M2M o‘tkazmalarda komissiya kamayadimi?

Markaziy bank M2M o‘tkazmalarda komissiyalarni belgilashga aralashmasligini ma’lum qildi va rasmiy izoh berdi

M2M o‘tkazmalarda komissiya kamayadimi?

1-apreldan yirik to‘lovlarni to‘liq naqdsiz shaklga o‘tkazish rejalari fonida, o‘zidan o‘ziga (M2M) o‘tkazmalarda komissiyalarni kamaytirish yoki nollashtirish haqida Vaqt.uz muxbiri savol berdi. Bunga Markaziy bank raisi birinchi o‘rinbosari Nodirbek Saydullayev izoh berdi.

Uning ta’kidlashicha, Markaziy bank tijorat banklari va to‘lov tashkilotlariga komissiya miqdorini majburiy tarzda belgilab berish vakolatiga ega emas. Ya’ni regulyator banklarga «komissiyani oshir, tushir yoki nol qil» deb ko‘rsatma bera olmaydi.

«Markaziy bank tijorat banklari va to‘lov tashkilotlariga komissiyani qanday belgilash bo‘yicha topshiriq bera olmaydi», — deydi Markaziy bank raisi birinchi o‘rinbosari.

Shu bilan birga, u account-to-account, ya’ni hisob raqamdan hisob raqamga to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘tkazmalar uchun texnik imkoniyatlar allaqachon yaratilganini ma’lum qildi. Endilikda bu tizimdan foydalanish banklarning o‘ziga bog‘liq ekani qayd etildi.

«Markaziy bankning Tezkor to‘lovlar tizimida jismoniy shaxslarga ularning bank hisobvaraqlari orqali real vaqt rejimida to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘tkazmalarni amalga oshirish imkoniyati yaratilgani haqida bugun rasman xabar beriladi», — deydi Markaziy bank raisi birinchi o‘rinbosari.

Hozircha Markaziy bank buni e’lon qilmadi.

Теглар

Мавзуга оид