Logo

«OFB» aksiyadorlarga qariyb 1 trln so‘m dividend to‘ladi

Бугун 17:522 дақиқа

Bank 2025 yil yakunidagi taqsimlanadigan sof foydasining qariyb 95 foizini dividendga yo‘naltirdi. Umumiy to‘lov bir yilda 16,2 foizga oshgan, biroq aksiyalar soni ko‘paygani sabab bir aksiyaga dividend kamaygan.

«OFB» aksiyadorlarga qariyb 1 trln so‘m dividend to‘ladi

«Oriyent Finans bank» (OFB) 2025 yil yakunlari bo‘yicha aksiyadorlariga 991,4 mlrd so‘m dividend to‘ladi. Bu haqda bank Openinfo portalida ma’lum qildi.

Dividendlarni to‘lash 26-iyunda boshlangan va 25-avgustda yakunlangan. Oshkor qilingan ma’lumotga ko‘ra, hisoblangan mablag‘ning barchasi to‘langan va bankning aksiyadorlar oldida dividend bo‘yicha qarzdorligi qolmagan.

Aksiyadorlar yig‘ilishi qarorida 2025 yil yakunida taqsimlanadigan sof foyda 1 trln 44,1 mlrd so‘m deb ko‘rsatilgan.

Shundan 991,4 mlrd so‘m yoki 95 foizi dividendga, 52,3 mlrd so‘m rezerv fondini shakllantirishga yo‘naltirilgan. Yana 394,5 mln so‘m kuzatuv kengashi a’zolariga haq to‘lash va tegishli ijtimoiy to‘lovlar uchun ajratilgan.

Dividendning 991,2 mlrd so‘mi oddiy, 183,6 mln so‘mi imtiyozli aksiyalar hissasiga to‘g‘ri kelgan. Har ikki turdagi aksiyaning bir donasi uchun 458,88 so‘mdan dividend hisoblangan. Bu aksiya nominal qiymatining 36,71 foiziga teng.

Taqqoslash uchun, bank 2024 yil yakunlari bo‘yicha aksiyadorlarga 853 mlrd so‘m dividend to‘lagan edi. Shunday qilib, umumiy to‘lov bir yilda 138,4 mlrd so‘mga yoki 16,2 foizga oshgan.

Biroq bir aksiyaga to‘g‘ri keladigan dividend 542,85 so‘mdan 458,88 so‘mga tushgan. Kamayish 15,5 foizni tashkil qiladi. Bunga bankning oddiy aksiyalari soni bir yil ichida 589,1 mln donaga ko‘paygani ta’sir qilgan.

OFB aksiyadorlari kimlar?

iHamkor ma’lumotlariga ko‘ra, bankning eng yirik aksiyadori «ALWA GmbH» kompaniyasi bo‘lib, unga 15,01 foiz ulush tegishli. Dilmurod Pulatov 14,98 foiz, Payzullajon Mirzayev, Saken Polatov va Oybek Umarov esa har biri 14,98 foizga yaqin ulushga ega. Shuningdek, «Texekspertmash» ulushi 11,24 foizni, Sitora Axmedjanovaniki 10,03 foizni, «Metrafor»niki 3,75 foizni tashkil qiladi. Ushbu sakkizta asosiy aksiyador birgalikda bank aksiyalarining deyarli barchasiga egalik qiladi.

Yana bir muhim jihat — aksiyadorlar hisoblangan dividendni to‘liq yoki qisman bankning qo‘shimcha aksiyalarini sotib olishga yo‘naltirishi mumkin. 

Iyul oyida OFB umumiy qiymati 883,8 mlrd so‘mlik 707,1 mln dona qo‘shimcha aksiya chiqarib, ularni «Texekspertmash», «Metrafor», Saken Polatov va Sitora Axmedjanova o‘rtasida yopiq obuna orqali joylashtirishga qaror qilgan.

Biroq ochiq hujjatlarda 991,4 mlrd so‘mlik dividendning qancha qismi aksiyadorlarga pul shaklida berilgani va qancha qismi yangi aksiyalar orqali bank kapitaliga qayta yo‘naltirilgani alohida ko‘rsatilmagan.

Shu bilan birga, OFB foydasi joriy yilda pasaymoqda. Bank 2026 yilning birinchi yarmida 501,6 mlrd so‘m sof foyda olgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 21,9 mlrd so‘m yoki 4,2 foizga kam.

Ayni davrda butun bank tizimining foydasi 68,9 foizga oshgan. Shunga qaramay, OFB eng ko‘p foyda olgan o‘nta bank qatorida qolmoqda.


Теглар

Мавзуга оид