O‘zbekiston iqtisodiyotining “bir bo‘lagi” sotuvda: Bloomberg UzNIF IPOsini tahlil qildi

Бугун 20:203 дақиқа

Agentlik yozishicha, jamg‘arma IPOsi mamlakat uchun global kapital bozoriga kirish yo‘lidagi eng muhim qadamlardan biri bo‘ladi.

O‘zbekiston iqtisodiyotining “bir bo‘lagi” sotuvda: Bloomberg UzNIF IPOsini tahlil qildi © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

29-aprel kuni O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi (UzNIF) 30 foiz ulushi uchun IPO boshlanganini e’lon qildi. Aksiyalarning ilk marta ommaviy chiqarilishi London va Toshkentda ikki tomonlama, «dual listing» ko‘rinishida o‘tkaziladi.

IPO doirasida jamg‘arma qiymati 1,95 mlrd dollarga baholanmoqda. Avvalgi narx 2,4 mlrd dollardan oshiq edi — investorlarni qiziqtirish uchun aksiyalar 20 foiz chegirma bilan taklif qilingan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda Milliy investitsiya jamg‘armasi IPOsi uchun talab taklifdan uch barobar oshib ketgan.

IPO O‘zbekistonning jahon moliya bozorlariga integratsiyalashuvini yangi pallaga olib kirishi mumkin. Bloomberg ham bu jarayonga e’tibor qaratdi.

Agentlik tahlil qilishicha, UzNIF aksiyalarining ommaviy joylashtirilishi bu shunchaki aksiyalar sotuvi emas, balki Markaziy Osiyoning ikkinchi yirik iqtisodiyotiga to‘g‘ridan to‘g‘ri “kirish chiptasi”dir.

Nima uchun aynan hozir?

2016-yildan boshlangan iqtisodiy islohotlar — valuta bozorining erkinlashishi va energetika sektordagi transformatsiyalar o‘z mevasini bera boshladi.

Bloomberg O‘zbekiston iqtisodiyoti 2021 yildan buyon ikki barobar o‘sib, 150 mlrd dollarga yetganiga e’tibor qaratmoqda. 2030-yilga kelib iqtisodiyot 240 mlrd dollarga yetishi kutilmoqda.

UzNIF IPOsi esa ushbu o‘sish sur’atidan investorlar ham bahramand bo‘lishi uchun yaratilgan imkoniyat deya baholanmoqda.

Strategik aktivlar jamlanmasi — UzNIFga shunchaki qog‘ozdagi jamg‘arma sifatida qaralmayapti. Uning tarkibida mamlakat iqtisodiyotining "tayanchi" hisoblangan 13 ta yirik kompaniya mavjud.

1

Ular orasida quyidagi kompaniyalar investorlar uchun ancha jozibador bo‘lib turibdi:

Uzbekistan Airways: 2024 yilda 1,4 mlrd dollar daromad ko‘rgan aviagigant.
«O‘zbekgidroenergo»: mamlakat «yashil energiya»sining 11 foizini ta’minlaydi.
«O‘zsanoatqurilishbank»: 7,5 mlrd dollarlik aktivlarga ega bank tizimi yetakchisi.

Nima uchun investorlar qiziqish bildirmoqda?

Tahlilchilar UzNIF aksiyalarining 20 foiz chegirma bilan (1,95 mlrd dollar baholangan holda) taklif etilayotganini «investorlarni jalb qilish uchun tashlangan aqlli qadam» deb baholamoqda.

Jamg‘armaga o‘sib borayotgan O‘zbekiston iqtisodiyotining bir qismi sifatida qaralmoqda. I chorakda mamlakat iqtisodiy o‘sishi yanada tezlashib, 8,7 foizni tashkil qilgandi. Bu 2017 yildan beri eng yuqori ko‘rsatkich.

Bundan tashqari, O‘zbekistonning jahon oltin bozoridagi oldi o‘rni va oltin narxining rekord darajaga (troya unsiyasi uchun 5500 dollar) chiqqani mamlakat moliya tizimiga bo‘lgan yuqori ishonchni shakllantirmoqda.

IPO zanjiri

Milliy investitsiya jamg‘armasi IPOsi O‘zbekistonga kelgusi rejalar uchun boshlanish nuqtasi bo‘lib xizmat qilishi mumkin.

Kelgusi ikki yil ichida jamg‘arma tarkibidagi «Uzbekistan Airways», «O‘zbektelekom» va «O‘zbekgidroenergo» kabi kompaniyalarning o‘zlari ham mustaqil ravishda birjaga chiqishi kutilmoqda. Bu esa UzNIF aksiyadorlari uchun qo‘shimcha kapital o‘sishini anglatadi.

2

Xususiy sektor vakillari orasidan Uzum, TBC Uzbekistan va Centrum kompaniyalari ham yaqin yillarda IPOga chiqishni reja qilgan.

Bloomberg tahliliga ko‘ra, O‘zbekistonning IPO strategiyasi nafaqat mablag‘ yig‘ish, balki mamlakat boshqaruv tizimini shaffof va xalqaro standartlarga moslashtirishni ko‘zda tutgan.

Avvalroq O‘zbekiston tarixida o‘tkazilgan IPOlar haqida ma’lumot berilgandi.



Теглар

Мавзуга оид