Logo

OTB Tojikistonga pensiya tizimini modernizatsiya qilish uchun 20,5 mln dollar bermoqchi

Кеча 22:553 дақиқа

Mablag‘lar pensiya xizmatlarini raqamlashtirish, aholini pensiya tizimi bilan qamrab olishni kengaytirish va ijtimoiy himoya xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini yaxshilashga yo‘naltiriladi. Bank prezidenti butun umri davomida mehnat qilgan insonlar uchun pensiya ta’minotining ishonchliligi qog‘ozbozlik yoki yashash joyiga bog‘liq bo‘lmasligi kerakligini aytdi.

OTB Tojikistonga pensiya tizimini modernizatsiya qilish uchun 20,5 mln dollar bermoqchi © OTB

Osiyo taraqqiyot banki (OTB) Tojikiston uchun aholini pensiya xizmatlari bilan qamrab olishni kengaytirish, pensiya va ijtimoiy nafaqalarni to‘lash tizimini modernizatsiya qilish, shuningdek, ijtimoiy xizmatlarning sifati va ulardan foydalanish imkoniyatini yaxshilash uchun 20,5 mln dollar miqdorida grant mablag‘larini ma’qulladi.

OTBning ma’lum qilishicha, moliyalashtirishning 19,5 mln dollari Osiyo taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan, yana 1 mln dollari esa Yaponiya hukumati tomonidan OTB orqali moliyalashtiriladigan Yuqori texnologiyalar jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ajratiladi. Shu bilan birga, Osiyo taraqqiyot jamg‘armasi grantining 12,32 mln dollari Yaqin Sharqdagi mojaroning iqtisodiy va moliyaviy oqibatlaridan zarar ko‘rgan mamlakatlarni qo‘llab-quvvatlash dasturi doirasida ajratiladi.

«Butun umri davomida mehnat qilgan insonlar uchun pensiya ta’minotining ishonchliligi qog‘ozbozlik yoki yashash joyiga bog‘liq bo‘lmasligi kerak», — dedi OTB prezidenti Masato Kanda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, loyiha Tojikistonda ijtimoiy himoya tizimini mustahkamlash va hozirda pensiya tizimidan tashqarida qolayotgan aholini ushbu tizim bilan qamrab olishga yordam berishi kerak.

OTB ma’lumotlariga ko‘ra, Tojikistonda pensiya to‘lovlari miqdori Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkazdagi eng past ko‘rsatkichlardan biri bo‘lib qolmoqda. Bundan tashqari, norasmiy sektorda bandlik, mavsumiy ish, o‘zini o‘zi band qilish va mehnat migratsiyasi ko‘plab ishchilarning pensiya sug‘urtasi tizimidan tashqarida qolishiga sabab bo‘lmoqda.

Bankning urg‘ulashicha, oz ta’minlangan oilalar, pensionerlar, norasmiy sektor xodimlari va ayollarga oziq-ovqat hamda yoqilg‘i narxlarining oshishi, transport qatnovi va ta’minotdagi uzilishlar, shuningdek, mehnat migratsiyasi sohasidagi noaniqlik qo‘shimcha yuk bo‘lmoqda.

Nimalar o‘zgaradi?

Loyiha doirasida Ijtimoiy sug‘urta va pensiyalar agentligi modernizatsiya qilinadi. Zamonaviy va himoyalangan ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari hamda xizmatlar ko‘rsatish va tizimni boshqarish uchun yagona raqamli platforma yaratish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, kiberxavfsizlikni kuchaytirish, hujjatlarni raqamlashtirish, idoralar o‘rtasida ma’lumot almashinuvini yaxshilash, agentlikning Dushanbe va Boxtardagi ofislarini yangilash hamda xodimlarni yangi raqamli tizimlar bilan ishlashga o‘qitish ko‘zda tutilgan.

OTB bahosiga ko‘ra, ushbu choralar natijasida kamida 320 ming nafar amaldagi sug‘urta badallari to‘lovchisi va 250 ming pensioner xizmatlardan tezroq, xavfsizroq va qulayroq foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Loyiha, shuningdek, norasmiy sektorda ishlovchilar va o‘zini o‘zi band qilganlar, mehnat migrantlari hamda ularning oila a’zolarini pensiya ta’minoti bilan qamrab olishni kengaytirishga qaratilgan. Ijtimoiy himoyadan foydalanish imkoniyati cheklangan ayollarga ham alohida e’tibor qaratiladi. Ular tizimda ro‘yxatdan o‘tishi va, xususan, onalar salomatligini muhofaza qilish hamda zo‘ravonlikdan himoyalanish xizmatlaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishi kutilmoqda.

Osiyo taraqqiyot banki — Osiyo-Tinch okeani mintaqasida barqaror va inklyuziv o‘sishni qo‘llab-quvvatlovchi ko‘p tomonlama rivojlanish banki. OTB 1966-yilda tashkil etilgan. Uning aksiyadorlari 69 ta davlatdan iborat bo‘lib, ularning 50 tasi mintaqa davlatlaridir.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq pensiya yoshiga yetganlar uchun eng yaxshi 10 ta mamlakat nomi e’lon qilingandi.

Теглар

Мавзуга оид