy yuksalish KXDR aholisining katta qismiga deyarli ta’sir ko‘rsatgani yo‘q. Oziq-ovqat mahsulotlari narxining oshishi va milliy valuta — Shimoliy Koreya vonining qadrsizlanishi xorijiy valuta topish imkoniga ega bo‘lmagan ko‘plab kam ta’minlangan oilalarga og‘ir zarba bo‘lmoqda. Endilikda ko‘plab oilalarda ilgarigi turmush darajasini saqlab qolish uchun ayollar ham ishlashga majbur bo‘lmoqda.

Shu bilan birga, 2024 yilning bahorida Kim Chen In qo‘shimcha daromadlar hisobidan moliyalashtirilishi ko‘zda tutilgan «20x10» mintaqaviy rivojlanish dasturi boshlanganini e’lon qilgan edi. Ushbu dasturning asosiy maqsadi — provinsiyalarda turmush darajasini oshirish, shuningdek, Pxenyan hamda hududlar o‘rtasidagi iqtisodiy tafovutni kamaytirish maqsadida 10 yil davomida har yili 20 ta shahar va tumanda zamonaviy yengil sanoat korxonalarini barpo etishdan iborat.

Ammo «20x10» dasturi doirasidagi loyihalar ko‘pincha muvaffaqiyatsizlikka uchramoqda, deydi Seuldagi Kukmin universiteti professori va Shimoliy Koreya bo‘yicha dunyodagi eng taniqli mutaxassislardan biri Andrey Lankov.

«Bunga yangi fabrikalarda nafaqat zarur infratuzilmaning yo‘qligi, balki ularni elektr energiyasi, butlovchi qismlar va xomashyo bilan ta’minlash tizimining puxta o‘ylanmagani ham sababdir», — deb tushuntiradi u.

Теглар

Мавзуга оид