Markaziy Osiyoda o‘zaro savdo 25 foizga o‘sdi: Qozog‘iston va O‘zbekiston — mutlaq yetakchi
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlillariga ko‘ra, joriy yilning yanvar–iyul oylarida Markaziy Osiyo davlatlarining o‘zaro savdo hajmi 8,1 milliard dollarni tashkil etdi.
© Ijtimoiy tarmoqlarMarkaziy Osiyo davlatlari o‘zaro savdo aloqalarini tobora kengaytirmoqda. Mintaqaviy bozorda Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘zining mutlaq yetakchiligini saqlab turibdi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi o‘zaro savdo rivojlanish dinamikasiga bag‘ishlangan sharhida ma’lum qilindi.
Joriy yilning yanvar–iyul oylarida mintaqaning beshta davlati o‘z qo‘shnilariga jami 8,1 milliard dollarlik mahsulot eksport qilgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 25,4 foizga ko‘p. Ushbu eksport hajmining 80 foizdan ortig‘i aynan Qozog‘iston va O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri keladi.
Mintaqadagi eng yirik eksportchi maqomini hamon Qozog‘iston egallab turibdi. Yetti oy ichida u qo‘shni davlatlarga 4,5 milliard dollarlik tovarlar yetkazib bergan va bu umumiy mintaqaviy eksportning 55,9 foizini tashkil qiladi.
O‘zbekiston esa 2 milliard dollarlik ko‘rsatkich bilan mintaqaviy savdoda 24,7 foizlik ulushga ega. Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash butun mintaqadagi eng yirik savdo oqimi bo‘lib qolmoqda.
Boshqa yo‘nalishlarda ham o‘sish kuzatilmoqda
Qolgan ikki tomonlama savdo yo‘nalishlarida ham ijobiy o‘sish qayd etildi. Xususan, O‘zbekistonning Qirg‘iziston bilan savdosi 50 foizdan ko‘proqqa, Tojikiston bilan esa 45 foizga oshgan.
Bir necha yillik chegara cheklovlari va iqtisodiy munosabatlarning sovishidan so‘ng, Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi savdo hajmi ham 3,3 barobarga o‘sdi.
Mazkur davrda Qirg‘iziston qo‘shnilarga 523 million dollarlik mahsulot eksport qilgan bo‘lsa, import hajmi 1,5 milliard dollarni tashkil etgan.
Tojikiston qo‘shnilariga sotganidan ko‘ra ko‘proq mahsulot sotib olmoqda: Markaziy Osiyodan import 35 foizga o‘sib, 1,2 milliard dollarga yetgan bo‘lsa, eksport 6,2 foizga oshib, 209 million dollarni tashkil qilgan. Tojikistonning mintaqaviy savdosining qariyb 94 foizi aynan Qozog‘iston va O‘zbekiston bilan amalga oshiriladi.
Turkmanistonning savdo hamkorlari taqdim etgan ma’lumotlarga qaraganda, bu mamlakat qo‘shni davlatlarga 844 million dollarlik tovar eksport qilgan. Uning ham asosiy mintaqaviy bozorlari O‘zbekiston va Qozog‘iston bo‘lib qolmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, «Yevroosiyo taraqqiyot banki» hisob-kitoblariga ko‘ra, Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi savdo hajmi 2025 yil yakunlari bo‘yicha 12,3 milliard dollarga yetgan. Bu 2020 yildagi ko‘rsatkichlardan qariyb ikki barobar ko‘p.





