Logo

O‘zbekistonda valuta xatarlarini boshqarish kompaniyasi tashkil etiladi

Бугун 15:082 дақиқа

Yangi tuzilma kompaniyalarni valuta kursi va foiz stavkalari o‘zgarishidan kelib chiqadigan moliyaviy xatarlardan himoya qilishga ko‘maklashadi.

O‘zbekistonda valuta xatarlarini boshqarish kompaniyasi tashkil etiladi © Ijtimoiy tarmoqlar

O‘zbekistonda valuta kursi va foiz stavkalari o‘zgarishidan kelib chiqadigan moliyaviy xatarlarni boshqarishga ixtisoslashgan kompaniya tashkil etilishi mumkin. Markaziy bank O‘zbekistonda valuta va foiz xatarlarini boshqarish kompaniyasini tashkil etishni nazarda tutuvchi prezident qarori loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi.

Loyiha valuta va foiz xatarlarini kamaytirish, shuningdek, O‘zbekistonda hosila moliyaviy vositalar — derivativlar bozorini rivojlantirishni nazarda tutadi. Derivativ qiymati valuta kursi, foiz stavkasi yoki boshqa aktiv narxiga bog‘liq bo‘lgan moliyaviy shartnoma hisoblanadi.

Hujjatga ko‘ra, yangi tuzilma Valuta va foiz xatarlarini boshqarish kompaniyasi aksiyadorlik jamiyati shaklida tashkil etiladi. Markaziy bank esa uning faoliyatini tartibga soluvchi va nazorat qiluvchi vakolatli davlat organi bo‘ladi.

Kompaniya Iqtisodiyot va moliya vazirligi, banklar, xalqaro moliya institutlari va korxonalar bilan derivativlar bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri bitimlar tuzishi mumkin. Shuningdek, ichki valuta va pul bozorida kotirovkalar berib, bozor likvidligini ta’minlashi taklif qilinmoqda.

Kapital 500 mlrd so‘m bo‘ladi

Loyihaga ko‘ra, Valuta va foiz xatarlarini boshqarish kompaniyasining eng kam ustav kapitali 500 mlrd so‘m etib belgilanadi.

Shu bilan birga, Markaziy bank yangi kompaniyaning ustav kapitalini shakllantirish maqsadida «Milliy kliring markazi» AJ ustav kapitaliga 170 mlrd so‘m yo‘naltirishi ko‘zda tutilgan.

Kompaniyani davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va Toshkent shahrida joylashtirish 2027-yil 1-martgacha rejalashtirilgan. Uning kuzatuv kengashida mustaqil a’zolar ko‘pchilikni tashkil etishi, kengash raisi ham ular orasidan saylanishi belgilanmoqda.

Tuzilmaga banklararo pul bozorida qatnashish, valuta birjasi va birjadan tashqari bozorlarda chet el valutasini sotib olish va sotish, qimmatli qog‘ozlar chiqarish hamda ichki va xalqaro kapital bozorlaridan mablag‘ jalb qilish huquqi berilishi taklif qilingan.

Xedjirlash bosqichma-bosqich majburiy bo‘ladi

Loyihada davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori bo‘lgan tizimli ahamiyatga ega yirik korxonalar uchun ham yangi talablar belgilanmoqda.

Ularning moliyaviy rejalarini tasdiqlashda valuta va foiz xatarlarini boshqarish strategiyasi mavjud bo‘lishi majburiy talabga aylanishi mumkin. Bu, ayniqsa, xorijiy valutada qarz olgan korxonalar uchun muhim.

Bunday korxonalarning xorijiy valutadagi kreditlarini derivativlar orqali xedjirlash talabi bosqichma-bosqich joriy etilishi taklif qilinmoqda. 2028-yil II chorakdan talab 10 foiz, 2029-yil IV chorakdan 15 foiz va 2031-yil IV chorakdan 25 foiz etib belgilanishi mumkin.

Xedjirlash valuta kursi yoki foiz stavkasining noqulay o‘zgarishi natijasida yuzaga keladigan moliyaviy zararni cheklashga xizmat qiladi. Masalan, dollarda kredit olgan kompaniya so‘m qadrsizlangan taqdirda qarz yuki oshishining oldini olish uchun derivativ bitimdan foydalanishi mumkin.

Теглар

Мавзуга оид