O‘zbekistonda gidlarning beyjik taqishi ustidan nazorat IIVga yuklatilmoqda
Yangi tartibga ko‘ra, beyjik taqdim etmagan gidlarning madaniy meros obyektlariga bepul kirishi va ekskursiya o‘tkazishi taqiqlanadi, ma’lumotlar esa QR-kod orqali Yagona elektron reyestr bilan solishtiriladi.

O‘zbekistonda turizm tashrif obyektlarida faoliyat yurituvchi gid va gid-tarjimonlar uchun identifikatsiya kartasidan (beyjikdan) foydalanish hamda uning mavjudligini nazorat qilishning yangi tartibi joriy etiladi. Bu haqda Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida e’lon qilingan qo‘shma qaror loyihasida ma’lum qilindi.
Hujjat Turizm qo‘mitasi, Ichki ishlar vazirligi, Madaniy meros agentligi hamda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 4-sentabrdagi 468-son qarori ijrosi doirasida ishlab chiqilgan. Qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oydan keyin kuchga kirishi nazarda tutilgan.
Nizomga ko‘ra, gid (gid-tarjimon) turizm tashrif obyektida kasbiy vazifalarini bajarish vaqtida qonunchilikda belgilangan tartibda berilgan beyjikni ustki kiyimining ko‘rinadigan qismida taqib yurishi shart. Beyjikni rasmiylashtirish, berish, almashtirish va dublikatini berish Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 30-noyabrdagi 635-son qarori asosida amalga oshiriladi.
Nazorat va davlat organlarining vakolatlari
Beyjiklar mavjudligi va ulardan belgilangan tartibda foydalanilishi ustidan bevosita nazorat Ichki ishlar vazirligining vakolatli bo‘linmalari tomonidan amalga oshiriladi.
Turizm qo‘mitasi idoralararo hamkorlikni muvofiqlashtiradi hamda Yagona elektron reyestr yuritilishini ta’minlaydi.
Madaniy meros agentligi moddiy madaniy meros obyektlarini boshqaruvchi tashkilotlar bilan hamkorlikda gidlarning beyjiklar asosida obyektlarga bepul kirishini ta’minlaydi.
Beyjik taqdim etmagan gidlarning obyektlarga bepul kirishi va ekskursiya o‘tkazishi taqiqlanadi, aniqlangan qoidabuzarliklar haqida vakolatli organlarga xabar beriladi.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita esa diniy turizm obyektlarida talablarni tushuntirish va ehtimoliy qoidabuzarliklar haqidagi ma’lumotlarni yetkazishga ko‘maklashadi.
Beyjikka qo‘yiladigan talablar va taqiqlar
Identifikatsiya kartasining old tomonida Turizm qo‘mitasi nomi, «GID (GID-TARJIMON) IDENTIFIKASIYA KARTASI» yozuvi, gidning rangli fotosurati, familiyasi, ismi va otasining ismi, kasbiy faoliyat turi («Gid» yoki «Gid-tarjimon»), yagona identifikatsiya raqami hamda Yagona elektron reyestr orqali haqiqiyligini tekshiruvchi QR-kod aks ettiriladi.
Orqa tomonida esa Turizmni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti nomi, beyjik berilgan sana, kasbiy faoliyatni amalga oshirish huquqi, ekskursiya tili va reyestrning rasmiy elektron manzili joylashtiriladi.
Gidlarga quyidagilar taqiqlanadi:
• boshqa shaxsga tegishli beyjikdan foydalanish;
• o‘z beyjigini boshqa shaxsga kasbiy faoliyatda foydalanish uchun berish;
• qalbakilashtirilgan yoki qonunga xilof ravishda o‘zgartirilgan beyjikdan foydalanish;
• beyjikdagi identifikatsiya ma’lumotlarini qasddan berkitish yoki o‘zgartirish.
Tekshiruv tartibi va ko‘riladigan choralar
Nazorat vizual tekshirish, beyjikdagi ma’lumotlarni Yagona elektron reyestr bilan solishtirish hamda asosli shubha tug‘ilganda vakolatli organga so‘rov yuborish usullarida o‘tkaziladi.
Tekshiruv turistlarning dam olishi va ekskursiya dasturiga imkon qadar xalaqit bermagan holda, eng qisqa muddatda amalga oshiriladi.
Nazorat natijalariga ko‘ra quyidagi choralar belgilangan:
— Beyjik yo‘q, ammo sertifikat amalda bo‘lsa: holat qayd etiladi, gidga talablar tushuntiriladi va holatga aniqlik kiritish uchun Turizm qo‘mitasining hududiy bo‘linmasi orqali Turizmni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot institutiga ma’lumot yuboriladi.
— Malaka sertifikati mavjud bo‘lmasa, to‘xtatilgan yoki bekor qilingan bo‘lsa: dalolatnoma rasmiylashtiriladi va gid ekskursiya xizmatini darhol to‘xtatishi lozimligi haqida yozma xabardor qilinadi. Ekskursiya turoperator tomonidan tashkil etilgan bo‘lsa, unga zudlik bilan xabar berilib, amaldagi sertifikatga ega boshqa gid orqali xizmatni davom ettirish zarurligi bildiriladi. Dalolatnoma bir ish kuni ichida Turizm qo‘mitasi va sertifikat beruvchi organga yuboriladi. Faoliyat davom ettirilsa yoki holat takroran aniqlansa, materiallar javobgarlik choralarini qo‘llash uchun vakolatli organga taqdim etiladi.
— Qalbaki yoki begona beyjik alomatlari aniqlansa: ma’lumotlar sertifikat beruvchi organga, hujjatni qalbakilashtirish yoki boshqa huquqbuzarlik alomatlari mavjud bo‘lganda esa tegishli ichki ishlar organiga yuboriladi.
Huquqiy chegaralar va ma’lumotlar himoyasi
Loyihada alohida ta’kidlanishicha, «mazkur Nizom yangi turdagi kasbiy ruxsatnoma, ma’muriy javobgarlik chorasi yoki davlat organlarining qonunchilikda belgilanmagan qo‘shimcha nazorat vakolatlarini joriy etmaydi».
Shuningdek, Yagona elektron reyestrda vaqtinchalik texnik nosozlik mavjudligi shaxsni huquqbuzar deb topish uchun mustaqil asos hisoblanmaydi.
Hujjatda biometrik nazorat masalasiga ham aniqlik kiritilgan: «Ushbu Nizom gidlarni (gid-tarjimonlarni) yuz tasvirini avtomatik tanib olish vositalari orqali identifikatsiya qilish, biometrik ma’lumotlar bazasini tashkil etish yoki turizm tashrif obyektlarida avtomatlashtirilgan biometriya nazoratini joriy etishning mustaqil huquqiy asosi hisoblanmaydi».
Nazoratni amalga oshiruvchi mansabdor shaxslarning qarorlari, harakatlari yoki harakatsizligi ustidan qonunchilikda belgilangan tartibda shikoyat qilish mumkin.





