Prezident Tanzila Norboyevani «El-yurt hurmati» ordeni bilan mukofotladi
Davlat rahbarining farmonida uning davlat va jamiyat boshqaruvi sohasidagi ko‘p yillik mehnati, parlament faoliyatini rivojlantirish va boshqa sohalardagi xizmatlari qayd etilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Kamalovna Norboyeva «El-yurt hurmati» ordeni bilan mukofotlandi. Bugun, 24-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tegishli farmoniga imzo chekdi.
«Davlat va jamiyat boshqaruvi sohasidagi ko‘p yillik samarali mehnati, Yangi O‘zbekistonda parlament faoliyatini rivojlantirish, demokratik islohotlarni izchil amalga oshirish borasidagi alohida xizmatlari, jonkuyar tashkilotchi va tashabbuskor rahbar sifatidagi boy bilim va tajribasi, vatanparvarlik fazilatlari bilan milliy davlatchiligimizning huquqiy asoslarini mustahkamlash, yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, ayollarning o‘rni va nufuzini yuksaltirishga qaratilgan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlashga katta hissa qo‘shib, xalqimiz o‘rtasida munosib obro‘-e’tibor qozonib kelayotgani, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash yo‘lidagi ibratli faoliyati, ijtimoiy-siyosiy hayotdagi faol ishtiroki, shuningdek, tavalludining 70 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Narbayeva Tanzila Kamalovna «El-yurt hurmati» ordeni bilan mukofotlansin», - deyiladi farmon matnida.
Tanzila Norboyevaning tarjimai holi
Tanzila Kamalovna Norboyeva 1956 yil 24-iyulda Andijon viloyatining Shahrixon tumanida tug‘ilgan. 1981 yilda Toshkent davlat universitetini (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) tamomlagan. Sotsiologiya fanlari doktori, pedagogika fanlari nomzodi hamda professor ilmiy daraja va unvonlariga ega.
Mehnat faoliyatini 1974 yilda Shahrixon tumanidagi maktabda yoshlar masalalari bo‘yicha yetakchi mutaxassis sifatida boshlagan. 1975–1995 yillar davomida Toshkent shahrining Olmazor tumanidagi maktablarda o‘qituvchi, direktor o‘rinbosari hamda O‘quvchilar saroyi direktori bo‘lib ishlagan. Shuningdek, Xalq demokratik partiyasi tizimida mas’ul vazifalarni bajargan. 1995 yildan 2010 yilgacha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida turli mas’ul lavozimlarda faoliyat yuritgan.
Asosiy rahbarlik lavozimlari
2010–2016 yillar: O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi raisi.
2016–2019 yillar: O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari — Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi.
2019 yildan buyon: Oliy Majlis Senati raisi. U O‘zbekiston tarixida ushbu yuqori davlat postini egallagan birinchi ayoldir. Mazkur lavozimga u 2020 va 2024 yillarda (so‘nggi bor 2024 yil 19-noyabrda yashirin ovoz berish yo‘li bilan) qayta saylangan.
Tanzila Norboyeva qator muhim tuzilmalar, jumladan, Gender tenglik masalalari bo‘yicha komissiya, Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi hamda Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasiga raislik qiladi. Bundan tashqari, u 2011 yildan beri O‘zbekiston Velosiped sporti federatsiyasi raisi hisoblanadi.
Faoliyati davomida u O‘zbekistonning «Shuhrat» medali (2000 yil), «Mehnat shuhrati» (2010 yil) hamda «Fidokorona xizmatlari uchun» (2016 yil) ordenlari bilan taqdirlangan. Shuningdek, uning xizmatlari xalqaro darajada ham e’tirof etilib, Qozog‘istonning II darajali «Do‘stlik» (2025 yil) hamda Rossiyaning «Do‘stlik» (2022 yil) va «Hurmat» (2026 yil 20-iyul) ordenlari bilan mukofotlangan.





