Logo

Markaziy bank banklardan omonat shartnomalarida iste’molchi huquqlarini cheklovchi shartlarni bartaraf etishni talab qildi

Бугун 12:271 дақиқа

Regulyator ayrim tijorat banklarining omonat shartnomalarida omonatchilarning o‘z mablag‘larini qaytarib olish huquqini cheklashi mumkin bo‘lgan bandlarni aniqladi.

Markaziy bank banklardan omonat shartnomalarida iste’molchi huquqlarini cheklovchi shartlarni bartaraf etishni talab qildi © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

Markaziy bank tijorat banklarining omonat mahsulotlari bo‘yicha shartnomalarini o‘rganib, omonatchilar huquqini cheklashi mumkin bo‘lgan ayrim shartlarni aniqladi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, ayrim shartnomalarda ommaviy tartibsizliklar, mitinglar, ko‘cha harakatlari, bosqinchilik holatlari va to‘lovga qobiliyatsizlik davrida omonatni muddatidan oldin qaytarish bo‘yicha bank javobgar hisoblanmasligi belgilangan.

Markaziy bank bunday bandlar omonatchining o‘z mablag‘ini qaytarib olish huquqini cheklashi mumkinligini qayd etdi. Regulyator bu masalada amaldagi qonunchilik talablariga tayanadi.

Omonatchi huquqi kafolatlanadi


Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, omonat turidan qat’i nazar, bank omonatchining talabi bilan omonat summasini yoki uning bir qismini qaytarishi shart.

Shuningdek, iste’molchi huquqlarini cheklaydigan hamda qonunchilikka zid shartlar haqiqiy hisoblanmaydi. Shu sababli bank shartnomalarida bunday cheklovlarning mavjudligi regulyator e’tiboriga tushgan.

Markaziy bank tijorat banklaridan amaldagi omonat shartnomalarini to‘liq inventarizatsiyadan o‘tkazishni talab qildi. Banklar huquqni cheklovchi va qonunchilikka zid bandlarni aniqlashi lozim.

Aniqlangan holatlar zudlik bilan bartaraf etilishi, omonat shartnomalari esa amaldagi qonunchilik talablariga muvofiqlashtirilishi kerak.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy bank banklarga kredit xatarlari haqida mijozni oldindan ogohlantirish talabini qo‘ygandi.

Теглар

Мавзуга оид