Logo

Oshgan tashqi qarz, qisqargan eksport va savdo taqchilligi: yarim yilda tashqi sektorda qanday o‘zgarishlar yuz berdi?

Бугун 13:284 дақиқа

2026-yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda oltinsiz tovarlar eksporti 27 foizga, xizmatlar eksporti 45 foizga oshdi. Shu bilan birga, import 24 foizga ko‘payib, tashqi qarz 84,1 mlrd dollarga yetdi. Vaqt.uz Markaziy bank ma’lumotlari asosida tashqi sektordagi asosiy o‘zgarishlarni o‘rgandi.

Oshgan tashqi qarz, qisqargan eksport va savdo taqchilligi: yarim yilda tashqi sektorda qanday o‘zgarishlar yuz berdi? © AP

O‘zbekistonning tashqi savdosida 2026-yilning birinchi yarmida turli o‘zgarishlar kuzatildi. Eksport, ayniqsa oltinsiz mahsulotlar va xizmatlar eksporti oshgan bo‘lsa, import ham sezilarli ko‘paydi. Natijada mamlakatning tashqi savdo taqchilligi 13,4 mlrd dollarga yetdi.

Shu davrda xorijiy investitsiyalar oqimi davom etdi, tashqi majburiyatlar esa oshdi. 

Vaqt.uz Markaziy bank ma’lumotlari asosida O‘zbekiston tashqi sektorida yilning dastlabki olti oyida yuz bergan o‘zgarishlarni ko‘rib chiqdi.

Eksport kamaydi, import esa 24 foizga oshdi

Eksport. 2026-yilning birinchi yarmida O‘zbekiston jami 15,4 mlrd dollarlik mahsulot va xizmatlar eksport qildi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 8,6 foizga kam.

Eksportning kamayishiga asosan oltin eksporti hajmining qisqarishi sabab bo‘ldi. Shu bilan birga, oltinsiz mahsulotlar eksporti 27 foizga, xizmatlar eksporti esa 45 foizga oshdi. Demak, umumiy eksport kamaygan bo‘lsa-da, oltin hisobga olinmagan eksport va xizmatlar eksportida sezilarli o‘sish kuzatildi.

Import. 2026-yilning birinchi yarmida O‘zbekistonning jami import hajmi 28,8 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 24 foizga ko‘p.

Importning yuqori hajmda shakllanishi investitsiyaviy faollik va ichki iste’mol talabining yuqori darajada saqlanib qolishi bilan izohlanadi. Xususan, mashina va uskunalar, transport vositalari, kimyoviy va mineral mahsulotlar hamda oziq-ovqat tovarlari importi yuqori hajmlarda shakllandi.

Import tarkibida tovarlar importi 24 foizga, xizmatlar importi esa 21 foizga oshdi.

Eksport va import o‘rtasidagi farq natijasida savdo balansida 13,4 mlrd dollarlik taqchillik yuzaga keldi.

Bu taqchillik birlamchi va ikkilamchi daromadlar hisobidagi ijobiy natijalar hisobiga qisman qoplandi. Birlamchi daromadlar bo‘yicha ijobiy saldo 1,9 mlrd dollarni, ikkilamchi daromadlar bo‘yicha esa 5,3 mlrd dollarni tashkil etdi.

1

Manba: Markaziy bank

Tashqi operatsiyalarda 6,2 mlrd dollarlik taqchillik yuzaga keldi

Eksport, import va boshqa tashqi iqtisodiy operatsiyalar natijasida 2026-yilning birinchi yarmida O‘zbekistonning joriy operatsiyalar hisobida qariyb 6,2 mlrd dollarlik taqchillik shakllandi.

Ushbu taqchillik asosan to‘g‘ridan-to‘g‘ri, portfel va boshqa investitsiyalar bo‘yicha operatsiyalar hamda boshqa manbalar hisobiga moliyalashtirildi. Hisobot davrida O‘zbekistonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning sof kirimi 2,3 mlrd dollarni tashkil etdi.

Portfel investitsiyalarining sof jalb qilinishi esa qariyb 2 mlrd dollar bo‘ldi.

Bundan tashqari, davlat sektori, banklar va boshqa sektorlar bo‘yicha valuta va depozitlar, savdo kreditlari hamda tashqi qarzlar bilan bog‘liq operatsiyalar hisobiga boshqa investitsiyalar komponentida qariyb 1,5 mlrd dollarlik sof kirim qayd etildi.

Shu omillar hisobiga 2026-yil I yarim yilligi yakunida moliyaviy hisob 7,5 mlrd dollarlik taqchillik bilan shakllandi.

2

Manba: Markaziy bank

O‘zbekistonning xalqaro investitsiyaviy mavqei 34 foizga qisqardi

To‘lov balansida aks etgan operatsiyalar va nooperatsion o‘zgarishlar ta’sirida O‘zbekistonning sof xalqaro investitsiyaviy mavqei yil boshiga nisbatan 34 foizga qisqardi. 2026-yil 1-iyul holatiga ushbu ko‘rsatkich 13,3 mlrd dollarni tashkil etdi.

Hisobot davrida rezidentlarning tashqi aktivlari qoldig‘i yil boshiga nisbatan 1,1 mlrd dollarga yoki 1 foizga kamaydi. Bunda jahon bozorida oltin narxining pasayishi hisobiga xalqaro zaxiralar qoldig‘i 2,5 mlrd dollarga qisqardi. Shu bilan birga, to‘g‘ridan-to‘g‘ri va boshqa investitsiyalar bo‘yicha aktivlar qoldig‘i 1,4 mlrd dollarga oshdi. Rezidentlarning tashqi majburiyatlari qoldig‘i esa 5,8 mlrd dollarga yoki 5 foizga ko‘paydi.

2026-yil 1-iyul holatiga O‘zbekistonning jami tashqi aktivlari 127,4 mlrd dollar, tashqi majburiyatlari esa 114,1 mlrd dollar bo‘lgan. Xalqaro zaxira aktivlari qoldig‘i 63,8 mlrd dollarni tashkil etgan.

Tashqi qarzi bir yilda 12 mlrd dollarga oshdi

2026-yilning birinchi yarmi yakuniga ko‘ra, O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi 84,1 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2025-yilning shu davriga nisbatan 12,1 mlrd dollar yoki 16,4 foizga ko‘p.

3

Manba: Vaqt.uz | Izoh: O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi 2024–2026-yillarning dastlabki yarim yillik hisobotlari asosida solishtirildi.

Tashqi qarz bir chorakda 1,9 mlrd dollarga oshdi

2026-yilning I choragi yakuni bilan taqqoslaganda, umumiy tashqi qarz 1,9 mlrd dollarga yoki 2,3 foizga ko‘paygan. Shundan davlat tashqi qarzi 1,2 mlrd dollarga, korporativ tashqi qarz esa 0,7 mlrd dollarga oshgan.

2026-yil birinchi yarim yilligi yakunida umumiy tashqi qarzning 41,7 mlrd dollari davlat tashqi qarziga, 42,4 mlrd dollari esa korporativ tashqi qarzga to‘g‘ri kelgan.

Korporativ tashqi qarz tarkibiga xususiy sektor, jumladan, tadbirkorlik subyektlari tomonidan davlat kafolatisiz jalb qilingan qarzlar kiradi. Bunday qarzlar bo‘yicha davlat majburiyati mavjud emas. Ular bo‘yicha to‘lovlar xo‘jalik subyektlari va banklarning o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Bir yilda davlat qarzi 4,8 mlrd, korporativ qarz 7 mlrd dollarga oshgan

2025-yilning birinchi yarim yilligida O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi 72,2 mlrd dollarni tashkil etgan. Shundan 36,8 mlrd dollari davlat tashqi qarzi, 35,4 mlrd dollari korporativ tashqi qarz hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Shu tariqa, bir yil ichida davlat tashqi qarzi 4,8 mlrd dollarga, korporativ tashqi qarz esa 7 mlrd dollarga oshgan.

2024-yilning dastlabki yarim yilligida esa mamlakatning umumiy tashqi qarzi 56,6 mlrd dollar bo‘lgan. Uning qariyb 31 mlrd dollari davlat tashqi qarzi, 25,6 mlrd dollari esa korporativ tashqi qarz hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Shunday qilib, 2024-yilning birinchi yarim yilligidan 2026-yilning shu davrigacha O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi 27,5 mlrd dollarga oshgan.

Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yil birinchi yarmida O‘zbekiston rezidentlarining tashqi majburiyatlari qoldig‘i ham yil boshiga nisbatan 5,8 mlrd dollarga yoki 5 foizga ko‘paygan.

Теглар

Маҳлиё Ҳамидова

Маҳлиё ҲамидоваМақолалар сони: 211

Барчаси

Мавзуга оид