Logo

Qamchibek Tashiyev davlat to‘ntarishiga urinishda aybdor deb topildi, biroq qamoqdan qutilib qoldi

Кеча 23:024 дақиқа

Bugun Qirg‘iziston prezidentining sobiq eng yaqin safdoshi, mamlakat maxsus xizmatlarini boshqargan Qamchibek Tashiyev va boshqa sobiq yuqori martabali mulozimlarga sud hukmi o‘qildi.

Qamchibek Tashiyev davlat to‘ntarishiga urinishda aybdor deb topildi, biroq qamoqdan qutilib qoldi

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) sobiq raisi Qamchibek Tashiyev, parlamentning sobiq spikeri Nurlanbek Turgunbek o‘g‘li va sobiq deputat Qurmanqul Zulushev hokimiyatni kuch bilan egallab olish ishi bo‘yicha probatsiya qo‘llanilgan holda to‘rt yilga ozodlikdan mahrum etildi. Ular sud zalidan ozod qilindi. Barcha sudlanuvchilar o‘z ayblarini rad etgan.

2-iyulga o‘tar kechasi Bishkekning Birinchi may tuman sudi Qirg‘izistonda katta shov-shuvga sabab bo‘lgan hokimiyatni kuch bilan egallab olishga tayyorgarlik ko‘rish ishi bo‘yicha hukmni e’lon qildi.

Maxsus xizmatlarning sobiq rahbari va mamlakat prezidentining do‘sti Qamchibek Tashiyev, Jo‘qorg‘i Kenges (parlament) sobiq spikeri Nurlanbek Turgunbek o‘g‘li va sobiq deputat Qurmanqul Zulushev aybdor deb topildi.

Sud uch siyosatchi va ishning boshqa besh nafar figurantini uch yillik probatsiya (sinov muddati) qo‘llanilgan holda to‘rt yilga ozodlikdan mahrum qilish haqida hukm chiqardi. Agar ushbu uch yil ichida mahkumlar qonunni yoki probatsiya shartlarini buzsa, ularni haqiqiy qamoq jazosi kutadi.

Shuningdek, sud barcha sakkiz ayblanuvchining mol-mulkini musodara qilish to‘g‘risida qaror chiqardi. Ayni paytda, sudya Aziret Mederov ishning barcha figurantlarini mansab vakolatini suiiste’mol qilish ayblovi bo‘yicha oqladi.

Hukm o‘qib eshittirilgandan so‘ng, barcha sudlanuvchilar sud zalidayoq hibsdan ozod qilindi.

Bir kun oldin, 1-iyul kuni prokuror barcha ayblanuvchilarga to‘qqiz yillik qamoq jazosi so‘ragan edi. Davlat ayblovchisi ishning maxfiyligini ro‘kach qilib, izoh berishdan bosh tortdi.

Tashiyevning advokati Ikramidin Aytkulov Bi-bi-siga bergan intervyusida, u va uning himoyasidagi shaxs qo‘yilgan ayblovlarga rozi emasligini ma’lum qildi. Huquqshunosning so‘zlariga ko‘ra, prokuror «ayblanuvchilarning aybini isbotlovchi hech qanday dalil» keltirmagan.

Parlamentning sobiq spikeri Nurlanbek Turgunbek o‘g‘li jurnalistlarga ishni sharhlar ekan, hokimiyatni egallab olishga urinish haqidagi ayblovlarni absurd deb atadi.

«O‘zingiz ham tushunib turibsiz: men hokimiyatda bo‘la turib, qanday qilib hokimiyatni o‘zim bosib olishim mumkin? Qanday qilib uni o‘zimdan tortib olishim mumkin? Agar siz aytganingizdek, men davlatda ikkinchi odam bo‘lgan bo‘lsam, bunday ayblovlar shunchaki mantiqsiz ko‘rinadi», — ta’kidladi siyosatchi.

Tashiyev ishi

57 yoshli Qamchibek Tashiyev 15 yildan ortiq vaqt davomida Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning eng yaqin safdoshi bo‘lib kelgan. 2020 yil oktabr oyida u MXDQga rahbarlik qildi, keyinroq esa mamlakat bosh vaziri o‘rinbosari etib ham tayinlangan edi.

Joriy yilning fevral oyida, mamlakat parlamentiga 75 kishining navbatdan tashqari prezidentlik saylovlarini o‘tkazish to‘g‘risidagi murojaati kelib tushganidan so‘ng, prezidentning do‘sti barcha davlat lavozimlaridan mahrum bo‘ldi. Murojaatni imzolaganlar orasida siyosatchilar, jamoat arboblari va sobiq amaldorlar bor edi – ularning ayrimlariga qarshi hokimiyatni kuch bilan egallab olish ishi qo‘zg‘atildi.

Maxfiylashtirilgan ish

Tashiyev 30-aprel kuni hokimiyatni kuch bilan egallab olish ishi bo‘yicha figurantga aylandi. Siyosatchiga mansab vakolatini suiiste’mol qilish ayblovi ham ilgari surildi. Ish maxfiylashtirildi va sud muhokamalari may oyining o‘rtalarida boshlandi. Shu tariqa, ish sud tomonidan bir yarim oy ichida ko‘rib chiqildi.

Tashiyevning advokati Ikramidin Aytkulov himoyasidagi shaxs murojaatnoma – 75 kishining xati mualliflari bilan aloqada bo‘lganlikda ayblanayotganini aytgandi.

Murojaatnomada "yangi prezidentlik saylovlarini zudlik bilan boshlash" taklif qilingan edi. "75 lar xati" amaldagi hokimiyat yutuqlarini – davlatchilikni mustahkamlash, qo‘shni davlatlar bilan chegara masalalarini hal qilish, korrupsiyaga qarshi kurash va boshqalarni sanab o‘tish bilan boshlanadi. Xatning ikkinchi qismida esa "Qirg‘izistonning hozirgi oliy rahbariyati faoliyatining birinchi bosqichi mantiqan yakunlangani" qayd etiladi.

Qirg‘iziston parlamenti spikeri Nurlanbek Turgunbek o‘g‘li bu murojaatni 9-fevral kuni qabul qilib olgan. Ertasi kuni Tashiyev Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari lavozimidan ozod qilindi, shundan so‘ng mamlakatda qator ishdan bo‘shatishlar va hibsga olishlar boshlandi. O‘shanda Turgunbek o‘g‘li ham parlament spikeri lavozimini tark etdi, keyinroq esa deputatlik mandatidan ham mahrum bo‘ldi.

Xalqaro respublikachilar instituti (IRI) so‘rovlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda Tashiyevning reytingi 14 foizdan 22 foizga o‘sgan — ayni paytda prezident Japarovga bo‘lgan ishonch darajasi 35-38 foiz atrofida saqlanib qolgan.

Qirg‘iziston Oliy sudining Konstitutsiyaviy palatasi tushuntirishicha, navbatdagi prezidentlik saylovlari 2027 yil yanvar oyida o‘tkazilishi kerak. O‘sha paytda Japarovning birinchi muddati tugaydi, yangilangan Konstitutsiya esa unga yana bir muddatga o‘z nomzodini qo‘yish imkonini beradi.

Теглар

Мавзуга оид