Qatar qirg‘oqlarida yuk kemasi o‘qqa tutildi

Бугун 18:372 дақиқа

Savdo kemasi Doha yaqinida noma’lum snaryad bilan zarbaga uchradi. Hodisa mintaqaga Eron harbiylari tomonidan AQSH kemalariga hujum qilish haqida qilingan tahdidlardan so‘ng sodir bo‘ldi.

Qatar qirg‘oqlarida yuk kemasi o‘qqa tutildi © Reuters

Bugun, 10-may tongida Britaniya dengiz savdoasi operatsiyalari idorasining (UKMTO) ma’lum qilishicha, yuk kemasi Dohadan shimoli-sharqda, 23 dengiz mili masofada o‘qqa tutilgan. Kema bortida kichik yong‘in chiqqan, ammo u tezda o‘chirilgan. Hodisa oqibatida qurbonlar va ekologik zarar qayd etilmagan.
Insidentdan bir kun oldin Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi mintaqadagi Amerika obyektlari va «dushman kemalari»ga zarba berish bilan tahdid qilgan edi.

Eron davlat OAVlari tarqatgan bayonotda shunday deyilgan:

«Eron neft tankerlari va savdo kemalariga qilingan har qanday hujum mintaqadagi Amerika obyektlaridan biriga hamda dushman kemalariga qattiq javob zarbasini keltirib chiqaradi».


Qatar Ho‘rmuz orqali suyultirilgan gaz eksportini qayta tiklamoqda
Shu bilan birga, Qatar Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali suyultirilgan tabiiy gaz eksport qilishni qayta boshlagani xabar qilindi.


«Bloomberg» ma’lumotiga ko‘ra, urush boshlanganidan beri birinchi marta Qatar suyultirilgan tabiiy gaz tankerini Ho‘rmuz orqali o‘tkazishga muvaffaq bo‘lgan. Kemalar harakatini kuzatuvchi markaz ma’lumotlariga ko‘ra, «Al Kharaitiyat» tankeri Qatardagi Ras Laffan eksport terminalidan chiqib, Ho‘rmuz bo‘g‘ozini tark etgan va Ummon ko‘rfazi orqali Pokiston sari yo‘l olgan.


Ma’lumotlarga ko‘ra, tanker ehtimol Eron sohillari bo‘ylab o‘tuvchi shimoliy marshrutdan foydalangan. Bu yo‘nalish Eron bilan kelishilgan. «Equasis» bazasiga ko‘ra, «Al Kharaitiyat» tankeri «Nakilat» kompaniyasiga tegishli. Hozircha «Nakilat» va «QatarEnergy» vaziyatga izoh bermagan.

Avvalgi AQSH zarbalari

8-may kuni AQSH Markaziy qo‘mondonligi Ummon ko‘rfazidagi ikki Eron yuk kemasiga «yuqori aniqlikdagi o‘q-dorilar» bilan zarba berilganini ma’lum qildi. Bundan oldingi tunda strategik ahamiyatga ega Ho‘rmuz bo‘g‘ozida to‘qnashuvlar yuz bergan edi.

Jahon neft savdosining katta qismi o‘tadigan mazkur bo‘g‘oz fevral oxirida, AQSH and Isroil Eronga qarshi urush boshlaganidan keyin, amalda Eron qurolli kuchlari tomonidan bloklangan. Bu esa jahon energiya narxlarining keskin o‘sishiga olib kelgan.

Aprel oyidan beri mintaqada o‘t ochishni to‘xtatish rejimi amal qilmoqda. Biroq Ho‘rmuz bo‘g‘ozi atrofidagi taranglik kuchayishi sulhni xavf ostida qoldirmoqda.

Теглар

Мавзуга оид

Qatar qirg‘oqlarida yuk kemasi o‘qqa tutildi | Vaqt.uz