Logo

Markaziy bank inflatsiya 5 foizga tushmaguncha asosiy stavkani pasaytirmaydi

Timur Ishmetovning ma’lum qilishicha, regulyator asosiy stavkani 14% darajasida saqlab qoladi va inflatsiya 5% lik targetga tushmaguncha qat’iy pul-kredit sharoitlarini davom ettiradi.

Markaziy bank inflatsiya 5 foizga tushmaguncha asosiy stavkani pasaytirmaydi © Foto: Markaziy bank

O‘zbekistonda inflatsiya 5 foizlik maqsadli ko‘rsatkichga tushmaguncha Markaziy bank asosiy stavkani 14 foiz darajasida ushlab turadi. Bu haqda Markaziy bank raisi Timur Ishmetov Toshkentda o‘tkazilgan birinchi Xalqaro davlat aktivlarini boshqarish forumida ma’lum qildi.

Ishmetovning ta’kidlashicha, mamlakatda inflatsiya sezilarli darajada pasaygan bo‘lsa-da, narxlar barqarorligini ta’minlash bo‘yicha ishlar hali yakunlanmagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, inflatsiyani pasaytirish pul-kredit siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoladi.

2018 yilda O‘zbekistonda inflatsiya qariyb 20 foizni tashkil etgan bo‘lsa, ikki yil avval bu ko‘rsatkich 10 foizga yaqin bo‘lgan. Hozirda yillik inflatsiya 6,2 foizgacha tushgan. Markaziy bank uni 2027 yil oxirigacha 5 foizlik maqsadli ko‘rsatkichga tushirishni rejalashtirmoqda.

Ishmetov iqtisodiy o‘sish yuqori sur’atlarda davom etayotgan sharoitda tashqi barqarorlikni ta’minlash ham muhimligini ta’kidlagan. Uning qayd etishicha, tez o‘sayotgan va ochilayotgan iqtisodiyot tashqi zarbalarga bardosh bera olishi kerak.

Shu nuqtai nazardan, xalqaro zaxiralarni boshqarish alohida ahamiyatga ega. 1-sentabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari 72 mlrd dollarni tashkil etdi.

Yilning birinchi yarmida O‘zbekiston zaxiralariga qariyb 50 tonna oltin qo‘shilgan. Ishmetov bu ko‘rsatkich global miqyosda markaziy banklar o‘rtasidagi ikkinchi eng katta o‘sish ekanini qayd etdi.

Markaziy bank raisining so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston zaxiralarini boshqarishda uchta ustuvor tamoyilga – xavfsizlik, likvidlik va daromadlilikka amal qilmoqda.

O‘zbekiston 2020 yilda Jahon bankining zaxiralarni boshqarish bo‘yicha hamkorlik dasturiga qo‘shilgan. 2024 yilda esa portfelni diversifikatsiya qilish maqsadida ilk bor AQSH G‘aznachiligi veksellarini sotib olgan.

Ishmetov mamlakat kelgusida zaxiralarni aktiv sinflari, valutalar va kontragentlar bo‘yicha yanada diversifikatsiya qilishni rejalashtirayotganini bildirdi. Bunda xalqaro tajribadan foydalanish, jumladan, tashqi aktivlarni boshqaruvchilardan foydalanish ham ko‘zda tutilmoqda.

Global zaxiralarni boshqarish tizimida ham sezilarli o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Jahon Oltin kengashi o‘tkazgan so‘rovga ko‘ra, markaziy banklarning 89 foizi kelgusida dunyo bo‘yicha oltin zaxiralari hajmi oshishini taxmin qilmoqda. So‘rovda qatnashgan markaziy banklarning 45 foizi esa o‘z oltin zaxiralarini ko‘paytirishni rejalashtirgan.

 

Теглар

Мавзуга оид