O‘zbekistonliklarga Isroilni vaqtincha tark etish tavsiya qilindi

02.03.2026 | 10:352 дақиқа

Yaqin Sharqda xavfsizlik vaziyati keskinlashishi ortidan elchixona fuqarolarni ehtiyotkorlikka chaqirdi.

O‘zbekistonliklarga Isroilni vaqtincha tark etish tavsiya qilindi

Isroildagi O‘zbekiston elchixonasi mintaqa xavfsizlik muhiti yomonlashayotgani munosabati bilan fuqarolarga mamlakatni vaqtincha tark etishni tavsiya qildi. Diplomatik vakolatxona rasmiy bayonotida, avvalo, shaxsiy xavfsizlik choralariga qat’iy amal qilish zarurligi ta’kidlangan.

Elchixonaga ko‘ra, fuqarolar Isroil hukumati tomonidan belgilangan barcha xavfsizlik talablariga rioya qilishi, zarurat bo‘lmasa ko‘chaga chiqmasligi va imkoni boricha maxsus jihozlangan xavfsiz hududlarda bo‘lishi kerak. Rasmiylar vaziyat barqarorlashgunga qadar hushyorlikni saqlash muhimligini urg‘ulagan.

Tun-u kun ishlayotgan chegara punkt

«Fuqarolarga vaziyat barqarorlashgunga qadar Isroil hududini vaqtincha tark etish tavsiya etiladi. Isroil-Misr chegarasidagi «Begin» chegara o‘tish punkti tun-u kun ishlamoqda shu bilan birga, O‘zbekiston fuqarolarining Sinay yarimoroliga kirishi uchun viza talab qilinmaydi», deyiladi xabarda.

Chegaradan o‘tish jarayonini tezlashtirish maqsadida boj to‘lovlarini oldindan onlayn tarzda amalga oshirish tavsiya etilgan. Shu bilan birga, boshqa quruqlikdagi o‘tish punktlaridan foydalanish maqbul emasligi bildirilgan, chunki ularning ish vaqti o‘zgarishi mumkin.

Elchixona fuqarolarni O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi hamda xorijdagi diplomatik vakolatxonalarning rasmiy axborot manbalarini muntazam kuzatib borishga chaqirdi. Shuningdek, Isroilning tegishli xizmatlari tarqatayotgan ogohlantirish va ko‘rsatmalarni inobatga olish zarurligi qayd etildi.

Favqulodda holatlarda vatandoshlar 03-672-2466, 03-672-2371, 03-758-5075, 03-758-5076, +972 54 485 1397 telefon raqamlari yoki il.uzembassy@mfa.uz elektron pochtasi orqali murojaat qilishi mumkin.

Avvalroq elchixona Isroil havo hududi yopilganini, kuchli raketa hujumlari bo‘lishi mumkinligini ma’lum qilib, fuqarolardan shaxsiy xavfsizlik choralarini ko‘rishlarini so‘ragan edi.

Теглар

Мавзуга оид