Pensiyadan kredit ushlansa ham, fuqaroga yashash uchun mablag‘ qoldirish majburiy bo‘ladi
Pensiyadan kredit to‘lovlari ushlab qolingandan keyin fuqarolar qo‘lida juda kam mablag‘ qolishi muammosi sabab yangi cheklov joriy etilmoqda.
© uznewsEndi pensiyadan kredit ushlab qolingan taqdirda ham fuqaroning ixtiyorida qoladigan pul miqdori eng kam iste’mol xarajatlaridan kam bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Bu haqda Oliy Majlis axborot xizmati xabar berdi.
So‘nggi vaqtlarda ayrim holatlarda kredit qarzdorligi sabab pensiya to‘lovlarining deyarli to‘liq ushlab qolinishi kuzatilgan. Bu esa keksa fuqarolarning kundalik ehtiyojlarini qondirishda jiddiy qiyinchiliklarga olib kelgan.
Parlamentda pensiyaga oid xizmatlarni ko‘rsatish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ko‘rib chiqildi. Unga ko‘ra, qarzdorlik mavjud bo‘lsa ham, fuqaroning qo‘lida yashash uchun zarur minimal mablag‘ qoldirilishi shart bo‘ladi. Shu tariqa, pensiyani to‘liq kredit hisobiga yechib olish amaliyoti cheklanadi.
Qonun loyihasi parlamentda ko‘rib chiqilib, deputatlar tomonidan qabul qilingan va Senatga yuborilgan.
Ma’lumot uchun:
— mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori — oyiga 1 271 000 so‘m;
— bazaviy hisoblash miqdori — 412 000 so‘m;
— pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori — oyiga 471 000 so‘mni tashkil etadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda ijtimoiy nafaqa va yordam pullari, shu jumladan ijtimoiy kartalarga kelib tushadigan mablag‘lardan kredit qarzdorligini undirish taqiqlanganligi haqida xabar berilgan edi. Bu haqda Markaziy bankning «Bank xizmatlari iste’molchilari bilan munosabatlarni amalga oshirishda tijorat banklari faoliyatiga qo‘yiladigan minimal talablar to‘g‘risidagi nizomga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida»gi qarorida keltirib o‘tilgan.





