Logo

O‘lat xavfi va chegaralardagi nazorat: O‘zbekistonda vaziyat qanday?

Бугун 18:272 дақиқа

Rossiyaning Irkutsk shahrida o‘lat kasalligi bo‘yicha gumon qilinish holati qayd etilgani haqida tarqalgan xabarlar ortidan Nurmat Otabekov O‘zbekistonda bu boradagi vaziyat qanday ekani borasida izoh berdi.

O‘lat xavfi va chegaralardagi nazorat: O‘zbekistonda vaziyat qanday?

O‘zbekistonda o‘lat kasalligi bo‘yicha epidemiologik vaziyat barqaror bo‘lib, aholining xavotirlanishiga hech qanday asos yo‘q. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekov ma’lum qildi.

Mazkur bayonot so‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Rossiya Federatsiyasining Irkutsk shahrida o‘lat kasalligi bo‘yicha gumon qilinish holati qayd etilgani haqida tarqalgan xabarlar ortidan berildi.

Mutaxassisning ta’kidlashicha, Rossiya Federatsiyasining «Rospotrebnadzor» tashkiloti rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, Irkutsk shahrida kuzatilgan holatning o‘lat kasalligi, xususan, uning o‘pka shakli bilan bog‘liq ekani hozircha tasdiqlanmagan. Ayni paytda mazkur holat yuzasidan tegishli tekshiruvlar olib borilmoqda.

«Yurtimizda shu va boshqa o‘ta xavfli yuqumli kasalliklarning chetdan kirib kelishi va tarqalishining oldini olishga qaratilgan zarur chora-tadbirlar tizimi yaratilgan», - deydi Otabekov.

Unga ko‘ra, davlat chegaralarini kesib o‘tish joylari, jumladan, xalqaro aeroportlar, temir yo‘l stansiyalari va avtomobil yo‘llarida jami 53 ta sanitariya nazorat punkti faoliyat yuritmoqda.

«Ular orqali xorijdan yurtimizga kirib kelayotgan shaxslar doimiy tibbiy kuzatuvdan o‘tkaziladi. Qolaversa, hududiy sanitariya-epidemiologiya xizmatlarining o‘ta xavfli yuqumli kasalliklarni aniqlashga ixtisoslashgan laboratoriyalari zarur diagnostik vositalar, ozuqa muhitlar, reagentlar va reaktivlar bilan to‘liq ta’minlangan», - deya tushuntirdi u.

Ma’lumot o‘rnida, o‘lat — bakteriyalar tomonidan chaqiriladigan o‘ta xavfli yuqumli kasallikdir. Uning tabiiy o‘choqlari dunyoning ayrim hududlarida mavjud bo‘lib, xastalik asosan mayda sut emizuvchi hayvonlar orasida uchraydi. Insonga esa ko‘p hollarda kasallangan hayvonlar va ulardagi burgalar chaqishi orqali yuqishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Rossiyaning Irkutsk viloyatidagi vaziyat 2-oktabr kuni 28 yoshli ayolning pnevmoniya sababli vafot etganidan so‘ng muhokamalarga sabab bo‘ldi. U Irkutskdagi o‘latga qarshi ilmiy-tadqiqot instituti xodimi bo‘lgan. Hodisadan keyin bemor bilan aloqada bo‘lgan qariyb 200 kishi tibbiy kuzatuvga olingan, ayrim shifoxonalarda karantin choralari joriy etilgan.

Biroq Rossiyaning Rospotrebnadzori va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, Irkutskda o‘lat kasalligi tasdiqlangan holatlar qayd etilmagan. Aloqada bo‘lgan shaxslarda ham o‘lat belgilari aniqlanmagan. Rossiya tomoni hodisa yuzasidan tekshiruvlarni davom ettirmoqda.

Теглар

Мавзуга оид