Logo

O‘zbekistonda yiliga 125 million kub metr gazni tejash rejalashtirilmoqda

Кеча 22:002 дақиқа

Mamlakatda yil boshidan buyon 5 ta yangi gaz koni ochildi.

O‘zbekistonda yiliga 125 million kub metr gazni tejash rejalashtirilmoqda

O‘zbekistonda yil boshidan buyon beshta yangi gaz koni ochildi, shuningdek, hududlarda 6000 metrgacha va undan ortiq chuqurliklarga 80 ta quduq burg‘ilandi. Bu haqda 5-oktabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevga neft va gaz tarmog‘ida amalga oshirilayotgan yirik loyihalar yuzasidan berilgan taqdimotda ma’lum qilindi.

Taqdimotda joriy yilda «O‘zbekneftgaz» AJ faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan ikkita qaror ijrosi hamda tabiiy gaz qazib chiqarish ko‘rsatkichlari tahlil qilingan. Ma’lum qilinishicha, yilning to‘rtinchi choragida yana 40 ta quduqni burg‘ilash rejalashtirilgan.

Istiqbolli maydonlarni, xususan, Ustyurtning katta chuqurlikdagi qatlamlarini o‘rganish, yangi konlarni o‘zlashtirish maqsadida xorijiy hamkorlar bilan birgalikda yangi quduqlarni burg‘ilash loyihalari amalga oshirilmoqda.

«O‘zbekneftgaz»ning moliyaviy holati va gaz tejash dasturi

Tadbirda «O‘zbekneftgaz» AJ va uning tasarrufidagi yirik korxonalarning moliyaviy ko‘rsatkichlari ham ko‘rib chiqildi. Joriy yilning to‘qqiz oyi yakunlariga ko‘ra, korxonalarning jamlangan sof foydasi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘sgan. Kredit portfelini maqbullashtirish orqali qarzdorlik kamaytirilib, yuqori foizli kreditlar shartlarini qayta ko‘rib chiqish natijasida foiz xarajatlarini tejashga erishilgan.

Shuningdek, taqdimot doirasida gaz transport tizimining o‘tkazuvchanlik quvvatini oshirish masalalari muhokama qilindi. Bu yo‘nalishda yangi magistral gaz quvurlarini qurish va kompressor stansiyalarini modernizatsiya qilish ko‘zda tutilgan. Mazkur loyihalarning amalga oshirilishi hamda ayrim stansiyalarda zamonaviy elektr dvigatellarini ishga tushirish orqali yiliga 125 million kub metr gaz tejash imkoni yaratiladi.

Davlat rahbari geologiya-qidiruv va burg‘ilash ishlari natijadorligini oshirish hamda tarmoq korxonalari faoliyatida samaradorlikka alohida e’tibor qaratish yuzasidan mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.

Теглар

Мавзуга оид