Lagard Yevropa Markaziy banki rahbarligidan ertaroq ketishi mumkin — Financial Times

19.02.2026 | 09:172 дақиқа

Yevropa Markaziy banki rahbari Kristin Lagard 2027-yilgacha kutmasligi mumkin. FT ma’lumotiga ko‘ra, qaror ortida Fransiyadagi saylovlar va siyosiy xavflar turibdi.

Lagard Yevropa Markaziy banki rahbarligidan ertaroq ketishi mumkin — Financial Times

«Financial Times» xabariga ko‘ra, Yevropa Markaziy banki prezidenti Kristin Lagard rasmiy muddati 2027 yil oktabriga qadar davom etishiga qaramay, lavozimni ertaroq tark etishi mumkin. Nashr manbalariga ko‘ra, u 2027 yil apreligacha iste’foga chiqish variantini ko‘rib chiqmoqda.

Bu qadam Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va Germaniya yangi kansleri Fridrix Mersga uning vorisini prezidentlik saylovlaridan oldin kelishib olish imkonini beradi. Yevropa poytaxtlarida asosiy xavotir — Fransiyada ultrao‘ng kuchlar g‘alaba qozonishi ehtimoli. Bu holat YeMB kabi strategik institut rahbarini tanlash jarayonini murakkablashtirishi mumkin.

YeMB esa rasmiy bayonotda Lagard «o‘z missiyasiga to‘liq e’tibor qaratgani» va hech qanday qaror qabul qilmaganini bildirdi.

 

Siyosiy hisob-kitoblar

Moliya vazirlari o‘rtasida masala yuzasidan yagona pozitsiya yo‘q. Ispaniya Yevropa yangi jadval bo‘yicha harakat qilsa, faol ishtirok etishga tayyorligini bildirdi. Iqtisodiyot vaziri Karlos Kuerpo mamlakatining YeMB rahbariyatida kattaroq rol o‘ynash istagini yashirmadi.

Avstriya va Germaniya esa standart muddatlarga rioya qilish tarafdori. Germaniya moliya vaziri Lars Klingbayl «YeMBda belgilangan jadval bor va biz unga amal qilamiz», dedi.

Lagardga voris rasman 2027 yil yozida tanlanishi kerak. Ammo muhokamalar allaqachon boshlangani Yevropa siyosiy muhitidagi noaniqlikni ko‘rsatadi.

 

Ehtimoliy nomzodlar

«Bloomberg» ekspertlari so‘roviga ko‘ra, ehtimoliy nomzodlar ro‘yxati shakllangan. Ular orasida Ispaniya Banki sobiq rahbari Pablo Ernandes de Kos, Niderlandiya markaziy banki sobiq rahbari Klaas Knot, Germaniya Bundesbanki prezidenti Yoaxim Nagel va YeMB Ijroiya kengashi a’zosi Izabel Shnabel bor.

Yevropa Markaziy banki rahbarligi yevro hududi monetar siyosati, inflatsiya nazorati va moliyaviy barqarorlik nuqtayi nazaridan hal qiluvchi ahamiyatga ega. Shu bois Lagardning ehtimoliy erta ketishi moliya bozorlari va siyosiy elita tomonidan diqqat bilan kuzatilmoqda.

Теглар

Мавзуга оид