Oliy sud 100 yil oldin qatag‘on qilingan 161 nafar shaxsni oqladi

Ushbu shaxslar o‘z vaqtida «aksilinqilobiy harakatlar» va «sovet hokimiyatiga qarshi qo‘zg‘olon» kabi ayblovlar bilan otuv va surgun jazolariga hukm qilingan edi.

Oliy sud 100 yil oldin qatag‘on qilingan 161 nafar shaxsni oqladi © Foto: sud.uz

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi 2026 yil 6-may kuni bo‘lib o‘tgan ochiq sud majlislarida 161 nafar qatag‘on qurbonini reabilitatsiya qildi. Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasiga asosan 8 ta jinoyat ishi bo‘yicha ayblangan ushbu shaxslarga nisbatan Oliy sud Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining oqlov hukmlari chiqarildi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, ushbu shaxslar 1920-1934 yillarda Turkfrontning Farg‘ona qo‘shinlar guruhi Harbiy kengashi, O‘rta Osiyo va Qozog‘iston birlashgan davlat siyosiy boshqarmasi qoshidagi Uchlik Kengashlari qarorlari bilan bosmachilik harakatlariga ko‘maklashish, aksilinqilobiy harakatlar va sovet hokimiyatiga qarshi qo‘zg‘olonlarda ayblanib, otuv yoki konslagerlarga hukm qilingan edi.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, mazkur jarayon Prezidentning 2020 yil 8-oktabrdagi «Qatag‘on qurbonlarining merosini yanada chuqur o‘rganish va ular xotirasini abadiylashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoyishi ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda. Respublika ishchi guruhi va Oliy sudning maxsus ishchi guruhi tomonidan arxiv hujjatlarini o‘rganish natijasida keyingi yillarda jami 1 236 nafar vatandosh oqlangani aytiladi.

2026 yil 6-may kuni oqlangan shaxslarning hududlar va qarorlar bo‘yicha ro‘yxati:

1. Farg‘ona viloyati (1920 yil 22-oktabrdagi qaror):

Jami 31 nafar shaxs, jumladan Magomed Axunov, Tilaboy Ustabekov, Vasiliy Ignatevich Klimenko, Abdulajan Radjabayev, Mulla Turg‘un Abdullayev va boshqalar. Ularning aksariyati otuvga va turli muddatlarga konslagerlarga hukm qilingan bo‘lsa, ikki nafar voyaga yetmagan shaxs (Alimdjan Alibayev va Hakidjan Kuldashev) maxsus komissiyalarga topshirilgan.

2. Bo‘stonliq tumani (1933 yil 5-iyuldagi qaror):

22 nafar shaxs, jumladan Aripxodjiyev Urumbay, Kurbanov Nazarmat, Nurbabayev Kushak kabi vatandoshlar 3 yildan 10 yilgacha konslager jazosidan oqlandi.

3. Buxoro tumani (1926 yil 26-sentabrdagi qaror):

8 nafar shaxs, jumladan Baratov Chuli, Turdiyev Arab va boshqalar 3 yil muddatga konslager jazosi bo‘yicha reabilitatsiya qilindi.

4. Buxoro viloyati, Qorako‘l tumani (1930 yil 12-sentabrdagi qaror):

13 nafar shaxs. Gaib Mamed Aliyev (otuvga hukm qilingan), Mulla Tura Yuldashev (5 yil), Alim Said Nafasov (8 yil) va boshqalar nomi oqlandi.

5. Jizzax, G‘allaorol, Zomin va Bulung‘ur tumanlari (1932 yil 19-apreldagi qaror):

19 nafar shaxs, jumladan Bayturayev Kuchum, Salimov Mulla Yusup, Safarov Axmed kabilar 5 yildan 10 yilgacha bo‘lgan qamoq jazolaridan reabilitatsiya qilindi.

6. Pop tumani (1930 yil 26-iyuldagi qaror):

23 nafar shaxs. Abdurazakov Madamin, Axmedov Umurzak, Irmatov Said Axmet va boshqa 15 nafar shaxs otuvga hukm qilingan, qolganlari 5 yildan 10 yilgacha konslagerga jo‘natilgan. Ularning barchasi oqlandi.

7. Mitan va Kattaqo‘rg‘on tumanlari (1934 yil 29-martdagi qaror):

38 nafar shaxs, jumladan Abdullayev Narzulla Maksum (10 yil), Yuldashev Turakul (8 yil) va boshqalar ozodlikdan mahrum qilish jazolari bo‘yicha reabilitatsiya qilindi.

8. Bostandik va Kosasoy hududlari (1930 yil 20-noyabrdagi qaror):

7 nafar shaxs. Abduzairov Tair va Sharipov Saidmurat (otuvga hukm qilingan), Nurmatov Xalmurat, Yakupbayev Magamet va boshqalar oqlandi.

«Shu asnoda adolat qaror topdi, yillar mobaynida yuzaga chiqmay kelgan haqiqat tantana qildi. Yurt mustaqilligi, dini, e’tiqodi, madaniyati va millat g‘ururi uchun kurashish yo‘lida o‘z jonini fido qilgan qatag‘on qurbonlarining pok nomlari xalqimiz qalbida mangu yashaydi», - deyiladi xabarda,

Oqlanganlarning to‘liq ro‘yxati bilan quyidagi havolada tanishsangiz bo‘ladi:

Теглар

Мавзуга оид