Logo

O‘zbekistonda islomiy banklar qachon ish boshlaydi? | Muomalat time

Бугун 17:413 дақиқа

O‘zbekistonda 17 ta tijorat banki islomiy bank faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya olishga ariza topshirgan. Mutaxassisga ko‘ra, tizimni to‘laqonli ishga tushirish uchun faqat bitta bankning litsenziya olishi yetarli emas.

O‘zbekistonda islomiy banklar qachon ish boshlaydi? | Muomalat time © Ijtimoiy tarmoqlar

O‘zbekistonda islom moliyasi bozorini shakllantirish bo‘yicha ishlar jadallashmoqda. «Al-Muomalat Consulting» tashkiloti edvayzer rahbari Hayotjon Azimovning aytishicha, ayni paytda 17 ta tijorat banki, jumladan davlat banklari ham islomiy bank faoliyatini amalga oshirishga ruxsat beruvchi litsenziya uchun ariza topshirgan.

Mutaxassis buni bozorda islomiy moliyaviy xizmatlarga talab yuqoriligini ko‘rsatuvchi muhim indikator sifatida baholadi. Uning ta’kidlashicha, bankning litsenziya olish uchun ariza topshirishidan oldin bir qator tayyorgarlik jarayonlari amalga oshiriladi.

Bitta islomiy bank yetarlimi?

O‘zbekistonda 2030 yilgacha mo‘ljallangan strategiyada kamida bitta bankka islomiy bank faoliyati uchun litsenziya berish ko‘zda tutilgan.

Biroq Hayotjon Azimovning fikricha, islomiy moliya tizimini faqat bitta bank bilan shakllantirish qiyin. Chunki bu yo‘nalish alohida bankdan ko‘ra kengroq moliyaviy ekotizimni talab qiladi.

Mutaxassisga ko‘ra, bir nechta bank va moliyaviy institutlarning ishtirok etishi likvidlikni boshqarish, bozor va monetar operatsiyalarni tashkil etish nuqtai nazaridan muhim. Shu sababli keyingi bosqichlarda boshqa banklarga ham litsenziya berilishi tizimning samarali ishlashi uchun zarur bo‘lishi mumkin.

Islomiy bank O‘zbekistonga qanday kirib keladi?

Islomiy bank deganda faqat xorijiy davlatdan keladigan yangi bankni tushunish kerak emas.
Mavjud tijorat banklari ham o‘z tarkibida islomiy bank «darchasi» ochishi, alohida tuzilma tashkil qilishi yoki kelgusida islomiy bank faoliyatini yo‘lga qo‘yishi mumkin.

Bundan tashqari, xorijiy investorlarning, xususan Malayziya hamda Fors ko‘rfazi mamlakatlaridagi yirik banklarning O‘zbekiston bozoriga kirish bo‘yicha qiziqishi ham mavjud.

Ular yangi bank tashkil etish, filial ochish yoki mavjud banklarni xususiylashtirish jarayonlari orqali bozorga kirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda.

Islomiy va an’anaviy mablag‘lar aralashib ketmaydimi?

Islomiy bank xizmatlariga qiziqayotgan fuqarolar uchun eng muhim savollardan biri — islomiy moliya mablag‘lari an’anaviy bank operatsiyalaridan qanday ajratilishi.
Hayotjon Azimovning so‘zlariga ko‘ra, mablag‘ va hisoblarni ajratish talabi tegishli qonunchilik hamda Markaziy bank nizomlarida belgilangan.

Bu faqat alohida filial yoki «islomiy darcha» darajasida emas, balki bankning ichki hisob-kitoblari, to‘lov tizimlari va boshqa operatsion jarayonlarigacha qamrab olinishi kerak.

Uning ta’kidlashicha, hisoblarni to‘liq ajratish islomiy moliya tamoyillariga muvofiqlikni ta’minlash hamda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish uchun muhim. Ayni paytda bu borada Markaziy bank darajasida texnik ishlar va uchrashuvlar olib borilmoqda.

Soxta «islomiy banklar»dan qanday himoyalanish mumkin?

Islomiy moliyaga bo‘lgan talabning oshishi bilan birga, undan foydalanib fuqarolarning mablag‘larini noqonuniy jalb qilish xavfi ham mavjud.

Suhbatda yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda o‘zini islomiy bank sifatida ko‘rsatgan «Business Life» nomli tuzilma bilan bog‘liq holat ham tilga olindi.

Mutaxassis fuqarolarga bunday tashkilotlarga mablag‘ topshirishdan oldin uning huquqiy maqomini tekshirishni tavsiya qildi. Uning ta’kidlashicha, litsenziyaga ega bank yoki yangi bank faoliyati haqidagi tegishli ma’lumotlar Markaziy bank tomonidan ham e’lon qilinadi.

Shu sababli fuqarolar ijtimoiy tarmoqlardagi reklama yoki va’dalarga emas, avvalo Markaziy bankning rasmiy ma’lumotlariga tayanishi kerak.

Islomiy omonatlar ham kafolatlanadimi?

Suhbatda islomiy moliya tizimining yana bir muhim jihati — omonatlarni kafolatlash masalasi ham muhokama qilindi. Hayotjon Azimovning ma’lum qilishicha, islomiy banklarda jalb qilinadigan omonatlarni kafolatlash mexanizmini yaratish bo‘yicha ham ishlar olib borilmoqda. Buning uchun islomiy omonatlarni kafolatlash jamg‘armasini tashkil etish jarayoni ko‘rib chiqilmoqda. Bu esa islomiy moliya tizimida hisoblarni ajratish faqat banklarning o‘zida emas, balki moliyaviy tizimning boshqa bo‘g‘inlarida ham ta’minlanishi kerakligini anglatadi.

Tizim qachon to‘liq ishlaydi?


Hozircha suhbatda O‘zbekistonda islomiy bankning aniq qaysi sanadan boshlab faoliyat boshlashi haqida ma’lumot berilmagan. Biroq mutaxassisning ta’kidlashicha, huquqiy baza yaratilgan, tijorat banklari litsenziya olish uchun ariza bermoqda, hisoblarni ajratish, IT tizimlarini moslashtirish va omonatlarni kafolatlash mexanizmlarini ishlab chiqish bo‘yicha ishlar davom etmoqda.

Shunday qilib, O‘zbekistonda islomiy bank tizimini yaratish jarayoni alohida bank ochish bilan cheklanmay, butun moliyaviy ekotizimni shakllantirishni nazarda tutmoqda.

Теглар

Мавзуга оид