O‘ldimi yoki tirik? Prezidentlarning «vafoti» haqida tarqalgan xabarlar
Yaqinda Tojikiston prezidenti Imomali Rahmonning vafoti haqida mish-mishlar tarqalgan edi. Bu u haqida tarqalgan birinchi bunday xabar emas. Imomali Rahmon ham bunday vaziyatga duch kelgan birinchi prezident emas.
Imomali Rahmon
Tojikistonning 73 yoshdagi prezidenti Imomali Rahmon vafot etibdi, sog‘lig‘i yomon ekan, chet elga davolanishga ketibdi, degan gaplarni eshitgan bo‘lsangiz kerak. Bunga uning 2 hafta davomida omma oldida ko‘rinmay qolgani sabab bo‘ldi. Dastlab kimdir u ta’tilda ekanini aytsa, yana kimdir davolanish uchun Xitoyning Haynan oroliga uchib ketganini yozdi. Taxmin-u mish-mishlar qancha avj olmasin, Tojikiston rasmiylari jim qoldi, bu esa shu mavzudagi muhokamalarning yanada ortishiga olib keldi.
Oxir-oqibat, mish-mishlar isbotini topmadi. Hukumat yoki prezident ma’muriyati vakillari bunday xabarlarga munosabat bildirib, rad etmagan bo‘lsada, Imomali Rahmon 14-fevral kuni Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki prezidenti Szou Szyaini qabul qilgani e’lon qilindi. 15-fevralda esa Imomali Rahmon Xitoy raisi Si Jingpinni Xitoy yangi yili bilan qutlab, videotabrik e’lon qildi, ertasi kuni esaa Dushanbeda Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri Yermak Kosherboyevni, keyin esa O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripovni qabul qildi.
Shunday qilib, Imomali Rahmon o‘lmagan, u tirik va hamon davlat ishlari bilan shug‘illanmoqda. Uning o‘limi haqidagi xabarlar esa yana oldingi safargidek haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.
Ha to‘g‘ri eshitdingiz, bu Imomali Rahmonning birinchi marta «o‘lishi» emas. 2017 yilda ijtimoiy tarmoqlarda Imomali Rahmonning sog‘lig‘i haqida faol muhokamalar bo‘lib o‘tgan. Hukumatga yaqin ayrim OAVlar esa uning ahvoli yomonlashganini yuqori ish yuklamasi bilan izohlagan.
2020 yilda muxolifat uning kasal bo‘lib, Germaniyada davolanayotgani mumkinligi haqida da’volarni ilgari surgan, biroq keyinchalik hukumat bu ma’lumotlarni rad etgan. Shuningdek, 2022 yilda Qirg‘iziston bilan chegaradagi hodisalardan so‘ng Imomali Rahmon taxminan ikki hafta davomida omma oldida ko‘rinmagan va bu ham uning sog‘lig‘idagi muammolarga bog‘langan.
Nega o‘zi bunday mish-mishlar tez-tez tarqaladi deysizmi? Birinchidan, Imomali Rahmon 1994 yildan beri hokimiyat tepasida. Bu juda uzoq muddat. Jamoatchilikni esa vorislik mavzusi qiziqtiradi. Mamlakat Konstitutsiyasiga ko‘ra, agar Tojikiston prezidenti vaqtincha yoki doimiy ravishda o‘z vazifasini bajara olmasa, davlat rahbarligi Milliy Majlis raisiga o‘tadi. Hozir bu lavozimda Imomali Rahmonning o‘g‘li – Rustam Imomali o‘tiribdi.
Shuningdek, raqamli axborot texnologiyalari, ijtimoiy tarmoqlar rivojlangan bugungi davrda mamlakatda axborot siyosati ancha yopiq va bu ham turli mish-mishlar tez tarqalishiga sabab bo‘ladi.
Nazarboyevlar
O‘lgani yoki sog‘lig‘i yomonlashgani haqidagi xabarlar faqat Imomali Rahmon haqida tarqalmagan. Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev va uning turmush o‘rtog‘i Sara Nazarboyeva ham bu borada Tojikiston prezidentidan ortda qolmaydi. 2020 yilda prezidentlikdan ketib, elboshilik qilib yurgan Nursulton Nazarbayevning sog‘lig‘i yomonlashgani va hatto vafot etgani haqida mish-mishlar tarqalgandi. O‘shanda uning matbuot kotibi Aydos Ukiboy bunday xabarlarni rad etib, ularni provakatsiya deb atagandi.
«Bularning barchasi – fitna va yolg‘on. Ishontirib aytamanki, Nursulton Nazarboyev butkul sog‘lom va hatto karantin sharoitida ham vatan ravnaqi uchun mehnat qilishda davom etmoqda», – degan Ukiboy.
Oradan bir oy o‘tib esa Nazarboyevning karonavirusga chalingani e’lon qilindi. 2023 yilda esa Nazarboyev Ostonadagi milliy kordiologiya jarroglik markazida operatsiya qilindi. Ukibay amaliyot muvaffaqiyatli o‘tganini tasdiqladi.
2024 yil 26-dekabrda ijtimoiy tarmoqlarda Sara Nazarboyevaning vafoti haqida xabar tarqaldi. Ertasi kuni tarmoqlar texnik xatolik uchun uzr so‘radi va Nursulton Nazarboyevning matbuot xizmati bu xabarni rad etdi.
2025 yilga shu kabi holat yana takrorlandi. Dastlab u shifoxonaga yotqizildi, ammo uning qanday xastalikka chalingani aytilmadi. May oyi o‘rtalarida u 84 yoshida Olmaotada olamdan o‘tgani aytildi. Bu ham feyk edi. Xabarlar chiqqan kunning o‘zida Ukiboy buni rad etdi. Uning sog‘lig‘i og‘ir deb baholangan bo‘lsa-da, o‘limi haqida rasmiy ma’lumot yo‘q edi.
Besh oy o‘tib, yana Sara Nazarboyevaning sog‘ligi haqida xabarlar tarqalgach, matbuot kotibi Sara Nazarboyeva joriy yilning aprel oyidan buyon Olmaota shahridagi Qozog‘iston Respublikasi Prezident ishlari boshqarmasi tibbiyot markazining Milliy shifoxonasida davolanayotgani, barcha tibbiy muolajalar tasdiqlangan tibbiy yordam standartlariga muvofiq, mahalliy mutaxassislar nazorati ostida amalga oshirilayotganini ma’lum qildi.
2026 yilga kelib ma’lum bo‘ldiki, Sara Nazarboyeva 2025 yil aprel oyida keng ko‘lamli miokard infarktini boshdan kechirgan. Infarktdan so‘ng Nazarboyeva uzoq vaqt davomida sun’iy nafas olish va sun’iy buyrak apparatlariga ulab qo‘yilgan. Shifoxonadagi 9 oy davom etgan muolajalardan so‘ng Nazarboyeva uyiga ketgan.
Gurbanguli Berdimuhammedov
2019 yilda Turkmanistonning o‘sha paytdagi prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedovning o‘limi haqidagi mish-mishlar keng tarqalgan. 2019 yil 5-iyuldan keyin omma oldida ko‘rinish bermagan Gurbanguli Berdimuhammedov ijod bilan mashg‘ul bo‘lish uchun 15-iyul kuni ta’tilga chiqqani ma’lum qilingan. U 5-iyul kuni hukumat yig‘ilishi o‘tkazgan va qator farmonlarni imzolagan. 6-iyul kuni mamlakatga Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili, Yevrokomissiya vitse-prezidenti Federika Mogerini kelgan, prezident esa uni qabul qilmagandi. Turkmaniston prezidentining o‘limi haqida ilk xabarlar 20-iyul kuni paydo bo‘ldi.
«Xronika Turkmenistana» o‘shanda Turkmaniston prezidentining «g‘oyib bo‘lishi» uning onasi Germaniyaga og‘ir ahvolda olib ketilgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini yozdi. May oyida ham prezident vafoti haqida xabarlar tarqalgan, lekin keyinroq aslida uning onasi Ogulabat Berdimuhammedova og‘ir xastalikka chalingani va unga qarash uchun Ashxobodga turkiyalik shifokorlar yetib kelgani ma’lum bo‘lgan. «Xronika Turkmenistana» xabariga ko‘ra, prezidentning onasi Germaniyada davolanishda bo‘lgan. OAV ma’lumotiga ko‘ra, prezident samolyotini oxirgi marta 12-iyul kuni Germaniya hududida ko‘rishgan.
Turkmanistonning Rossiyadagi elchixonasi vakili 2019 yil 21-iyulda Berdimuxamedovning vafoti haqida tarqalgan mish‑mishlar butunlay yolg‘on deb izohlagan.
Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuxamedov 2019 yil 12-avgustda milliy iqtisodiy forumda ko‘rinish berib, 20 daqiqa davomida ma’ruza qilgan, keyin esa Rossiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston va Eron yetakchilari bilan forum doirasida uchrashuv o‘tkazgan. Shu bilan u bu mish-mishlarga yakun yasadi.
Donald Tramp
Shunga o‘xshash xolat AQSH prezidenti Donald Tramp bilan ham sodir bo‘lgan. 2025 yilning avgust oyida ijtimoiy tarmoqlar, xususan X, TikTok va boshqa platformalarda Donald Trampning vafoti to‘g‘risida mish mishlar tez tarqaldi. 29-avgust kuni AQSH vitse-prezidenti Jeyms Vens agar Donald Trampga nimadir bo‘lsa, davlat rahbari bo‘lishga tayyorligini aytgani esa olovga yog‘ sepgandek bo‘ldi. Biroq anglaganingizdek, bu feyk bo‘lib chiqdi va Tramp o‘zining «Truth Social» ijtimoiy tarmog‘ida o‘zini har qachongidan ham yaxshiroq his qilayotganini yozdi.
Vladimir Putin
Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham tez-tez o‘ldiga chiqariladi. 2023 va 2024 yillarda turli telegram kanallar, Twitter/X va bloglarda «Putin vafot etdi» yoki «Kreml yashirin xabar tarqatdi» kabi postlar paydo bo‘lgan. Bu xabarlar keyinchalik rasmiy manbalar tomonidan rad etilgan va Putin omma oldida chiqishlar bilan o‘zining sog‘lom ekanini ko‘rsatgan.
Rajab Toyyib Erdo‘g‘an
Shunday yetakchilar orasida Turkiya prezidenti Rajab Тоййиб Erdo‘g‘an ham bor. Uning sog‘lig‘i yomonlashgani haqidagi mish-mishlar 2011 yildan beri turli vaqtlarda tarqaladi. Uning sammitda yurishga qiynalgani aks etgan videolar, COP26 muzokaralarida, partiyasi hukumatga kelganligining 19 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan bayram tadbirida ishtirok etmagani, bayram munosabati bilan e’lon qilinadigan tabrik videolarda biroz adashib ketgani shu kabi mish‑mishlar ommalashishiga sabab bo‘ladi.
Bunday holatda ba’zan rasmiylarning rad etishi bilan kifoyalangan bo‘lsa, ba’zan Erdo‘g‘an basketbol o‘ynayotgani aks etgan videolar ham chiqarilgan.
2021 yilda esa Erdo‘g‘anning o‘limi haqida xabarlar tarqaligani ortidan Turkiya politsiyasi tomonidan 30 kishi huquqiy jarayonlarga tortilgan.
Umumiy qilib aytganda, davlat rahbarlari katta siyosiy va iqtisodiy hokimiyatga ega bo‘lgani bois, ular haqidagi har bir ma’lumot omma uchun qiziq. Ko‘p davlatlarda rahbarlar sog‘lig‘i va shaxsiy hayoti haqida ma’lumotlar chuqur maxfiy saqlanadi. Bu esa mish‑mishlarga maydon beradi. Rahbarning uzoq vaqtda omma oldida ko‘rinmasligi va rasmiy bayonotning kechikishi ham mish‑mish tarqalishiga sabab bo‘ladi. Muxolifat yoki raqobatchi guruhlar esa rahbarning salomatligi yoki vafoti haqida mish‑mish tarqatish orqali notinchlik va shov-shuv yaratishga harakat qiladi.
Shuningdek, Telegram, Twitter, YouTube kabi platformalar mish‑mishlarni juda tez tarqatish imkonini beradi.
Теглар






