Maradona qo‘l bilan gol urgan afsonaviy to‘p auksionda sotildi
Uning bahosi avval kutilgan 10 million dollarlik qiymatdan ancha past bo‘ldi.
© Getty Imagеs1986 yilgi futbol bo‘yicha jahon chempionatining chorak finalida Angliya va Argentina terma jamoalari o‘rtasidagi bahsda Diyego Maradona qo‘l bilan gol urgan to‘p auksionda 3,35 million dollarga sotildi. Bu haqda ESPN xabar berdi.
To‘p Heritage Auctions auksionida sotuvga qo‘yilgan bo‘lib, uning boshlang‘ich narxi 2,5 million dollarni tashkil etgan.

Foto: BBC.com
Ta’kidlanishicha, bu lot uchun taxminan 10 million dollar to‘lanishi kutilgan.
Kutilganidan ancha arzonga sotildi
1986 yil 22-iyun kuni bo‘lib o‘tgan o‘yinda Argentina Angliyani 2:1 hisobida mag‘lub etgan. Maradona har ikki gol muallifi bo‘lgan.
Uchrashuvning 51-daqiqasida u raqib darvozaboni Piter Shilton bilan havodagi kurashda to‘pni qo‘li bilan darvozaga yo‘llagan. Hakamlar bu qoidabuzarlikni payqamagan va gol hisobga olingan.
Oradan ko‘p o‘tmay Maradona yana bir gol urgan. U Angliyaning bir necha futbolchisini aldab o‘tib, Piter Shiltonni ham ortda qoldirgan holda to‘pni darvozaga kiritgan. Keyinchalik ushbu gol futbol tarixidagi eng yaxshi gollardan biri sifatida e’tirof etilgan.
To‘p uchinchi bor auksionga qo‘yildi
Bahsni boshqargan tunislik hakam Ali bin Nasser o‘yindan keyin Adidas Azteca to‘pini olgan. U to‘pni 2022 yilda auksionda 2,37 million dollarga sotgan.
Yangi egasi uni 2023 yilda yana auksionga qo‘ygan, ammo o‘shanda taklif etilgan narx belgilangan minimal qiymatga yetmagan.
Bu safar to‘p 3,35 million dollarga sotildi. Biroq uning bahosi avval kutilgan 10 million dollarlik qiymatdan ancha past bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, Maradona xuddi shu uchrashuvda kiygan futbolka 2022 yilda auksionda 9,28 million dollarga sotilgan edi.

