«Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartirish kiritish haqidagi qonun matni e’lon qilindi
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran olti oy o‘tgach kuchga kiradi.

O‘zbekistonda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi 28 ta harf va 1 ta tutuq belgisidan iborat bo‘ladi. Bu haqda 2026 yil 21-oktabrda imzolangan «Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish kiritish haqidagi qonun matnida ma’lum qilindi.
Mazkur hujjatga ko‘ra, amaldagi 26 ta harf va 3 ta harflar birikmasi o‘rniga yangilangan alifbo joriy etilmoqda. Xususan, alifbo tarkibiga Ğğ, Öö, Şş, Çç harflari kiritildi. Ushbu qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran olti oy o‘tgach kuchga kiradi.
O‘tish davri va hujjatlarning amal qilishi
Qonun kuchga kirguniga qadar lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida rasmiylashtirilgan hujjatlarda, milliy valutada va qimmatli qog‘ozlarda harflarning avvalgi shakli mavjud bo‘lishi ularning amal qilishiga va muomalada bo‘lishiga monelik qilmaydi.
Davlat organlari va tashkilotlarining avvalgi harflar mavjud bo‘lgan ramziy belgilari va boshqa atributlaridan, binolardagi davlat gerbining bo‘rtma tasviridan, peshlavha va ko‘rsatkichlardan ular yaroqsiz holatga kelguniga qadar yoki Vazirlar Mahkamasi belgilaydigan muddatgacha foydalaniladi.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasiga ikki oy muddatda ushbu qonunning ijrosini amalga oshirishga doir chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish va tasdiqlash vazifasi yuklatildi.





