Orban Vengriyadagi saylovlarda mag‘lub bo‘ldi: bu Rossiya uchun nimani anglatadi?

Бугун 10:256 дақиқа

Viktor Orban boshqaruvidagi Vengriya Yevropa Ittifoqida Rossiyaning asosiy ittifoqchisi bo‘lmagan taqdirda ham, har holda yillar davomida Moskvaga eng yaqin siyosat yuritgan mamlakat edi. Muxolifat hokimiyatga kelishi bilan nimalar o‘zgaradi?

Orban Vengriyadagi saylovlarda mag‘lub bo‘ldi: bu Rossiya uchun nimani anglatadi? © apnews.com

Orbanning o‘zi va uning vazirlari Kreml bilan aloqalarini yashirib o‘tirishmadi va buni pragmatik mulohazalar bilan izohlashdi. Budapesht Kiyev bilan ochiqchasiga ziddiyatga bordi, Rossiya neftini sotib oldi va Rossiyaga qarshi sanksiyalarga qarshi chiqdi. Xo‘sh, muxolifat hokimiyat tepasiga kelishi bilan endi nimalar o‘zgaradi? BBC vaziyatni tahlil qildi.

Vengriyadagi saylovlardan bir oz avval «Bloomberg» agentligi Putin va Orbanning 2025 yil oktabr oyidagi suhbati stenogrammasini e’lon qilgan edi: unda Orban o‘zini hayotini saqlab qolgan sherga yordam berayotgan sichqonga qiyoslagan. Orban Putinni foydasi tegishi mumkin bo‘lgan har qanday masalada «xizmatingizga tayyorman» deb ishontirgan.

Bu «Orbanni o‘z mamlakati manfaatlarini himoya qiluvchi juda pragmatik va samarador nuqtai nazardan ko‘rsatadi», — deya bayonot berdi bu borada Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov.

Ovoz berish arafasida g‘arb ommaviy axborot vositalari Rossiya Orbanning qayta saylanishiga faol yordam berishga urinayotgani haqida yozishdi: bunda axborot kampaniyalari va hatto, g‘arb nashrlari manbalari ta’kidlaganidek, Rossiya Tashqi razvedka xizmati (SVR) tomonidan ishlab chiqilgan suiqasd uyushtirish rejasidan foydalanilgan.

Har qanday holatda ham, Moskvaning sa’y-harakatlari natija bermadi. Saylovlarda muxolifat: Peter Madyar va uning «Tisa» partiyasi g‘alaba qozondi.

«Har qanday hokimiyat almashinuvi hokimiyat almashmasligidan yaxshiroqdir. Ayniqsa, bir xil hokimiyat 16 yil o‘tirganidan keyin, har qanday yangilanish nimadir yangi, yangicha ruh olib keladi, yangi odamlarga imkoniyat beradi, — deb mulohaza yuritadi Berlindagi Karnegi markazi ilmiy xodimi Maksim Samorukov. — Shuning uchun, albatta, sodir bo‘lgan voqeada hech qanday yomonlik yo‘q. Faqatgina ushbu hokimiyat almashinuvidan haddan tashqari ko‘p narsa kutish ham kerak emas».

 

Orban «eng tajovuzkori», ammo yagonasi emas

Orban davrida Vengriya Rossiyaga qarshi sanksiyalar paketlarini va Ukrainaga yordamni bloklash uchun muntazam ravishda o‘z veto huquqidan foydalanib keldi.

«Vengriya Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat masalalarida deyarli eng nufuzli mamlakatlaridan biri degan obro‘ga ega bo‘ldi: YIning Ukraina yoki Rossiya yo‘nalishidagi har qanday harakati Viktor Orban bu borada nima deyishiga bog‘liq bo‘lib qoldi», — dedi BBCʼga Maksim Samorukov. Bu obro‘ aldamchidir.

Aslida Orban «Ukrainaga yordam berish va Rossiyaga bosim o‘tkazishga qarshi chiqqanlarning eng tajavuzkori, eng ovozi balandi edi xolos», deb hisoblaydi Samorukov. Biroq u bunday yagona emas. Agar Yevropa Ittifoqida Viktor Orbanning fikriga sherik bo‘lgan boshqa nufuzli kuchlar bo‘lmaganida, uning vetosi bu qadar uzoq va muvaffaqiyatli saqlanib tura olmas edi, deb hisoblaydi ekspert. Endi esa uning o‘rniga Yevropa meynstrimiga kimdir boshqa qarshilik qiladi — masalan, Slovakiya yetakchisi Robert Fitso yoki mamlakatda bo‘lib o‘tadigan saylovlarda muvaffaqiyat qozonish imkoniyatiga ega bo‘lgan rossiyaparast qarashdagi Bolgariya partiyalari.

«Orban Vengriyani Moskvaning katta do‘stiga aylantirdi deyish xomxayoldir, — deb ta’kidlaydi BBC bilan suhbatda «Balkanist» loyihasi bosh muharriri Oleg Bondarenko. — Shunchaki pragmatik hamkorlik bor edi. Vengriya Moskvaning ochiq-oydin do‘sti bo‘lmagan».

Federatsiya Kengashi vitse-spikeri Konstantin Kosachyov saylov yakunlarini sharhlar ekan, Orbanning mag‘lubiyati Rossiyaning Ukraina trekidagi manfaatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishini, ammo bu tubdan o‘zgarish yasamasligini bildirdi.

Karnegi markazidan Maksim Samorukov ham keskin o‘zgarishlarni kutish kerak emas, deb hisoblaydi.

«Hozir Rossiyaga qarshi bir talay yangi sanksiyalar joriy etilib, nafas olish yo‘llarini bug‘ib qo‘yishadi yoki Ukrainaga frontda burilish yasaydigan darajada ko‘p yordam berishadi, degan gap bo‘lmaydi», — deb ishonch bildiradi u.

Hozirgi sharoit Yevropaning Ukrainaga ishtiyoq bilan yordam berishiga va Rossiyaga bosim o‘tkazishiga yordam bermaydi.

«Energiya tashuvchilar narxining oshishi, Fors ko‘rfazidagi urush, AQSH bilan qarama-qarshiliklar va Yevropa Ittifoqining ichki muammolari — bularning barchasi Ukrainaga yangi yordam ajratish va Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirish shartlarini faqat yomonlashtiradi, — deydi Samorukov. — Bunday sharoitda Yevropadagi ko‘pchilik har qanday vetoga, hatto eng kichik mamlakatlarnikiga ham yopishib olishga tayyor bo‘ladi, chunki bu ularga hech narsa qilmaslik uchun qonuniy bahona beradi».

Bundan tashqari, so‘nggi bir necha yil ichida Orban o‘z raqibi Peter Madyarni Kiyevga birinchi imkoniyat tug‘ilishi bilan hamma narsani topshirishga tayyor bo‘lgan Ukraina agenti qilib ko‘rsatdi.

«Shunday ekan, Madyar darhol bularning barchasini amalga oshirishga va Orbanning ayblovlari asosli bo‘lganini, o‘zining haqiqatan ham ukrainaparast siyosatchi ekanini isbotlashga kirishmasa kerak», — deb taxmin qiladi Samorukov.

 

Neft masalasi nima bo‘ladi?

Ekspertlar Orban davridagi Rossiya-Vengriya munosabatlari juda pragmatik bo‘lgan degan fikrda yakdildirlar. Va bu yerda o‘zgarishlar uchun maydon u qadar katta emas.

«Vengriyaning Rossiya nefti va gaziga qaramligi o‘n yillar davomida shakllangan, — deydi Samorukov. — Va Orban bu qaramlikdan foyda ko‘rgan, mamlakati energetikasida iqtisodiy muammolarga duch kelmaslik uchun Kreml bilan konstruktiv hamkorlik izlagan Vengriyaning birinchi rahbari emas».

Hozir Vengriya «Turk oqimi» orqali olayotgan Rossiya gazini boshqa mamlakatlarga faol ravishda qayta sotmoqda. U yerda «Paksh-2» atom elektr stansiyasi qurilmoqda, unga Rossiyadan 10 milliard yevro imtiyozli kredit kiritilgan.

«U «Paksh» AES qurilishini bekor qiladimi? Bu AES Moskvaga qaraganda Vengriyaga ko‘proq kerak, — deb mulohaza yuritadi Oleg Bondarenko. — Rossiya nefti va gazini sotib olishni to‘xtatadimi? Unda energiya resurslarini qayerdan oladi?»

Bondarenkoning taxminicha, o‘zgaradigan bitta voqea bor. Gap «Gazpromneft» tomonidan NIS (Serbiya neft sanoati) kompaniyasidagi nazorat ulushini Vengriyaning MOL kompaniyasiga sotilishi haqida bormoqda.

«Bu siyosiy sotuv bo‘lgani va u Orban uchun qilinayotgani tushunarli edi, — deb hisoblaydi ekspert. — Lekin u amalga oshmadi. Muzokaralar olib borilmoqda va endi, menimcha, bu bitim imzolanmaydi. Madyar davrida Moskva va Budapesht munosabatlari o‘zgaradigan yagona tushunarli band mana shu».

Orban haqiqatan ham mamlakatni milliy manfaatlar yo‘lida Moskvaga energetik qaram qilib qoldirganmidi, degan mavzuda uzoq bahslashish mumkin, deydi Samorukov. Ammo gap shundaki, Orban tizimi ko‘p yillar davomida Vengriyaning iqtisodiy o‘sishini ta’minlab keldi.

«Uni muammosiz va hech qanday korrupsiyaga, hech narsaga e’tibor bermay qayta saylashardi, chunki mamlakatda kuchli iqtisodiy o‘sish bor edi, hammani hamma narsa qanoatlantirardi», — deydi ekspert.

So‘nggi to‘rt yil ichida Vengriya iqtisodiyoti o‘smayapti, Orbanning Brussel bilan ziddiyati tufayli bir necha milliard yevrolik Yevropa subsidiyalari Vengriyaga yetib kelmay «osilib» qolgan. Yangi hukumatning ustuvor vazifasi endi Yevropa Ittifoqi subsidiyalarini «muzlatishdan chiqarish» bo‘ladi.

«Vengriya kabi kichik iqtisodiyot bilan Yevropa Ittifoqi bilan normal munosabatlarga ega bo‘lish va Yevropa budjetidan yordam olish foydaliroq, — deydi Samorukov. — Bu ham Rossiyadan qandaydir chegirma bilan gaz olish kabi milliy manfaatdir».

 

Davlat apparatida tozalashlar bo‘lmaydi

«Tisa» — Orban va uning «Fides»idan yetishib chiqqan o‘sha hukmron elita vakillaridan iborat partiya. Qolaversa, partiya juda kichik, shuning uchun yaqin orada davlat apparatining katta qismida ulkan kadrlar o‘zgarishi bo‘lmaydi.

«Ularda hokimiyat tepasidagi uzoq yillar davomida Orban partiyasi bilan jipslashib ketgan ulkan davlat apparatini butunlay tozalash uchun kadrlar resursi yo‘q, — deb mulohaza yuritadi Samorukov. — Va, katta ehtimol bilan, yangi hukumat shakllanganidan keyin hech qanday shov-shuvli korrupsion qamoqlarni ko‘rmaymiz».

Vengriyadagi ko‘pchilik «Tisa» uchun ovoz bergani muxolifat saylovchilari Kiyevga har qanday yon berishga va Ukraina masalasida har qanday Yevropa tashabbusini qo‘llab-quvvatlashga tayyor degani emas.

«Aslida, agar «Tisa» tarafdorlari ichidagi so‘rovnomalarga qarasak, ularning uchdan bir qismidan ko‘prog‘i Ukrainani Vengriya uchun tahdid deb hisoblaydi», — deb ta’kidlaydi Samorukov.

Kremlda allaqachon «venger xalqining tanlovini hurmat qilishlari» va Vengriya bilan «pragmatik aloqalarni» davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirishdi. Biroq Madyarni g‘alaba bilan tabriklamaslikka qaror qilishdi, chunki Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov tushuntirganidek, Vengriya — do‘st bo‘lmagan mamlakat.

Теглар

Мавзуга оид