O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Ozarbayjon Birinchi xonimlari «Altin balalik» reabilitatsiya markaziga tashrif buyurdi
Ziroat Mirziyoyeva, Aygul Japarova va Mehribon Aliyeva Qirg‘izistondagi «Altin balalik» reabilitatsiya markazida bo‘lib, bolalar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva Qirg‘iz Respublikasi Birinchi xonimi Aygul Japarova hamda Ozarbayjon Respublikasi Birinchi xonimi Mehribon Aliyeva bilan birgalikda Qirg‘izistondagi «Altin balalik» reabilitatsiya markaziga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida oliy martabali mehmonlar markaz faoliyati, bolalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar va turli mahorat darslari bilan tanishib, tarbiyalanuvchilar bilan samimiy muloqot qildi.
Mehmonlar uchun «Shattik» milliy raqs ansambli hamda yosh komuzchilar ansambli tomonidan madaniy dastur namoyish etildi. Shuningdek, «Aqilman» iqtidorli bolalar prezident litseyi o‘quvchilari tayyorlagan loy va kigizdan yasalgan buyumlar ko‘rgazmasi ham tashkil etildi.
Shundan so‘ng delegatsiyalar markaz hududidagi sohil bo‘yi va san’at galereyasini ko‘zdan kechirdi. Galereyada Qirg‘izistonda o‘tkaziladigan bolalar ijodiyoti xalqaro tanlovlari g‘oliblari, jumladan, o‘zbekistonlik yosh rassomlarning ishlari namoyish etildi.
Tashrif doirasida O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Ozarbayjon xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik ramzi sifatida yaratilgan «Do‘stlik daraxti» nomli kigiz pannosiga yakuniy bezak elementini tushirish marosimi ham bo‘lib o‘tdi.
Tashrif yakunida Qirg‘iz Respublikasi Birinchi xonimi Aygul Japarova Ziroat Mirziyoyevaga an’anaviy qirg‘iz milliy musiqa asbobi — changqo‘bizni sovg‘a qildi.





