Poytaxtdagi toshqinga qarshi qanday choralar ko‘rilishi ma’lum qilindi

Toshkentda 10-may kuni yoqqan kuchli yomg‘ir oqibatida 8 ta tumanda suv to‘planishi kuzatildi. Ikki soatdan kam vaqt ichida yoqqan 35 mm yog‘in oylik me’yorning yarmidan ortig‘ini tashkil qilgan.

Poytaxtdagi toshqinga qarshi qanday choralar ko‘rilishi ma’lum qilindi

10-may kuni kechqurun Toshkentda kuzatilgan kuchli va davomli yog‘ingarchilik poytaxtning bir qator hududlarida jiddiy suv toshqinlariga sabab bo‘ldi. Ayrim tumanlarda ikki soatdan kam vaqt ichida 35 mm gacha yog‘in yog‘gan bo‘lib, bu may oyidagi o‘rtacha oylik me’yorning yarmidan ortig‘ini tashkil qildi.

Poytaxtning ko‘plab ko‘chalari, chorrahalari, tunnellari va yerosti o‘tish yo‘llarini suv bosdi. Shuningdek, ayrim turar-joy binolari va ofislarning hovli hamda yerto‘lalariga ham suv kirgan.

Hokimlik ma’lumotiga ko‘ra, mavjud yomg‘ir suvlarini chiqarish tizimi sutkasiga 20 mm gacha bo‘lgan yog‘inni qabul qilishga mo‘ljallangan.

Kuchli yog‘in paytida Mirzo Ulug‘bek, Yashnobod, Shayxontohur, Mirobod, Yakkasaroy, Olmazor, Chilonzor va Yunusobod tumanlarida jami 23 ta manzil bo‘yicha murojaatlar kelib tushgan. Hokimlik ayrim hududlarda suv hajmi mavjud irrigatsiya tarmoqlari va quvurlar quvvatidan oshib ketganini bildirdi.

Shuningdek, chiqindilar bilan tiqilib qolgan suv oqizish tizimlari, o‘zboshimchalik bilan qurilgan inshootlar hamda avtoturargoh va boshqa ehtiyojlar uchun yopib qo‘yilgan ariqlar vaziyatni og‘irlashtirgani qayd etildi.

Oqibatlarni bartaraf etish ishlariga Favqulodda vaziyatlar vazirligi, kommunal xizmatlar va boshqa tashkilotlar jalb qilingan. Joylarda 60 dan ortiq maxsus texnika ishlagan va suv to‘planishi bir soat ichida bartaraf etilgan.

Hokimlikka ko‘ra, kelgusida 5 ta manzilda yangi irrigatsiya tizimlari quriladi. Shuningdek:


— bitta hududni loyihachilar bilan birgalikda qayta o‘rganib chiqish;

— qo‘shimcha 3 ta dyuker o‘rnatish;

— bitta obyektda diametri 800 mm bo‘lgan, boshqa bir qator hududlarda esa diametri 500 mm bo‘lgan quvurlarni o‘rnatish;

— qo‘shimcha nasos agregatlarini o‘rnatish va suv chiqarish quvvatini oshirish;

— 6 ta qo‘shimcha suv qabul qilish panjarasini montaj qilish;

— tizimning ayrim qismlari o‘tkazuvchanlik quvvatini kuchaytirish ishlari amalga oshiriladi.

Shahardagi suv chiqarish tizimi quvvatini bosqichma-bosqich sutkasiga 36 mm gacha oshirish rejalashtirilmoqda. Asosiy maqsad — yomg‘ir suvlarini chiqarish tizimini modernizatsiya qilish va lokal suv toshishi xavfini kamaytirish.

Eslatib o‘tamiz, 3-may kuni ham Toshkent shahrida kuchli yomg‘ir yog‘ib, markaziy ko‘chalar hamda Chorsu metro bekatini suv bosgandi.

Теглар

Мавзуга оид

Poytaxtdagi toshqinga qarshi qanday choralar ko‘rilishi ma’lum qilindi | Vaqt.uz