Logo

Misr qirolichasining 673 ta brilliant o‘rnatilgan taqinchog‘i o‘g‘irlandi

Кеча 23:181 дақиқа

Qiymati 4,3 million dollarga baholangan ushbu marjonni qirolicha qizining Eron taxt vorisi, keyinchalik esa Eron shohi bo‘lgan Muhammad Rizo Pahlaviy bilan to‘yida taqqandi.

Misr qirolichasining 673 ta brilliant o‘rnatilgan taqinchog‘i o‘g‘irlandi © Foto: MAK.AT

Venada ikki nafar erkak Amaliy san’at muzeyidan 673 ta brilliant o‘rnatilgan koleni o‘g‘irladi. Bu haqda «Vol.at» nashri xabar berdi.

Noma’lum shaxslar 27-avgust kuni soat taxminan 14:00 da taqinchoqlar ko‘rgazmasiga oddiy tashrif buyuruvchilar sifatida borib, muzeyga kirgan. Ular «Van Cleef & Arpels» moda uyiga tegishli ko‘rgazmada namoyish etilgan, taqinchoq saqlanayotgan shisha vitrinani sindirib, koleni olib ketishgan.

Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, shundan so‘ng ular noma’lum yo‘nalishda qochib ketgan. Mahalliy politsiya hodisa yuzasidan tergov olib bormoqda.

Kole Misr qirollik oilasi uchun maxsus tayyorlangan bo‘lib, avval Misr qirolichasi Nazli Sabriga tegishli bo‘lgan. U 1939-yilda «Van Cleef & Arpels» zargarlik uyiga ushbu koleni buyurtma qilgan. Qirolicha uni qizining Eron taxt vorisi, keyinchalik esa Eron shohi bo‘lgan Muhammad Rizo Pahlaviy bilan to‘yida taqishni rejalashtirgan. Kole platina va umumiy og‘irligi 217 karat bo‘lgan brilliantlardan tayyorlangan.

1950-yillarda Nazlining o‘g‘li, qirol Foruq, uni unvonlaridan mahrum qilgan. U AQSHga ko‘chib o‘tib, xristianlikni qabul qilgan va Mariya-Yelizaveta ismini olgan. 1975-yilda moliyaviy muammolar tufayli u o‘z kolesini «Sotheby's» auksioniga qo‘ygan. U yerda taqinchoq 140 ming dollarga xususiy kolleksionerga sotilgan.

Yana 40 yil o‘tib, 2015-yilda ushbu taqinchoq qayta auksion savdolariga qo‘yilgan. Ikkinchi marta uni koleni tayyorlagan «Van Cleef & Arpels» zargarlik uyi sotib olgan. O‘sha paytda uning qiymati 4,3 million dollarga baholangan.




Теглар

Мавзуга оид