Prezident: Vazirlik va agentliklar, qo‘mita va inspeksiyalar faoliyatini xolis baholash doimiy e’tiborimizda bo‘ladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev «Sifatli davlat boshqaruvi» forumida davlat idoralari faoliyati endi «jarayon uchun» emas, «natija uchun» ishlash tamoyili asosida baholanishini ma’lum qildi.

Prezident: Vazirlik va agentliklar, qo‘mita va inspeksiyalar faoliyatini xolis baholash doimiy e’tiborimizda bo‘ladi © Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 22-may kuni  «Sifatli davlat boshqaruvi» dasturi bo‘yicha forum va taqdirlash marosimidagi nutqida samarali boshqaruv qanchalik muhim ekaniga e’tibor qaratdi.

«Vazirlik va agentliklar, qo‘mita va inspeksiyalar faoliyatini xolis baholash, ularning aholi oldidagi mas’uliyatini yanada oshirish endi doimiy e’tiborimizda bo‘ladi. Bundan buyon «jarayon uchun» emas, «natija uchun» ishlash tamoyili idoralar faoliyatida asosiy mezonga aylanadi», – dedi davlat rahbari.

«Sifatli davlat boshqaruvi» dasturi

Shu nuqtai nazardan, «Sifatli davlat boshqaruvi» dasturi mutlaqo yangi boshqaruv madaniyati va dunyoqarashni shakllantirishga qaratilgan islohotdir. Ushbu dastur davlat idoralari faoliyatini xolis baholash, ularning kuchli va zaif tomonlarini aniqlash, eng ilg‘or tajribalarni keng ommalashtirish hamda sog‘lom raqobat muhitini qo‘llab-quvvatlashni ko‘zlaydi.

Joriy yil yanvar-aprel oylarida dastur doirasida davlat idoralari faoliyati, boshqaruv sifati va rahbar kadrlarning yetakchilik qobiliyati xalqaro ekspertlar hamda mahalliy mutaxassislar tomonidan baholandi. Tanlovda 40 ta respublika idorasi va ularning xodimlari ishtirok etdi.
O‘tgan yil noyabr oyida «Byurokratiyani bartaraf etish» hamda sun’iy intellekt bo‘yicha nufuzli xalqaro forumlar birgalikda yuqori saviyada o‘tkazildi.


Shuningdek, davlat boshqaruvida ilg‘or tajriba almashish yuzasidan hamkorlik kelishuvi imzolandi. «Sifatli davlat boshqaruvi» dasturi ana shu sheriklikning yorqin amaliy natijasidir. Prezident ushbu dasturni muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘yishda ko‘rsatgan ko‘magi uchun Amirliklar rahbariyati va shaxsan Hukumat ishlari bo‘yicha vaziri Muhammad al-Gargaviyga samimiy minnatdorlik bildirdi.

«Samarali boshqaruvni yo‘lga qo‘yish, sohaga zamonaviy modellarni joriy qilish, Birlashgan Arab Amirliklari erishgan yutuq va ilg‘or tajribani tatbiq etish biz uchun foydali bo‘lmoqda.
Shuni mamnuniyat bilan ta’kidlash kerakki, so‘nggi yillarda ushbu mamlakat bilan davlat boshqaruvi sohasidagi hamkorlik mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarildi», – dedi prezident.

«Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi lozim»

«Yaxshi xabardorsiz, mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar markazida inson qadrini ulug‘lash, aholi va tadbirkorlar uchun munosib sharoitlar yaratish asosiy o‘rin egallaydi. So‘nggi 10 yilda «Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi lozim» degan olijanob falsafani davlat siyosati darajasiga ko‘tardik.

Boshqaruv sohasida aholi uchun samarali tizim yaratmasdan turib, hech bir yo‘nalishda kutilgan natijaga erishib bo‘lmaydi. Chunki har bir fuqaro o‘z kundalik hayotida his qilayotgan ijobiy o‘zgarishlar orqali davlat faoliyatiga baho beradi.

Boshqaruv idoralari odamlar muammosini, ularni qiynayotgan o‘tkir masalalarni o‘z vaqtida va adolatli hal etsa, aholining davlatga nisbatan ishonchi keskin ortadi. Ortiqcha qog‘ozbozlik va byurokratiya esa islohotlar samarasini pasaytirib, xalqning umidini so‘ndiradi. Shuni inobatga olib, davlat boshqaruvida yangicha va ilg‘or yondashuvlarni joriy etishga alohida e’tibor qaratmoqdamiz», – dedi davlat rahbari.

Теглар

Мавзуга оид

Prezident: Vazirlik va agentliklar, qo‘mita va inspeksiyalar faoliyatini xolis baholash doimiy e’tiborimizda bo‘ladi | Vaqt.uz