Logo

Nega Qirg‘iziston tog‘li qishloqlardagi ayollarga farzandli bo‘lgani uchun millionlab pul va’da qilmoqda?

Бугун 11:206 дақиқа

Hukumat ushbu to‘lov miqdorlarini 2025-yil 7-oktabrdagi qarori bilan tasdiqlagan. Biroq pul bola tug‘ilishi bilanoq berilmaydi.

Nega Qirg‘iziston tog‘li qishloqlardagi ayollarga farzandli bo‘lgani uchun millionlab pul va’da qilmoqda? © UNICEF

Qirg‘izistonda 2027-yildan boshlab baland tog‘li va borish qiyin bo‘lgan hududlarda yashovchi ko‘p bolali onalarga farzand tug‘gani uchun 2 million somgacha (22,9 ming dollar) bir martalik pul berila boshlaydi. Hukumat rahbari Odilbek Qosimaliyev 18-noyabr kuni parlamentda budjet muhokamasi vaqtida ushbu to‘lovlar haqida ma’lum qildi.

«Bala bereke» (Bolalar farovonligi) deb nomlangan yangi dastur uchun davlat milliardlab som ajratmoqchi. Shu orqali hukumat og‘ir tabiiy sharoitlarda yashayotgan oilalarni qo‘llab-quvvatlash va tug‘ilishlar sonini oshirishni maqsad qilgan. Biroq tog‘li hududlarda yashovchi barcha ayollar ham bu pulni ololmaydi. Eng katta summa faqat o‘ninchi va undan keyingi farzand tug‘ilganda beriladi. Ushbu dastur qanday ishlaydi, nima uchun davlat aynan tog‘li hududlarda ko‘p farzandli oilalarni qo‘llab-quvvatlashga qaror qilgan hamda u yerda farzand tug‘ib, tarbiyalayotgan ayollar qanday qiyinchiliklarga duch kelmoqda?

2025-yilda Qirg‘iziston hukumati rahbari o‘rinbosari Edil Baysalov (ayni paytda Amerikadagi elchi) Norin viloyatining At-Boshi tumaniga borib, mahalliy aholiga yangi demografik dastur haqida gapirib bergan edi. U Qizibek qishlog‘ida o‘nta farzandni tarbiyalayotgan oila bilan uchrashdi. Yangi qoidalarga ko‘ra, oilada o‘ninchi farzand tug‘ilgani uchun onaga 2 million som berilishi mumkin edi. Biroq chaqaloq dastur kuchga kirishidan oldin tug‘ilgani sababli oila pul o‘rniga Vazirlar Mahkamasi raisi nomidan sovg‘alar oldi.

O‘sha safar davomida Baysalov yangi nafaqalar hisobiga baland tog‘li hududlarda tug‘ilishlar soni 30–40 foizga oshishi mumkinligini ham taxmin qilgan edi. Amaldor ushbu dasturni mamlakat kelajagiga kiritilayotgan strategik sarmoya deb atadi. Biroq o‘sha paytda bu faqat hukumatning taxmini edi. To‘lovlar hali boshlanmagani uchun dastur qanday natija berishini baholashning imkoni yo‘q edi.

«Bala bereke» dasturi tarixi 2024-yil noyabr oyida boshlangan. O‘shanda Davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasining o‘sha vaqtdagi raisi Qamchibek Tashiyev Norin shahridagi bolalar bog‘chasi ochilishiga borgan edi. U mahalliy aholi bilan uchrashuvda prezident bilan kelishilgan holda farzand tug‘ilgani uchun katta miqdorda pul berish dasturi ishlab chiqilayotganini e’lon qilgan. Oradan bir oy o‘tib, prezident Sadir Japarov tegishli farmonni imzoladi. 2025-yilning oktabr oyida esa hukumat pul ajratish tartibini tasdiqladi. Dastur 2026-yil 1-yanvardan boshlab tug‘ilgan bolalarga nisbatan qo‘llanadi. Biroq birinchi to‘lovlarni olish uchun oilalar faqat 2027-yildan murojaat qila oladi.

O‘ninchi farzand uchun 2 million som

Yangi dastur Qirg‘izistonning baland tog‘li va borish qiyin bo‘lgan chekka qishloqlarida doimiy yashaydigan ayollar uchun mo‘ljallangan. Bir martalik to‘lov miqdori tug‘ilgan bolaning oiladagi nechanchi farzand ekaniga qarab belgilanadi.

To‘rtinchi farzand uchun — 100 ming som (taxminan 1,1 ming dollar);
Beshinchi farzand uchun — 600 ming som (6,9 ming dollar);
Oltinchi farzand uchun — 800 ming som (9,1 ming dollar);
Yettinchi farzand uchun — 1 million som (11,4 ming dollar);
Sakkizinchi farzand uchun — 1,2 million som (13,7 ming dollar);
To‘qqizinchi farzand uchun — 1,5 million som (17,2 ming dollar);
O‘ninchi va undan keyingi har bir farzand uchun — 2 million som (22,9 ming dollar).

Hukumat ushbu to‘lov miqdorlarini 2025-yil 7-oktabrdagi qarori bilan tasdiqlagan. Biroq pul bola tug‘ilishi bilanoq berilmaydi. To‘lovni olish uchun chaqaloq bir yoshga to‘lishi kerak. Masalan, 2026-yil fevralda to‘rtinchi farzandini dunyoga keltirgan ayol 2027-yilning fevralida 100 ming som olish uchun murojaat qilishi mumkin. Agar oilada uch farzand bo‘lsa va egizaklar tug‘ilsa, boshqa shartlar ham bajarilgan taqdirda, ona to‘rtinchi farzand uchun 100 ming, beshinchi farzand uchun esa 600 ming som oladi. Ya’ni jami 700 ming som (taxminan 8 ming dollar) to‘lanadi. Har bir bola uchun alohida ariza topshirish kerak.

Oiladagi katta farzandlar dastur joriy etilishidan ancha oldin tug‘ilgan bo‘lishi ham mumkin. Masalan, ayolning besh farzandi bo‘lsa va 2026-yil 1-yanvardan keyin oltinchi farzandi tug‘ilsa, unga 800 ming som to‘lanadi. Farzandlar sonini hisoblashda avval vafot etgan bolalar ham inobatga olinadi. Buning uchun ularning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalari saqlangan bo‘lishi kerak.

Biroq dasturda bir qator muhim cheklovlar bor. Pul oluvchi ayol Qirg‘iziston fuqarosi yoki tarixiy vataniga qaytib kelgan etnik qirg‘iz — «qayrilman» maqomiga ega bo‘lishi kerak. Bundan tashqari, u ariza topshirayotgan vaqtda baland tog‘li yoki borish qiyin bo‘lgan aholi punktida kamida ikki yildan beri haqiqatda yashayotgan bo‘lishi shart.

Faqat qarindoshlarining manzilida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lishning o‘zi yetarli emas. Davlat organlari oilaning haqiqatan ham shu hududda yashayotganini tekshiradi. Mavsumiy yoki vaqtinchalik ish uchun ushbu hududlarga borgan ishchilar va ularning turmush o‘rtoqlari dasturdan foydalana olmaydi.

Yana bir muhim shart bolaning yoshiga bog‘liq. Agar bola bir yoshga to‘lmasdan vafot etsa, ona nafaqa olish huquqiga ega bo‘lmaydi. Agar ona bola bir yoshga to‘lmasidan vafot etsa, qoidaga ko‘ra, davlat tomonidan bolaning nomiga tegishli miqdordagi pul bilan omonat hisobvarag‘i ochiladi. Shuningdek, ota-onalik huquqidan mahrum qilingan ayollarga ham ushbu nafaqa berilmaydi. Qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa ayrim holatlarda ham to‘lov tayinlanmaydi.

Qirg‘iziston Mehnat vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, bola bir yoshga to‘lganidan keyin oilada nafaqani olish uchun murojaat qilishga olti oy vaqt bo‘ladi. Arizani «Tunduk» elektron tizimi orqali yoki hududiy ijtimoiy himoya bo‘limiga bevosita borib topshirish mumkin. Buning uchun onaning pasporti, farzandlarning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalari, yashash joyini tasdiqlovchi hujjatlar va bank hisobvarag‘i ma’lumotlari talab etiladi. To‘lov tayinlash yoki rad etish haqidagi qaror besh ish kuni ichida qabul qilinishi kerak. Shundan so‘ng pul bank hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.

Dastur uchun budjetdan katta mablag‘ ajratilishi rejalashtirilgan. «Reporter.kg» nashri 2027–2029-yillarga mo‘ljallangan respublika budjeti loyihasini o‘rganib, 2027-yilda «Bala bereke» dasturi uchun 6,62 milliard som (taxminan 75,7 million dollar) ajratilishi rejalashtirilganini ma’lum qildi. Bundan tashqari, uch yoshgacha bo‘lgan bolalarga har oy beriladigan «Bala irisi» nafaqasi uchun yana 6,87 milliard som (78,6 million dollar) sarflash ko‘zda tutilgan. Yakuniy xarajatlar tasdiqlangan budjet va qancha oilaga nafaqa tayinlanishiga bog‘liq bo‘ladi.

«Bala bereke» baland tog‘li va borish qiyin bo‘lgan hududlarda yashovchi ko‘p bolali oilalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yagona dastur emas. 2026 yildan boshlab ushbu hududlarda yana bir nafaqa — «Biyik toolu aymaktardin jashoochularыna komok», ya’ni «Baland tog‘li hududlar aholisiga yordam» dasturi ham amal qilmoqda. Uchinchi va undan keyingi farzandlar uchun bola uch yoshga to‘lguniga qadar har oy 3 ming somdan to‘lanadi. Bu yordam ayrim maxsus maqomga ega chegara hududlarida yashovchi oilalarga ham beriladi. Nafaqa tayinlashda oilaning daromadi hisobga olinmaydi.

Mehnat vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil 1-may holatiga ushbu oylik nafaqani 28 ming 538 kishi olgan. Demak, Qirg‘izistonda ko‘p bolali oilalarni qo‘llab-quvvatlash uchun bir nechta turdagi to‘lovlar mavjud. Biroq ularning shartlari va berilish tartibi bir-biridan farq qiladi. Oylik nafaqa bola tug‘ilganidan boshlab to‘lansa, «Bala bereke» dasturidagi katta miqdordagi pulni olish uchun uning bir yoshga to‘lishini kutish kerak.

So‘nggi yillarda Qirg‘izistonda tug‘ilishlar soni asta-sekin kamaymoqda. 2021 -ilda mamlakatda 150 ming 164 bola tug‘ilgan bo‘lsa, 2025-yilda bu ko‘rsatkich 140 ming 504 nafarni tashkil etgan.

Ayollarning butun umri davomida o‘rtacha nechta farzand ko‘rishini ifodalovchi umumiy tug‘ilish koeffitsiyenti ham pasaygan. 2020-yilda bu ko‘rsatkich 3,1 ni tashkil etgan bo‘lsa, 2024-yilda 2,6 gacha tushgan.

Demak, davlatning yangi dasturi oilalarda farzandlar soni kamayib borayotgan bir paytda joriy etilmoqda. Shunga qaramay, Qirg‘izistonda tug‘ilish darajasi boshqa ko‘plab mamlakatlarga nisbatan yuqoriligicha qolmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda ham yildan yilga tug‘ilishlar kamayayotgani, shu paytda davlat ikki va undan keyingi farzandlar uchun beriladigan «suyunchi puli»ni cheklab qo‘ygani haqida yozgan edik.

Теглар

Мавзуга оид