O‘zbekistonda ilk bor mayning faoliyati uchun rasmiy ruxsatnoma berildi

20.02.2026 | 20:563 дақиқа

2023 yil kuzida ILMA kripto-aktivlar mayningi uchun ruxsatnoma berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni qabul qilgan edi.

O‘zbekistonda ilk bor mayning faoliyati uchun rasmiy ruxsatnoma berildi

O‘zbekistonda ilk bor kripto-aktivlar mayningi uchun ruxsatnoma berildi. Bu Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) tomonidan yuritiladigan mayning faoliyatini amalga oshirish bo‘yicha ruxsatnomalar elektron reyestridagi ma’lumotlardan ma’lum bo‘ldi, deya yozmoqda Spot.

Qayd etilishicha, 19-yanvar kuni ILMA direktorining buyrug‘i bilan «NexaGrid» xususiy kompaniyasi O‘zbekistonda mayning bo‘yicha birinchi ruxsatnomani qo‘lga kiritgan. Mayning amalga oshiriladigan manzil sifatida Buxoro viloyatining Romitan tumani ko‘rsatilgan.

Korxona va tashkilotlarning yagona davlat reyestri ma’lumotlariga ko‘ra, «NexaGrid» 2025 yilning aprel oyida ro‘yxatdan o‘tgan. Toshkent shahrida joylashgan, ustav fondi 600 mln so‘m bo‘lgan ushbu kompaniya «komputer uskunalarini boshqarish faoliyat»" bilan shug‘ullanadi. Ta’sischilar Sultonov Toymurod Tavakkalovich (63 foiz) (u shuningdek rahbar sifatida qayd etilgan) va Ro‘zimurodov Mahmudjon G‘afurovich (37 foiz) hisoblanadi.

Toymurod Sultonov LinkedIn ijtimoiy tarmog‘ida «NexaGrid» ruxsatnomani «qonuniy va shaffof» olganini ta’kidladi.

«Bu faqat bitkoin haqida emas. Bu sengacha hech kim bo‘lmagan joyga borishga jur’at qilish haqida. Oylab davom etgan noaniqlik haqida. «Bu senga nimaga kerak?» degan savol haqida. Hech kim ishonmagan paytdagi tavakkal, bosim va sukunat haqida. «NexaGrid» haypdan emas — u kelajak infratuzilmasini shu yerda, Markaziy Osiyoda qurish g‘oyasidan tug‘ildi. Odatda «hali erta» deyiladigan joyda», - deb yozdi u.

«Spot»ning yozishicha, «LinkedIn» profilidagi ma’lumotlarga ko‘ra, 2017 yildan 2024 yilgacha Toymurod Sultonov davlat xizmatida ishlagan. 2024 yil bahoridan 2025 yil yozigacha u «Global Textile» kompaniyasida marketing tahlilchisi lavozimida faoliyat yuritgan. O‘tgan yilning aprel oyidan beri «NexaGrid» bosh ijrochi direktori (CEO), shuningdek, Central Asian University ma’ruzachisi hisoblanadi.

Mayning

«Spot»ning eslatishicha, 2023 yil kuzida ILMA kripto-aktivlar mayningi uchun ruxsatnoma berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni qabul qilgan. Mayning bilan faqat yuridik shaxslar ruxsatnoma olgandan keyin va ro‘yxatdan o‘tish paytida ko‘rsatilgan manzil bo‘yicha shug‘ullanishi mumkin. Mayning uskunalari uchun alohida xona mavjudligi, yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya qilinishi va texnikaning sozligi ta’minlanishi majburiy shart hisoblanadi.

Mayning jarayonida maynerga tegishli bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasidan foydalanilishi shart. Umumiy elektr tarmog‘iga ulangan taqdirda alohida hisoblagich o‘rnatilishi talab etiladi.

Yashirin mayning yoki anonim kripto-aktivlarni qazib olishga yo‘l qo‘yilmaydi. Mayner ILMAga o‘z faoliyati haqida ma’lumot, shuningdek, operatsiyalar bo‘yicha hisobot taqdim etishi shart.

Ro‘yxatdan o‘tish uchun agentlikka kompaniya haqidagi asosiy ma’lumotlar, arizaning maqsadi ko‘rsatilgan ariza va quyidagilar ilova qilinishi kerak:

• obyektga o‘rnatilgan FES va uning ishlab chiqarish hajmi haqida ma’lumot yoki elektr energiyasi yetkazib berish bo‘yicha shartnoma;

• mayning uskunalari va ularning energiya iste’moli haqidagi hujjatlar;

• qazib olinishi rejalashtirilgan kripto-aktivlar ro‘yxati va kripto-hamyonlar manzillari.

15 kun ichida ILMA ekspert komissiyasi ariza bo‘yicha xulosa tayyorlashi lozim, shu asosda agentlik besh kun ichida ruxsatnoma berish yoki rad etish haqida qaror qabul qiladi. Ruxsatnomaning o‘zi bir kun ichida QR-kodli elektron ma’lumotnoma shaklida rasmiylashtiriladi.

«Spot»ning yozishicha, arizani ko‘rib chiqish va ruxsatnomani rasmiylashtirish uchun yig‘im undirilmaydi. Hujjatning amal qilish muddati 5 yilni tashkil etadi.

Rad etish uchun faqat quyidagilar asos bo‘lishi mumkin:

• ariza topshirishda to‘liq bo‘lmagan ma’lumotlar taqdim etilishi;

• ruxsat berish talablari va shartlariga nomuvofiqlik (kamchiliklarni bartaraf etish uchun arizachiga 30 kungacha vaqt beriladi);

• hujjatlardagi noto‘g‘ri yoki buzib ko‘rsatilgan ma’lumotlar;

• kompaniya rahbariyati va/yoki ta’sischilarining iqtisodiy jinoyatlar (jumladan, pul yuvish), korrupsiya yoki uyushgan jinoyatchilikda ishtiroki haqidagi ma’lumotlar.

Agar mayner ruxsat berish talablarini buzsa va belgilangan muddatda ularni bartaraf etmasa, ruxsatnomaning amal qilishi to‘xtatilishi mumkin. To‘xtatib turish muddati 10 kungacha (sud orqali esa 6 oygacha) bo‘lishi mumkin.

Agar kamchiliklar ruxsatnoma to‘xtatilgandan keyin ham bartaraf etilmasa, ILMA hujjatni bekor qilish talabi bilan sudga murojaat qilishi mumkin. Agentlik talablarining tizimli yoki qo‘pol ravishda buzilishi ham bunga asos bo‘la oladi.

Теглар

Мавзуга оид