O‘zbekistonda urush qatnashchilariga 30 mln so‘mdan mukofot puli beriladi

Кеча 21:351 дақиқа

Shuningdek, Mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan Vatan fidoyilarining oila a’zolariga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatiladi.

O‘zbekistonda urush qatnashchilariga 30 mln so‘mdan mukofot puli beriladi © Foto: Prezident matbuot xizmati

9-may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlarining har biriga 30 million so‘m miqdorida bir martalik pul mukofoti beriladi. Bugun, 16-aprel kuni Prezident, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev tegishli hujjatlarni imzoladi.

Shuningdek, bu kunda urush qatnashchilari, front orti mehnat faxriylari, keksalar va ustozlarga hurmat-ehtirom ko‘rsatish, yolg‘iz va kam ta’minlangan faxriylarning turar joylarini obodonlashtirish, turli xotira va qadrlash tadbirlarini tashkil etish rejalashtirilgan. Mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan Vatan fidoyilarining xotirasi ham ulug‘lanadi. Ularning oila a’zolariga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatiladi.

Vatan tinchligi, xalq osoyishtaligi yo‘lida jon fido qilgan harbiy xizmatchilarning mardligi va jasoratini targ‘ib qilishga qaratilgan ma’naviy-vatanparvarlik tadbirlari o‘tkaziladi. Mamlakat bo‘ylab «Burch, jasorat, matonat!» shiori ostida madaniy-ma’rifiy tadbirlar, uch avlod uchrashuvlari, ijodiy kechalar, tanlovlar va ommaviy sport musobaqalari tashkil etiladi.

«Har yili mamlakatimizda 9-may – Xotira va qadrlash kuni umumxalq bayrami sifatida nishonlanishi yurtimizda tinchlikni asrash, mustaqillikni mustahkamlash, Vatan ozodligi yo‘lida qurbon bo‘lganlar xotirasini yod etish, bugun oramizda sog‘-omon yashayotgan urush va mehnat faxriylariga g‘amxo‘rlik ko‘rsatishning yorqin amaliy ifodasidir», -deya ta’kidlandi yig‘ilishda.

Теглар

Мавзуга оид