Nodavlat tibbiyot tashkilotlariga transplantatsiya amaliyotlarini o‘tkazishga ruxsat beriladi

Бугун 12:251 дақиқа

2027 yil 1-maydan boshlab, akkreditatsiyadan o‘tgan nodavlat tibbiyot tashkilotlari transplantatsiya amaliyotlarini qonun doirasida o‘tkazish huquqiga ega bo‘ladi.

Nodavlat tibbiyot tashkilotlariga transplantatsiya amaliyotlarini o‘tkazishga ruxsat beriladi © cafef.vn

O‘zbekiston prezidenti farmoniga muvofiq, mamlakatda nodavlat tibbiyot sektorining imkoniyatlari yanada kengaymoqda. Xususan, milliy yoki xalqaro akkreditatsiyadan o‘tgan xususiy klinikalarga inson a’zolari va to‘qimalarini transplantatsiya qilishga ruxsat berilishi belgilandi.

Yangi tartibga ko‘ra, nodavlat tibbiyot tashkilotlari transplantatsiya amaliyotlarini o‘tkazish uchun belgilangan qonunchilik talablariga to‘liq rioya qilishi shart. Bu talablarga amal qilish tibbiy faoliyat uchun litsenziya olishning asosiy shartlaridan biriga aylanadi.

Shu bilan birga, transplantatsiya bilan bog‘liq faoliyat “Xavfni tahlil qilish” tizimi orqali yuqori xavf toifasiga kiritiladi. Bu esa nazorat va monitoring mexanizmlarini yanada kuchaytirishni nazarda tutadi.

Tibbiy amaliyotlar bo‘yicha barcha ma’lumotlar muntazam ravishda Sog‘liqni saqlash vazirligiga taqdim etiladi.

Vazirlik tomonidan transplantatsiya o‘tkazuvchi muassasalar uchun laboratoriya standartlari, shuningdek, molekulyar-genetik tekshiruvlarga oid maxsus talablar ishlab chiqiladi.

Shuningdek, davlat budjeti doirasida bemorlarni zarur dori vositalari bilan ta’minlash masalasi ham ko‘rib chiqiladi. Transplantatsiyadan keyingi reabilitatsiya jarayoni uchun alohida tartib joriy etilib, bu davrda nodavlat tibbiyot tashkilotlarining mas’uliyati va bemorlarga ko‘rsatiladigan xizmatlar doirasi aniq belgilab beriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov lavozimidan ozod etilgani haqida xabar berilgandi.

Теглар

Мавзуга оид